Xayirli kun, Guest!
Soat: 12:43
telegram
Bugun 1 aprel! Yolg'on gapirishga ulgurmadingizmi?

 1 APREL, 11:10 163

.

Bugun alohida to'xtalib o'tishimiz kerak bo'lgan masala – birinchi aprel kuni mavzusidir. Bu kunda hazil-mutoyiba qilish, kimnidir aldash, qaltis-qaltis hazillar qilish va yolg'onga asoslangan hokazo qiliqlar qilish butun dunyoda urf, odat bo'lib qolgan. Afsuski, bu narsa bizning yurtimizda ham kasallikka aylanib ulgurgan. Shuning uchun bu masalaga dinimizning munosabati haqida qisqacha to'xtalib o'taylik, birodarlar. Shundan keyin bunga amal qilish-qilmaslik o'zimizga, vijdonimizga, e'tiqodimizga havola.  

1 aprelning bunday kunga aylanib qolish tarixi haqida gapirib o'tirmaymiz. Uni kim o'ylab chiqargan, nima sabab bo'lgani bilan ishimiz yo'q. Biz uchun eng muhimi shuki, yolg'onga asoslangan har qanday narsa hech qachon o'zini oqlamaydi. Dinimiz yolg'onga, mazaxga asoslangan narsani qoralaydi. 

Alloh subhanahu va taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: «Yolg'onni Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to'qiydi. Ana o'shalar yolg'onchilardir» (Nahl surasi, 105-oyat).  Alloh taolo ushbu oyatda yolg'onga qaqshatqich zarba bergan. Dinimizda yolg'on hech qaysi joyda oqlanmaydi, yoqlanmaydi. Inson, jamiyat manfaati uchungina bir nechtagina o'rinda, istisno tariqasida yolg'onga ruxsat berilgan, biroq shunda ham me'yorda, haddan oshmagan holda joizdir. Masalan, oila buzilmasligi uchun, er-xotinni yarashtirib qo'yish uchun va hokazo. Bu hammamizga ma'lum. Bundan boshqa biron o'rinda hazillashib ham yolg'on gapirib bo'lmaydi.   Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Uch narsaning jiddiysi ham qabul, hazili ham qabul: nikoh, taloq va qul ozod qilish», deganlar. Demak, hazillashib taloq qo'ysa ham taloq tushadi. Hazillashib nikoh o'qitsa ham nikoh bog'lanib qoladi. Hazillashib qul ozod qilsa ham quli ozod bo'ladi. Bu hukm dinimizning quldorchilikni tugatishga katta ahamiyat bergani tufayli paydo bo'lgani barchamizga ma'lum. Ammo ruxsat berilgan shu uch holatda ham yolg'on gapirishga ehtiyot bo'lish kerak, chunki bu erda hazil ketmaydi, har qanday gap jiddiy deb qabul qilinadi.   Savfon ibn Sulaym roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamdan «Ey Allohning Rasuli! Mo'min odam qo'rqoq bo'lishi mumkinmi?» deb so'rashdi. U zot «Ha», dedilar. «Mo'min odam baxil bo'lishi mumkinmi?» deyishdi. U zot «Ha», dedilar. «Mo'min odam yolg'onchi bo'lishi mumkinmi?» deyishgan edi, «Yo'q!» dedilar.  Imom Molik rivoyat qilgan.  Tabiiyki, bu hadisdan mo'min odam baxil yoki qo'rqoq bo'lishi mumkin ekan, degan xulosa kelib chiqmaydi. Bu hadisi sharif yolg'onchilikning naqadar yomonligini anglatish uchun shu usulda aytilgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo'rqoqlikdan ham, baxillikdan ham panoh so'rab duo qilganlar. Demak, bulardan Alloh panoh bermasa, juda og'ir oqibatlarga duchor qiladi. Ammo bu hadisdan ma'lum bo'lyaptiki, yolg'on qo'rqoqlikdan ham, baxillikdan ham yomon gunoh ekan. Musulmon odam biror sabab bilan qo'rqoq bo'lib qolishi, baxil bo'lib qolishi ham mumkin ekan, lekin yolg'onchi bo'lishi mumkin emas ekan.   Abu Laylo Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Payg'ambarimiz alayhissalom sahobalari bilan bir g'azotga chiqdilar. Yo'lda sahobalar hazillashib, uxlab yotgan bir sherigini qo'rqitish uchun  uning o'qdonini olib, yashirib qo'yishdi. O'qdonning egasi uyg'onib, o'qdonini topa olmay qoldi. U qo'rquvdan sarosimaga tushib, jonholatda o'qdonini qidira boshladi. Jangga borayotgan odam uchun o'qdonini yo'qotish juda katta musibat. Shuning uchun u odamning qo'rqib ketishi tabiiy. Sahobalar birodarining qo'rqib ketgani ustidan kula boshlashdi. Shu payt Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kelib qoldilar. «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli! Mana bu birodarimiz uxlayotganida o'qdonini yashirib qo'ygan edik, uyg'onib, topa olmay, qo'rqib ketganiga kulyapmiz», deyishdi. Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Musulmon odamga musulmon birodarini qo'rqitish halol bo'lmaydi», dedilar.   Bu hadisning boshqa rivoyatlarida, masalan, Nu'mon ibn Bashirdan rivoyat qilingan rivoyatlardan birida o'qdon emas, arqon yoki o'q deb aytilgan. Ammo ma'no bir xil – musulmon odamga  musulmon odamni aldash, narsasini yashirib qo'yib, hazillashib qo'rqitish halol bo'lmaydi.  

Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahullohu

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!