Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:46
telegram
Farg'onada tarbiyachi ehtiyotsizligi oqibatida bola bir ko'zidan ayrildi

 6 APREL, 14:20 74

.

Bugun maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga har qachongidan ko'ra e'tibor kuchli. Chekka hududlarda ham maktabgacha ta'lim maskanlari bunyod etilib, bolalarni qamrov darajasi oshmoqda. Ayniqsa, nodavlat ta'lim muassasalarining tashkil etilayotgani bu borada yaxshi samara berayotir.

Mazkur sohada mehnat qilayotgan tarbiyachilar bolajonlarga mehr va tarbiya berib, barkamol avlodni voyaga etkazishga munosib hissa qo'shmoqda. Biroq, guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, ayrim bog'chalarda noxush holatlar ham uchrab turadi.

Ota-onalar farzandlarini bog'chada ishlayotgan tarbiyachilarga ishonib, ko'ngli xotirjam ishga otlanadi. Nazoratsizlik va ehtiyotsizlik esa ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Farg'ona viloyati O'zbekiston tumanidagi 13-oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotida shunday holat yuz berdi. Yordamchi tarbiyachi Nodira Asadova (ism familiyasi o'zgartirilgan) 2020 yil 16 oktyabr kuni bog'cha tarbiyalanuvchilariga ovqat tarqatayotgan vaqtida bolalar baqir-chaqir qiladi. Tarbiyachi ularni tinchlantirish maqsadida qo'lidagi temir qoshiqni silkitgan vaqtida ehtiyotsizlik natijasida qo'lidan chiqib ketib, 2016 yilda tug'ilgan Azizbekning ko'z qismiga tekkan. Buning natijasida unga og'ir shikast etadi.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko'ra, voyaga etmagan Azizbekda o'ng ko'z shox pardasini, sklerani, rangdor pardani yirtilgan yarasi-o'ng ko'z olmasi butunligini buzilishi ko'rishni to'liq yo'qolishi kabi jarohatlar bo'lib, bu hayot uchun xavflilik mezoniga ko'ra og'ir tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo'yicha O'zbekiston tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko'rib chiqildi. Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko'ra, tarbiyachi N. Asadova ehtiyotsizligi oqibatida bolaning ko'z qismiga og'ir shikast etkazishga sabab bo'lgan. Sudda bolani davolanishi uchun 14 million so'm pul berganligini ma'lum qilib, qilmishidan pushaymon bo'ldi. N. Asadovaga Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi asosida jazo tayinlanib, fuqaroviy javobgar 13- oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotidan 4 million 700 ming so'm moddiy zarar jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga undirilishi belgilandi.

Oddiy bir xato yoki ehtiyotsizlik oqibatida inson bir umr majruh bo'lib qolishi mumkin. Shunday ekan, ta'lim sohasida ishlayotganlar bunga aslo yo'l qo'ymasliklari kerak. Farg'ona viloyatidagi maktabgacha ta'lim tizimida sodir bo'lgan mazkur holat barchaga saboq bo'lsa ajabmas.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!