Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:18
telegram
O'zbekistonda birinchi shamol elektr stantsiyasini qurish boshlandi

 2 APREL, 11:20 94

.

Joriy yilning 1 aprel kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo'yicha etakchi xalqaro kompaniyalardan biri bo'lgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida shamol elektr stantsiyasi qurilishiga tamal toshi qo'yish marosimi bo'lib o'tdi.

Marosimda Buxoro shahridagi studiyadan videokonferentsiya orqali O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, “Masdar” kompaniyasi Bosh direktori Muhammad Djamil al-Ramahi, Energetika vazirligi va “O'zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir davomida, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui va sanoat va ilg'or texnologiyalar vaziri Sulton al-Jabbor ham ishtirokchilarga murojaatlar yo'lladilar.

Tadbir doirasida “Masdar” kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi o'rtasida qurilayotgan elektr stantsiyasining loyihaviy quvvatini 500 MVtdan 1,5 GVtgacha oshirish bo'yicha bitim imzolandi.

S.Umurzakov o'z nutqida “Masdar” O'zbekiston va BAAni bog'lovchi mustahkam ko'prikka aylanadi va u orqali O'zbekistonda faoliyat olib borish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining yangi kompaniyalari bizga kirib keladi”, deb ishonch bildirdi.

Marosimda so'zga chiqqan Muhammad al-Ramahi: “Bugungi tadbir biz nafaqat ushbu loyihani amalga oshirishda, balki O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga toza energiya sohasidagi maqsadlarini ro'yobga chiqarishda ko'maklashishda ham sezilarli yutuqlarga erishganimizni bildiradi. Shamol energetikasini rivojlantirish bo'yicha jahon etakchisi sifatida “Masdar” kompaniyasi O'zbekistonning kam uglerodli energetikaga o'tish strategiyasini qo'llab-quvvatlayotgani va mamlakat hukumati bilan barqaror rivojlanishni ta'minlash borasida hamkorlikni mustahkamlayotganidan faxrlanadi”, – deya ta'kidladi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yili “Masdar” kompaniyasi O'zbekiston Hukumati bilan Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida quvvati 500 MVt bo'lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stantsiyasi loyihasini ishlab chiqish, uni qurish va undan foydalanish bo'yicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi. Stantsiya kompaniyaning muqobil energetika sohasida mintaqadagi ikkinchi loyihasi bo'ladi.

Dastlab 600 mln dollarga baholangan loyiha kengaytirilgandan so'ng qariyb 1,8 mlrd dollar miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi kutilmoqda.

Loyiha quvvatining 1,5 GVtga oshirilishi kelgusida O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan shamol elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga etkazish va muqobil energiya manbalarining mamlakat umumiy energiya balansidagi ulushini 26 foizga etkazish maqsadlariga erishishga imkon beradi.

Zarafshon tumanidagi shamol elektr stantsiyasi 2024 yilning oxirigacha tijoriy foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 500 MVt quvvatga ega loyiha 500000 ta xonadonga etarli hajmda elektr energiyani ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 mln tonnaga kamaytirishni ta'minlab berishi ko'zda tutilgan edi. Endilikda bu raqamlar mos ravishda 1,5 million xonadon va 3,3 mln tonna karbonat angidridga ko'payadi.

Ma'lumot uchun: “Masdar” Abu-Dabi Hukumatining “Mubadala Investment Company” investitsiyaviy xolding sho''ba kompaniyasi va dunyoning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchi etakchi xalqaro kompaniyalaridan biridir. Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan 4000 MVtdan ko'proq elektr energiyani ishlab chiqarish uchun o'rnatilgan uskunalarni o'z ichiga oladi. Bugungi kunda “Masdar” 30 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Ispaniya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya va O'zbekistonda faoliyat ko'rsatmoqda.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!