Xayirli kun, Guest!
Soat: 13:38
telegram
Migratsiya agentligi Rossiyada bo'lib turgan o'zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi

 17 APREL, 16:50 118

.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, O'zbekistonning tegishli idoralari Rossiya hududida noqonuniy bo'lib turgan fuqarolar maqomini qonuniylashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.

2020 yil 18 aprelda Rossiya prezidentining “Yangi koronavirus (COVID-19) infektsiyasi tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning Rossiyada huquqiy maqomini belgilash bo'yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon doirasida Rossiya Ichki ishlar vazirligi hamda O'zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari hamkorligida 2020 yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarning maqomi qonuniylashtirildi.

Bildirilishicha, hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan o'zgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy bo'lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021 yil 15 iyunga qadar o'z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi.

Shunga ko'ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan o'rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo'lgan 300 ming nafardan ortiq O'zbekiston fuqarolarining ro'yxati shakllantirilgani aytiladi.

“Ushbu ro'yxatdagi fuqarolarning O'zbekistondagi manzillari bo'yicha mahallabay o'rganishlar asosida uyma-uy yurib, hamyurtlarimizning oila a'zolariga Rossiya prezidentining yuqoridagi farmoni mazmun-mohiyati to'g'risida tushuntirishlar berib borilmoqda.

Hozirgi kunda ushbu tushuntirish ishlari doirasida 200 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. Bu tadbirlar davom ettirilmoqda.

Shu fursatdan foydalanib, Rossiya hududida noqonuniy ravishda bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolari 2021 yilning 15 iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya hududida bo'lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish choralari qo'llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo'limidan qayta ro'yxatdan o'tish imkoniyati beriladi.

Ushbu masalada yordam berish maqsadida O'zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi ma'lumotda.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!