Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:30
telegram
AQShda Johnson & Johnson bilan emlanganlarda nojo'ya ta'sirlar paydo bo'lgach, ikkita vaktsinats

 10 APREL, 08:20 96

.

AQShda Johnson & Johnson vaktsinasi bilan emlangan bir necha kishida nojo'ya ta'sirlar kuzatilganidan keyin Shimoliy Karolina va Kolorado shtatlaridagi ikkita ommaviy vaktsinatsiya markazlari vaqtinchalik yopildi. Bu haqda The Wall Street Journal ma'lumotlariga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Lekin ushbu nojo'ya ta'sirlarning vaktsina bilan bevosita bog'liqligi hali tasdiqlanmadi.

Shimoliy Karolinada 18 nafar emlanganlarda vaktsinaning nojo'ya ta'siri paydo bo'lgach, vaktsinatsiya markazining faoliyati to'xtatildi. Ularning 14 nafarida nojo'ya ta'sirlar sezilarli darajada bo'lmagan. Johnson & Johnson kompaniyasi bilan maslahatlashgach, mintaqaviy sog'liqni saqlash boshqarmasi markazni vaqtinchalik yopishga qaror qildi.

Koloradoda ham 11 kishida nojo'ya ta'sirlar kuzatilganidan keyin, vaktsinatsiya markazining faoliyati to'xtatildi. Ularning ikki nafari shifoxonaga yotqizilib, ahvoli nazorat qilinmoqda.

Johnson & Johnson vakilining The Wall Street Journal’ga ma'lum qilishicha, kompaniya emlanganlardagi nojo'ya ta'sirlar bilan bog'liq barcha holatlarni diqqat bilan o'rganmoqda, barcha hisobotlar AQShning Oziq ovqat va dori-darmon nazorati agentligi (FDA), shuningdek, boshqa sog'liqni saqlash organlariga yuboriladi.

Amerika hukumati Johnson & Johnson vaktsinasini fevral oyining oxirida ma'qullagan edi. Bu preparat bilan faqat 18 yoshdan yuqori bo'lganlarni emlash mumkin. Vaktsina faqat bitta komponentdan iborat bo'lib, emlash uchun bitta dozaning o'zi etarli. O'shanda FDA vaktsinaning foydasi uning ehtimoliy xavfidan ko'proq ekanini ta'kidlagan.

Aprel oyining boshida The New York Times va Bloomberg nashrlari Baltimordagi Johnson & Johnson zavodida koronavirusga qarshi vaktsinaning 15 million dozasi ishlab chiqarish mobaynida buzilganini xabar qilgan edi. Kompaniyaning o'zi preparatning o'sha partiyasi sifat tekshiruvidan o'tmaganini ma'lum qilgan.

AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining (CDC) ma'lum qilishicha, 7 aprel holatiga ko'ra, mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog'liq 74 860 ta yangi holat ro'yxatga olindi va kasallanganlarning umumiy soni 30,7 millionga etdi.

O'tgan bir kun davomida 871 kishi koronavirus qurboniga aylandi va shu bilan pandemiya davomida virusga chalinib vafot etganlar 566 106 nafarga etdi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!