Xayirli tong, Guest!
Soat: 11:17
telegram
Hajga borgan rus va koreys momolar haqida eshitganmisiz? Ular Surxondaryoda yashashadi

 18 APREL, 09:10 113

.

Mamlakatimizda yashovchi turli millat vakillarining huquq va erkinliklari to'liq ta'minlangan bo'lib, ular bir oila farzandlaridek, o'zaro do'stlik va ahillikda yashab, jamiyat rivoji va ravnaqiga munosib hissa qo'shib qolmoqdalar. Binobarin, Bosh Qomusimizning 8-moddasida belgilanganidek, O'zbekiston xalqini millatidan qat'iy nazar O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etadi. Hozirda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar konfessiyalararo, madaniyatlararo va tillararo bag'rikenglik tamoyiliga sodiq ekinliklarini amalda namoyon etib kelmoqdalar. Bunday o'lmas qadriyatlar o'zbek xalqining o'ziga xos tarixiy xususiyatidir. Va bu jihat mustaqillik yillarida davlat siyosatida ustuvorlik kasb etib, yurtimizdagi ijtimoiy barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, izchil islohotlar samaradorligini ta'minlashda bosh omil bo'lib xizmat qilmoqda. Quyida viloyatimizda faoliyat olib borayotgan rus hamda koreys madaniy markazi a'zolari, viloyat mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Buvijonlar maktabi faollarining dil so'zlarida ayni shu jihatlar o'z e'tirofini topgan.

Alla Sattorova: — O'zbek xalqida «Qiz bola palahmon toshi» degan, bir ibora bor. Mening umr yo'lim mana shu haqiqatni isbotladi. O'zim Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod shahrida dunyoga kelgan bo'lsam-da, taqdir meni olis-olislarga boshlab keldi. Sobiq Ittifoq davrida  O'zbekistondan harbiy xizmat borgan yigit, ya'ni bo'lajak turmush o'rtog'im bilan taqdirim bog'lanib, Surxondaryo viloyatining Boysun tumaniga kelin bo'lib kelganman. Biz, ikki yoshning to'yimiz 1974 yilda, mening ona shahrimda bo'lib o'tdi. Shunday bo'lsada, turmush o'rtog'imning ota-onasi, yaqinlari baxtli kunlarimizga sherik bo'lish uchun uzoq yo'l bosib, Rossiyaga borishdi. Ular bizga oq fotiha berishdi. Bu kunlarning shukuhi qalbimda bir umrga muhrlanib qolgan. Katta farzandim Muyassar Nijniy Novgorodda tug'ildi. Keyin biz turmush o'rtog'imning tug'ilgan joyi Boysunga ko'chib keldik va muqim yashay boshladik. Qaynota-qaynonam bizga qo'shqanot bo'lishdi. Men esa darrov mahalliy sharoitga moslasha boshladim. Milliy urf-odat va an'analarni o'rganishga kirishdim. O'zbek xalqining mehr-oqibati, mehmondo'stligi, kattaga hurmat, kichikka izzat ko'rsatishi, ahil-inoqligi tufayli men o'zimcha yangi bir olamni kashf etgandek bo'ldim. 1979 yildan boshlab, tumandagi bolalar bog'chasida rus tili to'garagi rahbari sifatida ish boshlaganim hayotimni yanada mazmunan boyitdi. Turmush o'rtog'im oliy ma'lumotli o'qituvchi bo'lgani uchun menga yaqindan ko'mak berardi, bilmaganlarimni o'rgatardi. Va men zimmamdagi vazifalarni a'lo darajada ado etishga kirishdim. Bu orada farzandlarimiz soni 5 nafarga etdi. Biz, ota-onalar ularni oq yuvib, oq tarashga, har birining o'ziga xos qobiliyatini ro'yobga chiqarishga ham astoydil harakat qildik. Mana shunday kunlarning birida turmush o'rtog'imni tog'li Qo'rg'oncha xo'jaligi hududida joylashgan maktab o'qituvchiligiga yuborishdi. Biz esa maslahatlashib, oilamiz bilan tog'li qishloqqa ko'chib boradigan va erda birgalikda mehnat qiladigan bo'ldik. O'n yil mobaynida, albatta, tog'liklar hayoti, u erda yashovchi odamlarning fe'l-atvori, turmush tarzini o'rganib, o'zimiz uchun ko'pdan-ko'p do'stu birodarlar orttirdik. Hozirga qadar ana shu qishloq odamlari bilan do'stlik aloqasini davom ettirib kelmoqdamiz. Taqdir taqozosi bilan keyinchalik oilamiz bilan viloyat markazi — Termiz shahariga ko'chib keldik. Shahar sharoitiga moslash barobarida bu erda meni yangi mujdalar kutib turgandi, go'yo. 2019 yilda yaxshi insonlarning ko'magi bilan Umra haj ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo'ldim. Bu mening hayotimdagi eng quvonchli voqea bo'ldi. Shu o'rinda ta'kidlashim joizki, turmush o'rtog'im bilan nikohimiz ham zamonaviy, ham sha'riy tartibda bo'lib o'tgan. Shundan buyon ham oradan 45 yil vaqt o'tdi. Men esa o'zim e'tiqodi qilgan dinni bir umr qalbimda saqladim, ardoqladim. Bu mening eng katta baxtim. Rosti, o'zim tug'ilgan joy, uning odamlari bilan aloqalarimni uzganim yo'q. 91 yoshni qarshilayotgan otam borlar. Vaqti-vaqti bilan ular holidan xabar olib kelaman. Yoshligim o'tgan shahar ko'chalari, odamlari mening qalbimda yashaydi doim... Hozir nafaqadaman. Viloyatimizda tashkil etilgan Buvijon maktabi a'zosiman. Mahalla va jamoat tashkilotlari, ta'lim muassasalarida bo'lib o'tadigan tadbirlarda qatnashib, yoshlar bilan o'z shaxsiy hayotiy qarashlarimni o'rtoqlashaman. O'smirlarni hayotga tayyorlash, oilalarni mustahkamlash, yigit-qizlarning jamiyat hayotidan joy egallashlari uchun doimo o'zimizni beminnat yordamchi va ko'makchi, deb bilaman.

