Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:31
telegram
"Ayollar mojarosi": Toshkentda erkak turkiyalik fuqaroni urib o'ldirdi

 7 APREL, 17:05 107

.

Zafar Rahmonov 2020 yil 17 iyul kuni soat 23:30da Chilonzor tumanida joylashgan xonadonda vaqtincha birga yashagan tanishi Turkiya Respublikasi fuqarosi Mexmet Mustafaning begona ayollarni olib kelib, maishat qilganidan jahli chiqadi. Xonadonga kelib, u bilan dahanaki janjallashib qoladi. Mexmet Mustafani uyatli so'zlar bilan haqoratlab, zarba beradi. Uning muvozanatni yo'qotganidan foydalanib, boshiga, yuziga bir necha marotaba qo'li bilan uradi. Shuningdek, badanining turli qismlariga oyog'i bilan tepib, uning o'limiga sababchi bo'lgan og'ir shikast etkazadi. Mexmet Mustafa olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etadi. Bu haqda "Darakchi" yozmoqda.    

“Menga choynak irg'itdi...”

Sudlanuvchi Zafar Rahmonov sud jarayonida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagicha ko'rgazma berdi: 

– Chilonzor tumanidagi xonadonlarning birini men, Turkiya fuqarolari Mexmet Mustafa va Demir Sulaymonlar ijaraga oldik. Ular bilan birga “Toshkent Siti”da qurilishda birga ishlardik. Bizning ijara uyimizga do'stim Bobur Rustamov ham tez-tez kelib turar, ba'zan shu erda qolib dam olib ketardi. 2020 yilning 17 iyul kuni uyda emasdim, ijara uyimizga Boburning kelganini eshitib, unga qo'ng'iroq qildim. Biroq u go'shakni ko'tarmagani uchun birga yashovchi Demir Sulaymonga qo'ng'iroq qildim. U bilan gaplashayotganimda qizlarning kulgan ovozlari eshitildi. Uyga begona qizlarni kim olib keldi, baqir-chaqir bo'lsa qo'shnilarning jahli chiqadi, deb asabiylashdim. Demir menga qizlarni Mexmet olib kelganligini, hozir ular do'stim Bobur bilan birgalikda spirtli ichimlik iste'mol qilishayotganini aytdi. Bu gapni eshitganimda men ham Qibray tumanida joylashgan qurilishi ob'ektiga yaqin joydagi do'konda spirtli ichimlik iste'mol qilib o'tirganim sababli biroz mast edim. O'rtoqlarimning maishat qilib o'tirganidan jahlim chiqib, yo'lovchi mashinada ijara uy tomon yo'l oldim. Etib kelib, uyga kirmasdan Demirga qo'ng'iroq qildim, “pastga tush” dedim. U tushgandan keyin gaplashib oldik va birga uyga chiqdik. Xonaga kirsam balkondagi stol-stulda Mexmet, Bobur va ikki nafar yoshroq ayollar spirtli ichimlik ichib o'tirishardi. Men Mexmetga “Bu ishingni ijara uy egasi bilib qolsa, uydan chiqarib yuboradi”, dedim. U esa turkchalab onadan so'kindi. Unga “Nimaga so'kinasan?” degandim, stol ustida turgan choynakni menga irg'itdi. Bundan jahlim chiqib, yoqasidan tortdim, yuziga boshim bilan zarba berdim. Mexmet bu zarbani kutmagani uchun bor bo'yi bilan oshxona poliga yiqildi. Uning yiqilganidan foydalanib, tanasining turli qismlariga oyog'im bilan tepkiladim. Biz janjallashganimizda xonada o'tirgan Demir, Bobur va ayollar tashqariga chiqib ketgandi. Mexmetni o'ldirish niyatim yo'q edi, agar uni o'ldirmoqchi bo'lganimda stol ustida pichoq turgandi. Biz u bilan har doim yaxshi munosabatda bo'lib kelganmiz, jahlim chiqqanidan nima qilganimni bilmay qoldim...

 

Hukm o'qildi

Zafar Rahmonov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o'tash belgilandi.

Anvarjon Iminov, jinoyat ishlari bo'yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!