Xayirli kun, Guest!
Soat: 12:00
telegram
O'zbekistonda 108,5 mln dollarlik loyiha doirasida xarid qilingan tibbiy jihozlar yuzasidan jinoyat

 10 APREL, 09:15 80

.

O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligining «Salomatlik-3» loyihasi bo'yicha jinoiy ish ochilgan. Loyiha doirasida amalga oshirilgan xaridlar bo'yicha to'plangan materiallar tegishli tartibda tekshirish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga berilgan. Bu haqda Hisob palatasi raisi o'rinbosari Bahodir Turobov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda UzNews.

Bahodir Turobovga ko'ra, 2012—2018 yillarda «Salomatlik-3» loyihasi doirasida Jahon bankining qarz mablag'lari hisobiga tibbiyotning quyi bo'g'inlariga 108,5 million dollarlik tibbiy jihozlar xarid qilingan.

Lekin o'rganishlarda aniqlanishicha, yuqori narxlar kiritish orqali loyiha qiymati 20,1 million dollarga asossiz oshirilgan. Shuningdek, loyiha doirasida 18,5 million dollarlik mablag'lar maqsadsiz va ortiqcha sarflangan, yoki kerakli jihozlar o'rniga boshqa jihozlar rejaga nisbatan ortiqcha xarid qilingan. 19,1 million dollarlik ba'zi tibbiy jihozlar esa 3 yilgacha tibbiy muassasasalarga tarqatilmay, omborxonalarda qolib ketgan.

Oqibatda quyi tibbiyot bo'g'inlarini etarli va sifatli tibbiy uskuna hamda jihozlar bilan ta'minlash rejasi bajarilmagan.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G'aniev ham bu haqda o'z fikrini bildirib, «Bu xato va qonunbuzilishlar badali esa, ming afsuski, chekka xududlarda onalar va bolalar o'limlari bilan to'lanmoqda. Shu sabab bu loyiha doirasida qonunbuzarlikka yo'l qo'ygan, mablag'larni talon-toroj qilganlar, albatta, jazo olishi kerak», — deya munosabat bildirgan.

Avvalroq Hisob palatasi O'zbekistonda 2020 yilda 671 milliard so'mlik talon-torojlik holatlari aniqlangani haqida ma'lum qilgandi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!