Xayirli kun, Guest!
Soat: 13:02
telegram
Shavkat Mirziyoev akademik Vladimir Kim vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

 10 APREL, 10:55 76

.

Prezident Shavkat Mirziyoev va O'zbekiston hukumati vakillari yirik iqtisodchi olim, akademik Vladimir Kim vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Yirik iqtisodchi olim, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Vladimir Vasilevich Kim 2021 yil 8 aprelda 92 yoshida vafot etdi.

V.Kim 1929 yil 25 sentyabrda Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk o'lkasidagi Bikin shahrida tug'ildi. 1950 yilda Toshkent moliya-iqtisod instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomladi.

Bo'lg'usi olim o'z mehnat faoliyatini Samarqand tumanida nazorat-taftishchi sifatida boshladi, keyinchalik Toshkent moliya-iqtisod institutining aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so'ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko'p yillik samarali mehnati tufayli 2000 yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olim o'zining 60 yildan ortiq ilmiy va pedagogik faoliyati davomida Toshkent xalq xo'jaligi institutida (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) kafedra mudiri, professor, prorektor, rektor maslahatchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasida falsafa, iqtisodiyot va huquq fanlari bo'yicha akademik kotib kabi mas'uliyatli lavozimlarda fidokorona mehnat qildi va qishloq xo'jaligi sohasidagi iqtisodiy munosabatlarning dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shdi.

Akademik V.V.Kimning O'zbekistonda agrar sohani modernizatsiya qilish, qishloq tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ushbu yo'nalishdagi islohotlar samarasini oshirish mavzularidagi ilmiy tadqiqotlari mamlakatimiz iqtisodiyot faniga muhim hissa bo'lib qo'shildi.

Olimning qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag'ishlangan 200 dan ziyod ilmiy maqolalari, 10 ga yaqin monografiyalari nafaqat mamlakatimiz, balki chet el olimlari va mutaxassislari tomonidan ham e'tirof etilgan.

Jonkuyar ustoz sifatida ko'plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o'nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

V.V.Kimning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Vladimir Vasilevich Kimning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yo'ldoshev

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!