Xayirli kech, Guest!
Soat: 20:20
Eng sara ajoyib videolar
Yulduzlar Rasmlari (New)
TIK TOKDAGI XIT MUSIQALAR
telegram
Dahshat! Farg'onada jinoiy guruh er-xotinni vahshiylarcha o'ldirdi

 9 APREL, 14:15 79

.

Umr yaratganning bandalariga bergan bebaho in'omidir. Shu bois o'zga shaxsni tiriklik ne'matidan bebahra etib, uning hayot shamini bevaqt o'chirishga hech kim haqli emas. Buni Bosh qomusimizning 13-moddasida qayd etilgan «O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi» degan konstitutsiyaviy qoida ham tasdiqlaydi.

Ammo O'zbekiston tumanida yashovchi Ravshanbek Mirzayoqubov bo'ynidagi qarzidan qutulish maqsadida qabih jinoyatga qo'l urdi. Ustiga-ustak tanishlari Fazliddin Tolipov va Sobirjon Ostanaqulovni ham o'zining jinoyatiga sherik qildi.

Tergov va sud jarayonida aniqlanishicha, Ravshanbek goh shaxsiy «Matiz» rusumli avtomashinasida kirakashlik qi­lar, ba'zida esa, qassob­chi­lik­ bilan ham mashg'ul bo'­lardi. Biroq topganini rasamati bilan sarflamagani bois qo'lida pul turmasdi. Shuning uchun 2019 yilning oktyabr oyi ho­latiga ko'­ra, elektr energiyasidan 16 000 000 so'm qarz bo'­lib qoladi. Oqibatda Majburiy ijro byurosi xodimlari uning uyi­ni elektr tarmog'idan uzib ketishadi. Qolaversa, o'sha paytda R. Mirzayoqubovning boshqa tanishlaridan ham qarzi ko'payib ketib, haqdorlar eshigini qo­qib kelaverishadi. Hisoblab ko'rsa, jami qarzi 27 000 000 so'mga etib qolgan ekan. Shunda «Nima qilsam bo'larkin, bu qarz balosidan qanday qutulsam ekan?» — degan o'y uning fikru xayolini egallab oladi. Oxir-oqi­bat birorta puldor kimsanikiga o'g'irlikka tushishni rejalashtiradi. Bu xususda Fazliddin va Sobirga aytganida, ular ayni rejani ma'qullashmaydi.

Buni qarangki, ana shu jinoiy qilmishni amalga oshirish uchun bosh qotirib yurgan kunlari — 2019 yil dekabr oyining boshlarida u Qo'qon shahriga, S. Ostanaqulov ustachilik qilayotgan bir xonadonga yordamga boradi. O'sha damda xonadonga qo'shni bo'lgan Do'stmurod Halimovning shaharning eng obod mahallalaridan hovli sotib olmoqchiligidan xabar topadi. «Ho­zir­gi paytda shahardagi hov­­li­lar­ning o'rtacha narxi sakson ming dollardan kam emas. Demak, Do'stmurod akaning shuncha puli bor ekan-da?» — degan o'y keladi birdan uning xayoliga.

— Hovli olaman, deyishiga qaraganda akaxonda pul serob shekilli. Uning uyiga bir mehmon bo'lsakmikan-a? — deya u maslahat soladi Fazliddin va Sobirjonga.

— Bu gapni xayolingdan chiqar. Nima besh-olti yil «o'tirib» kelmoqchimisan? — deb uni yo'ldan qaytarmoqchi bo'­lishdi oshnalari.

Lekin R. Mirzayoqubovga bu nasihatlar kor qilmadi. Chunki u qanday yo'l bilan bo'lmasin qarzidan qutulishni o'y­lardi. Shuning uchun yangi yil bayrami o'tgan dastlabki kunlarning birida kechqurun Ravshanbek D. Halimovning ko'chasiga «razvedka»ga bordi. Ya'­ni Do'stmurod akaning xonadoni atrofida kuzatuv kamerasi bor-yo'qligini bilib, tekshirib keldi.

Hatto o'sha uyga qo'sh­­nining devori va to­mi or­qali tushishni ham mo'ljalladi.

Shundan so'ng — 2020 yil 5 yanvar kuni u tungi soat 23.00 larda «Matiz» avtomashinasida F. Tolipov va S. Ostanaqulovni Do'stmurod Halimovning xonadoni yaqiniga boshlab bordi. Ammo bu gal Fazliddin ham, Sobir ham unga qarshilik qi­lishmadi. Ak­sincha, Ravshanga «beminnat» yordam berish uchun uning ortidan ergashishdi. Eng qi­zi­g'i, u uyidan chiqayotganda skotch, arqon, uch juft qo'lqop sotib olishni, shuningdek, qassobchilikda foydalanadigan 2 dona pichog'ini ham olishni unutmagandi. Bu esa, uning maqsadi faqatgina o'g'ir­lik emas, qarshilikka duch kelsa, qotillik qi­lishni ham rejalashtirganidan dalolat beradi.