Alla Mun: — O'zbekistonda turli millat va elat vakillari do'st, birodarlikda umrguzaronlik qilayotgani jamiyatimizning eng katta yutug'i, deb o'ylayman. Chindan ham O'zbekiston — bizning umumiy uyimiz. Shu yurt, shu Vatan taqdiri bizni o'zaro birlashtirib, mudom ezgu maqsadlarga safarbar etib turadi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi shu yurtda yashovchi har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashning bosh kafolati bo'lib xizmat qilmoqda. Mening millatim koreys bo'lsada, kindik qonim shu erda to'kilgan. O'zbekiston bu mening ko'z ochib ko'rgan jonajon Vatanimdir! Aslida, ota-onam 1946 yilda Rossiya davlatidan Toshkentga ko'chib kelishgan. Keyinchalik ular Surxondaryo viloyatining Uzun tumaniga muqim yashab, hayot kechira boshlagan. Bu erda ular dehqonchilik, xususan, piyoz va sholi ekish bilan shug'ullanib, rizqu nasiba topishgan. Men o'zim 1960 yili tug'ilganman. Mahalliy odamlar orasida o'sib, o'zbek tilini o'rgandim, shu erlik aholining urf-odatlari, qadriyatlari ruhida tarbiya topdim. Shuni alohida ta'kidlashim joizki, maktabning boshlang'ich sinfi tahsil olib yurgan vaqtlarimda qalbimda sportga mehr uyg'ongan. Yuqori sinfda o'qib yurgan chog'larim esa bu borada ma'lum tajriba va ko'nikmalarni egallab, viloyat va respublika musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashganman. Shundan buyon aslo sog'lom turmush tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shug'ullanishni kanda qilmayman. Yoshligim tengdoshlarimga nisbatan qiyin kechdi. Otamning 10 yillar mobaynida to'shakda mixlanib qolgani, onam ham muttasil kasalmand bo'lgani uchun ularni parvarishlashni o'z zimmamga olgandim. Bu orada turmush qurib, onalik baxtiga ham musharraf bo'ldim. 2004 yili oila a'zolarimiz bilan Uzun tumanida Termiz shahriga ko'chib keldik. Avvalgi yashab turgan joyimizga nisbatan Termiz havosi sog'lig'imni tiklashimga foydali bo'ldi. «Shodlik» mahallasida yashab, shu erda mehr-e'tibor qozondik, yangidan-yangi do'stu birodarlar topdik. 2016 yilda Umra haj ziyoratiga ham borib keldim. Ko'p yillik orzularim ushaldi. O'zim koreys ayoli bo'lsam-da, islomiy e'tiqod mening hayotim bosh maslagiga aylangan. O'zbekistondagi e'tiqod erkinligi, demokratik tamoyillar mustahkam huquqiy asosga ega va bu jamiyat rivoji uchun juda muhim omil sanaladi. Prezidentimiz olib borayotgan xalqchil siyosat shu yurtda yashovchi turli millat vakillarining baxtli, saodatli hayotini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Mana shunday inson shani ulug'langan yurtda yashayotganimdan benihoyat baxtiyorman!

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!