Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:56
telegram
Davlat mukofoti necha so'm turadi?

 5 APREL, 18:10 37

.

Vatanimiz oldida alohida xizmat ko'rsatgan yurtdoshlarimiz, xususan, harbiy xizmatchilar va harbiy bo'lmagan fuqarolarimiz, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi manfaatlarida alohida xizmat ko'rsatgan chet el fuqarolari ma'naviy-moddiy rag'bat sifatida davlat mukofotlari bilan taqdirlanib borishadi.

Davlat mukofotiga sazovor bo'lishi uchun xalqimizning asl farzanlari yoki yurtimizning sodiq do'stlari jasorat ko'rsatgan, adabiyot, san'at, padagogika, sport, milliy xavfsizlik, diplomatiya, xalq xo'jaligi kabi ko'plab sohalarda katta mehnat qilgan bo'lishi kerak. 

Masalan, urush va tinchlik davrida harbiy xizmatchilarning yuksak axloqiy-jangovar sifatlari jonbozlarcha, fidokorona namoyon bo'lib, Vatan oldidagi burchini benuqson ado etishlarida ifodalanadigan sa'y-harakati harbiy jasorat, deb nomlanadi. Bunday jasorat zamirida yuksak komillik, intizomlilik, ogohlik, hamjihatlik, ona zaminga cheksiz muhabbat bo'ladi. Harbiy jasorat yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Davlat mukofotlari jumlasiga orden, medal, faxriy unvon, belgi, yorliq, diplom, faxriy nom, mukofotlanayotgan shaxs ismi yozilgan qimmatbaho sovg'a yoki qurol kabilar kiradi. Xususan:

1. Orden – taqdirlash nishoni, davlat oldida ko'rsatilgan alohida xizmat uchun beriladigan faxriy mukofotdir. Orden bilan alohida shaxslar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shuningdek, korxona, muassasa, tashkilot va jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar, harbiy qism va qo'shilmalar, ma'muriy-hududiy birliklar mukofotlanadi. Har bir orden, odatda, o'z nizomiga ega bo'lib, unda mazkur orden bilan kim va qanday xizmati uchun mukofotlanishi ko'rsatib o'tiladi, tegishli orden bilan mukofotlash qoidalari hamda mukofotlanganning huquq va imtiyozlari belgilanadi. Mukofotlangan shaxsga topshirilgan orden kiyimning ko'krak sohasiga qadag'ich vositasida yoki qadag'ichsiz, o'z to'g'nog'ichi vositasida qadaladi. Harbiy qism orden bilan mukofotlangan bo'lsa, ushbu orden harbiy qismning Jangovar Bayrog'iga qadaladi.

O'zbekiston Respublikasida «Mustaqillik», «Amir Temur», «Jaloliddin Manguberdi», «Buyuk xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun», «Sog'lom avlod uchun», «Mehnat shuhrati», «Shon-sharaf», «Do'stlik» deb nomlangan bir qator ordenlar ta'sis etilgan.

2. Medal – biror-bir tarixiy voqea, arbob yoki joy sharafiga ta'sis etilgan, odatda, ikki tomoniga tasvir tushirilgan yoki yozuv bitilgan, asosan doira yoki ko'p burchak shakliga ega metall nishon. Medal harbiy sohada va boshqa sohalarda ko'rsatilgan xizmat uchun beriladigan davlat mukofotidir. Yurtimizda medallar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta'sis etilib, taqdirlanganlarga davlat rahbarining shaxsan o'zi yoki uning nomidan tegishli mansabdor shaxslar topshiradi. Medal ko'krakning chap tomonida ordenlardan keyin taqib yuriladi. O'zbekiston Qahramoni faxriy unvonining nishoni bo'lmish «Oltin yulduz» medali bundan istisno. «Oltin yulduz» medali orden va medallardan yuqoriroqqa taqiladi.

O'zbekiston Respublikasida «Oltin yulduz», «Jasorat», «Shuhrat» kabi medallar ta'sis etilgan.

Taqdirlangan shaxs medallar o'rniga tegishli rang va tasvirlari tushirilgan orden plankasini taqib yurishi mumkin.