Xullas, shundan so'ng ular ancha beriroqda o'g'irlikka tushish uchun qulay payt poylab o'tirishadi. Soat millari 2020 yil 6 yanvar tungi 1.30 larga etganda boyagi ashyolar bilan qurollanib, boshi va qo'l­lariga niqob ki­yib, D. Halimovning hovlisiga devordan oshib tushishadi. R. Mirzayoqubov qo'lida pichoqni ko'rib, F. Tolipov «aqlingni yig'ib ol» deydi unga. Koshki edi o'sha damda R. Mirzayoqubovning qo'log'iga gap kirsa.

Shundan so'ng uchchovlon hovlidan uyga kirishadi. Shunda di­vanda uxlab yotgan shaxs qi­mirlab qoladi. Buni ko'­rib, ular birdan to'xtashadi. So'ng divan yoniga borib, odeyal ustidan pichoq sancha boshlashadi. Kutilmagan hamladan esankirab, boshini ko'targanda esa, jabrlanuvchi D. Halimovning turmush o'rtog'i Manzura Odiljonova ekanini bilib qolishadi. Keyin ayol dod solmasligi uchun badanining yana duch kelgan joyiga pichoq sanchishadi. Shu mahal Do'stmurod aka ham cho'chib uyg'onib ketadi va o'r­nidan turib, R. Mirzayoqubovni tepib yuboradi. Bundan esa, «qahramonimiz» battar tutoqib ketadi. Natijada unga ham tashlanib, xonadon sohibining duch kelgan joyiga pichoq sanchaveradi. Ammo bu bilan ham qanoatlanmay Manzura opaning bo'yniga pichoq tortib yuboradi. So'ng Fazliddin va Sobirning ko'magi bilan D. Halimovni ham shunday usulda shafqatsizlarcha o'ldiradi.

Biroq bosqinchilar xonalarni, jovon va sandiqlarni titkilab ham pul topa olishmaydi. Keyin jinoiy rejalari amalga oshmaganidan xunoblari oshib, Furqat tumanining Qo'­qonboy qishlog'iga kelishadi. Bu erda esa, videokuzatuvga tushib qolganliklaridan shubhalanib, kiyimlar, arqon, qo'lqop, skotch, niqob va pichoqlarni benzin sepib yoqib yuborishadi.

Buni qarangki, qotillikdan keyin hech qancha fursat o'tmay, F. Tolipov Qozog'istonga, S. Ostanaqulov esa, Rossiya davlatiga ketish orqali jinoiy javobgarlikdan qochishga urinishadi. Faqat R. Mirzayoqubov aybini bo'y­niga olib, ichki ish­­lar bo'limiga murojaat qiladi.

Albatta, qilni qirq yorgan qonun himoyachilari uning ko'r­satmalari asosida Fazliddin va Sobirni ham tutib kelishadi. Oqibatda qotil hamtovoqlarga nisbatan ji­noyat­ ishi qo'zg'atiladi. Ji­noyat ishlari bo'yicha Far­g'ona viloyati sudida esa, ush­bu ish ko'rib chiqildi. Ya'ni sud R. Mirzayoqubovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qis­mi “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari, F. Tolipovni kodeksning 97-moddasi 2-qis­mi “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari, S. Ostanaqulovni ko­deks­ning 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari bilan aybdor deb topdi. Shunga binoan, R. Mirzayoqubovni umrbod, F. Tolipov va S. Ostanaqulovga esa uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qi­lish jazosi tayinladi. Shuningdek, sud hukmida ularga Jinoyat kodeksining 76-moddasi tartibida avf etish to'g'risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.

Shu o'rinda bir gap. Jinoyat­ ishi materiallariga ko'ra, R. Mirzayoqubov 23 yoshda, F. Tolipov 28 yoshda, S. Ostanaqulov esa, 24 yoshda ekan. Shunday ekan, hali 25 yoshga ham kirmagan yigitning bir umr, 30 yosh­ni ham qoralamagan hamtovoqlarining bo'lsa, salkam chorak asr umrini temir panjaralar ortida o'tkazishi juda jiddiy, ayanchli va o'z navbatida, o'sha tuman, o'sha mahalla ahli uchun sharmandali holat emasmi? Jinoyatchilarning ota-onasi qaddi bukilib, el-yurt ol­dida yuzlari shuvit bo'l­ganichi?

Behzod ERGAShEV,

Farg'ona viloyati sudi sudyasi

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!