Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:22
telegram
Jizzaxda magistral gaz quvuri yorildi. Alisher Sultonov voqea joyiga etib bordi

 31 MART, 17:40 132

.

Kecha, 30 mart kuni soat 21.57 da Jizzax viloyati Zarbdor tuman Nurafshon shirkat xo'jaligi hududidan o'tgan diametri 1020 mm bo'lgan “Paxtakor-Yangier” magistral gaz quvuri I tarmog'i 30 kilometrida yong'insiz quvur yorilishi sodir bo'ldi. Hodisa yuzasidan “O'ztransgaz” AJ axboroti e'lon qilindi. 

Ma'lum qilinishicha, tezkorlik bilan holat yuzasidan vakolatli organlarga xabar berilgan. Natijada soat 22.25 da “O'ztransgaz” AJ markaziy dispetcherlik xizmati ko'rsatmasi bilan “Paxtakor-Yangier” magistral gaz quvurining 19 km va 54 km da berkitish moslamalari to'liq yopilgan.

Yorilish natijasida jarohatlangan yoki jabrlanganlar yo'q.  

Soat 00.00 atrofida maxsus brigada zaruriy avariya tiklash texnika vositalari bilan voqea joyiga etib borgan. Avariya oqibatlarini bartaraf etish, magistral gaz quvuri faoliyatini tezkorlik bilan tiklash maqsadida shtab tashkillashtirildi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov hodisa ko'lami va uni bartaraf etish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlarni bevosita o'rganish hamda tegishli chora ko'rish uchun zudlik bilan voqea joyiga etib bordi.  

Ayni paytda avariya tiklash ishlari olib borilmoqda. Hozirda uzunligi 36 metr bo'lgan quvur montaj qilinyapti. Mazkur jarayonga malakali mutaxassislar hamda barcha zarur texnika vositalari jalb qilingan.  

Bugun soat 17:00 ga qadar magistral gaz quvurini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, mazkur magistral gaz quvuri 1984 yilda ishga tushirilgan. Ayni paytda hodisa sabablari o'rganilyapti, deyiladi xabarda. 

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!