Xayirli tun, Guest!
Soat: 23:19
telegram
Toshkentda ayol kishiga "zahri qotil" sotmoqchi bo'lgan aka-ukalar qo'lga olindi

 9 APREL, 13:15 113

.

Normurod ko'chada ko'rgan tanishi J.Jiyanovdan nasha giyohvandlik moddasi bor ekanini, ana shu giyohvandlik moddasini sotsa, yaxshigina daromad qilishi mumkinligini eshitib qoldi-yu, uyga kelgach, akasi Sattaraliga bu haqda aytdi. Chunki, J.Jiyanov gugurt qutisiga solib ko'rsatgan nasha giyohvandlik moddalarini sira ko'z oldidan ketkaza olmayotgan edi. 7 nafar farzandning otasi bo'lgan 62 yoshli Sattarali ukasi Normurod nojo'ya, noqonuniy ishni taklif qilayotganini bilsada, uni qo'llab-quvvatladi. Chunki, aka-ukaning ko'zlarini bebiliska pullar ko'r qilib qo'ydi-da.

Uka akasiga nasha giyohvandlik moddalarini chekish yoki sotish uchun olishi mumkinligini aytib qiziqtirgach, oradan biroz vaqt o'tib, Sattarali ukasiga telefon qilib, 10 ta gugurt  qutisiga qadoqlangan nasha kerakligini, xaridor borligini aytib qoldi. Ammo akasining ukasiga xaridor ayol ekani to'g'risidagi gapi yoqmadi. Uka akasiga “xotin kishi bilan muomala qilmayman” deya rad javobini berdi. Biroq bir dona gugurt qutisidagi nasha giyohvandlik moddasi uchun 500 ming so'mdan pul taklif qilayotgan ayolning so'rovini Sattarali rad qilgisi kelmadi. Avval pul, so'ng nasha deb notanish ayoldan 1 million so'm naqd pulni olib, o'zining “Damas” rusumli mashinasida ukasi Normurodning yoniga etib bordi. “Damas”ga chiqqan Normurodga Sattarali 900 ming so'mni berib, 100 ming so'mini cho'ntagida qoldirdi-da, ukasidan 2 qutida qadoqlangan nasha giyohvandlik moddasini olib ketdi.

Oradan bir soat o'tib, akasi Sattarali Normurodga qo'ng'iroq qilib, qolgan 8 ta gugurt qutidagi nashalar ham kerakligini, puli naqd ekanligini aytgach, uyida dam olib yotgan Normurod egnidagi to'nining engiga 8 ta qutidagi nasha giyohvandlik moddalarini solib, aytilgan erga chiqib bordi. Normurod “Damas”ning old o'rindig'iga o'tirdi-yu, qo'lga tushdi. Huquqni muhofaza etuvchi idoraning xodimlari uni darhol “Damas”dan “Neksiya” mashinasiga olishdi va egnidagi to'nining engidan 8 ta qutiga solib qadoqlangan nasha giyohvandlik moddalari – mariuxanalar topildi.

Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, avvalgi ikki dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilariga solingan, quritib maydalangan, tarkibida tetrogidrokannabinol giyohvandlik moddalari bo'lgan marixuana giyohvandlik vositasining sof og'irligi 4,8 gramm chiqqan bo'lsa, keyingi 8 ta gugurt qutilaridagi 15,9  gramm bo'lib chiqdi.

Garchand Normurod Fayziev sud muhokamasida, surishtiruv va dastlabki  tergov jarayonida 10 dona gugurt qutidagi marixuana giyohvandlik vositasini J.Jiyanov sotib berish uchun bergani to'g'risida vaj keltirgan bo'lsada, uning ushbu vajlari jinoyat ishidagi so'roq bayonnomalari, sud muhokamasidagi J.Jiyanovning ko'rsatuvlari, yuzlashtirish sud tergovi harakatlari bilan tasdig'ini topmadi, dastlabki tergov organi tomonidan ishning J.Jiyanovga nisbatan bo'lgan qism ayblash uchun etarli dalillar bo'lmagani sababli harakatdan tugatildi. Shu sababli sud hay'ati N.Fayzievning vajlarini rad qilishni lozim topdi.

Sudlanuvchilar N.Fayziev va S.Fayzievning sodir etgan jinoyatlaridagi ayblari sudda N.Fayziev qisman, S.Fayziev to'liq iqror bo'lib bergan ko'rsatuvlaridan tashqari guvohlarning ko'rsatuvlari bilan birga jinoyat ishi yuzasidan to'plangan hujjatlar, jumladan, pullarni ko'zdan kechirish va berish bayonnomasi, narsani olish, tintuv bayonnomalari, sudga oid kimyoviy va norkologik ekspertiza xulosalari, narsani daliliy ashyo deb e'tirof etish qarori kabi sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan to'liq isbotlandi.

Sud hay'ati sudlanuvchi N.Fayzievga jazo turi va miqdorini tayinlashda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini, muqaddam sudlanmaganini, jazoni engillashtiruvchi va jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholab, jazoni og'irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblab, sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, Olyi sud Plenumi qarori tushuntirishlariga va jinoyat qonunining odillik hamda insonparvarlik printsiplariga amal qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo'llab, sanktsiyasida nazarda tutilganidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlashni, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o'tattirishni, jazo muddatini qamoqqa olingan kunidan hisoblashni va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini aslicha qoldirishni; sudlanuvchi S.Fayzievga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymonligini, jinoyatni ochishga faol yordam berganini, oilaviy sharoitini, yoshini jazoni engillashtiruvchi va jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholab, jazoni og'irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblab, sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini va mahalla tomonidan taqdim etilgan kafillik xatini, jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvorini, shu bilan bir qatorda 60 yoshdan oshgani sababli koronavirus pandemiyasi sharoitida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o'tash sog'ligi uchun xavf tug'dirishini inobatga olib, Plenum qarori tushuntirishlariga va jinoyat qonunining odillik hamda insonparvarlik printsiplariga amal qilib, S.Fayzievga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblab, sinov muddati belgilashni lozim deb topdi.

Piravordida sud hukmi bilan N.Fayzievga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi, S.Fayzievga esa tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblandi va 2 yil sinov muddati belgilandi.

 

Fayoza QAMBAROVA, jinoyat ishlari bo'yicha Qamashi tuman sudining raisi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!