Poytaxtimizning tutilgan buyumlar sotiladigan Yangiobod bozorida o'zbekona ta'birla aytganda, odamning jonidan boshqa hamma narsa sotiladi deyilsa, lof bo'lmaydi. Masalan, bu erda, sobiq sovet rejimi davrida berilgan har xil orden va medallarni topish mumkin. Jahon qora bozorida davlat mukofotlarining savdosi azaldan chaqqon bo'lib kelgan. Bunday nishonlarni topib, qora bozorda sotish maqsadida Rossiyadagi o'ris jinoyatchilar o'zlarining yolg'iz yashaydigan keksa yurtdoshlari – Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini er tishlatib, orden-medallarini o'g'irlab chiqishi afsuski, odatiy holga aylangan. O'zini deraza dastasiga osib o'ldirgan Sovet Ittifoqi Marshali Axromeevning murdasini esa, orden-medal payida yurib, hech narsadan tap tortmaydigan o'ris kafando'zlari dafn kunining ertasiga go'ridan qazib chiqarib, marshallik belgisi bo'lmish jezlini jasad yoqasidan echib ketishgan (o'rislar o'z harbiy xizmatchilarini grobga harbiy kiyimi bilan yotqizib ko'mishlarini bilsangiz kerak).

Xo'p, sovet nishonlari bizda ham sotilishini bilamiz, bunday holatlarga allaqachon ko'nikib qolganmiz, lekin O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta'sis etilgan davlat mukofotlari yurtimiz bozorlarida ochiqdan-ochiq sotilishiga yo'l qo'yib bo'lmas, axir?! Bozorda sotish huquqi bilan berilmaydiku, ular!

Bir ish bilan Yangiobod eski buyumlar bozoriga kirgan edim. Menga kerakli pavilon tomon borar ekanman, sheriklari bilan qarta o'ynab o'tirgan bir o'ris har xil temir-tersaklar orasiga ko'zimga cho'g'day ko'ringan bir emas, naq to'rtta «Shuhrat» medalini terib qo'yganiga e'tibor qildim. Uni asta gapga tutib, medallarni qaerdan olgani bilan qiziqdim. Aytmadi ablah. Lekin soxta emas, haqiqiy ekanligiga yuz foiz kafolat berdi. 

O'zbek medali bozorda monesiz sotilayotgani menga juda alam qildi, ich-ichimda qandaydir og'riq his etdim. Yurtimiz Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingani, xalqimiz qon qusganini anglatadigan anavi okkupatsiya ramzi – avliyo Georgiy tasmasini taqib yurishlariga indamaymiz, ba'zilarning fikriga ko'ra, o'risning yurti bilan yo'lga qo'yilgan munosabatlarimiz, o'sha chirkin latta bo'lagining dastidan buzilib ketishidan qo'rqamiz. Lekin nima uchun ular davlatimiz mukofotlarini bozorda bemalol sotib o'tirishlariga yo'l qo'yishimiz kerak?! O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida biron-bir idora bormi o'zi, bunday narsalarni nazorat qiladigan? Ma'naviyat va ma'rifat markazining xabari bormi, ma'naviyatimiz ramzlarining qora bozori-yu, «narx-navosi»dan?

Boshqa bir savol tug'iladi: qaerdan oldi anavi alkash to'rtta «Shuhrat» medalini?

Fikrimcha, orden-medallar bilan taqdirlash masalasiga sal jiddiyroq yondashishimiz kerak. Ya'ni davlat mukofoti bilan taqdirlashga tavsiya etilgan shaxs haqiqatan ham yurtimizni Vatan deb bilishini, xalqimizga, millatimizga sodiq, unga sidqidildan xizmat qilayotgan, tilimiz, tariximiz, rasmiy ramzlarimizga hurmat-la qaraydigan munosib kishi ekanligini atroflicha tekshirib chiqish kerak, deb o'ylayman.

Mustaqilligimiz qayta tiklangan dastlabki yillarda taqdir taqozosi ila ilojsiz qolib, davlatimiz fuqaroligini qabul qilishga majbur bo'lgan, millatimizga, yurtimiz ravnaqiga doir chirkin kinoyasini hech qo'ymaydigan toifa Vatanimizda kechayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, shu jumladan, ularga berilgan davlat mukofotlariga hurmat-la qarashiga shaxsan men shubha qilaman.

Yubiley medali bilan taqdirlangan shunday toifa vakili – yoshi anchaga borib qolgan bir xodim vazir o'rinbosarining qo'lidan medal olar ekan: «O'zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!» — deya minnatdorlik bildirish o'rniga, «Sluju Rossii!» — deya xitob qilgani haqida eshitgan edim. Shunday ekan, uning Yangiobodda temir sotib o'tirgan anavi hamtovog'i bir emas, to'rtta «Shuhrat» medalini kimlardan yig'ib olganini fahmlash qiyin emas.

Shokir Dolimov, "Azon.uz"ning harbiy-siyosiy sharhlovchisi,  iste'fodagi podpolkovnik

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!