Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:33
telegram
O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish uchun nimalarga e'tibor qaratilmoqda?

 27 APREL, 11:50 85

.

O'zbekiston uchun 2020 yil nafaqat pandemiya sababli, balki mamlakat tarixida ilk bor kambag'allik tushunchasi davlat rahbari darajasida e'tirof etilib, mazkur yo'nalish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy kun tartibiga aylangani bilan alohida e'tiborga molik. «Daryo» Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatda ushbu yo'nalishda qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida hikoya qiladi.

Kambag'allikni qisqartirish vositalarining asosiy strategik yo'nalishlari

O'zbekistonda 2020 yilda kambag'allikni qisqartirish vositalarining quyidagi asosiy strategik yo'nalishlari amaliyotga joriy etildi.

Birinchidan, O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratilib, kambag'allikni qisqartirish masalalarini muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda ushbu yo'nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.

O'tgan davr mobaynida mamlakatda bevosita kambag'allikni qisqartirish borasida xalqaro tashkilotlar (BMT Taraqqiyot dasturi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, YuNISEF va boshqalar), moliyaviy institutlar (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki) hamda ushbu yo'nalishda ilg'or tajribaga ega mamlakatlar ilmiy markazlari (Xitoy Kambag'allikni qisqartirish xalqaro markazi) bilan mustahkam aloqalar o'rnatildi.

Ikkinchidan, pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholini moddiy va nomoddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida joylardagi to'rtta sektor, mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda deputatlar bilan birgalikda kambag'al va moddiy yordamga muhtoj oilalar ro'yxati — «Temir daftar» tizimi tashkil etildi.

Mazkur tizimning shaffofligini ta'minlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og'irlashgan va sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etishga mo'ljallangan saxovat.argos.uz dasturi ishga tushirilib, oilalarning mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini ta'minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning «Vaqtinchalik tartibi» tasdiqlandi. Mazkur ro'yxat quyidagi mezonlar asosida shakllantirildi:

oilada mehnatga layoqatsiz nogironlar va surunkali kasallikka chalingan a'zolarning mavjudligi; oilaning yakka-yolg'iz keksalar, beva va o'zgalar qaramog'iga muhtoj kam ta'minlanganlardan iboratligi; besh va undan ko'p farzandi bor oilalar; koronavirus pandemiyasi sababli qo'llanilgan karantin choralari natijasida o'zining daromad manbaini yo'qotgan, biroq «temir daftar»ga kiritilmay qolgan oilalar; oilaning haqiqatda ehtiyojmand, nochor va moddiy ko'makka muhtojligi.

Respublika miqyosida «temir daftar»ga 594,3 ming oila va ularning 2,5 million nafar a'zosi, shundan 648,0 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila a'zolari kiritilib, 2021 yil 1 mart holatiga 641,3 ming nafarining (99 foizi) bandligi ta'minlangan.

Ularning:

23,2 ming nafari oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida; 6,5 ming nafari hunarmandchilik asosida; 50,4 ming nafari jamoat ishlarida; 294,2 ming nafari o'zini-o'zi band qilishda; 19,9 ming nafari investitsiya loyihalaridagi ish o'rinlarida; 79,7 ming nafari qishloq xo'jaligida foydalanishdan chiqqan erlarni ajratish va kooperativlarga biriktirish hisobiga; 36,8 ming nafari Davlat investitsiya dasturi ob'ektlari va uy-joy qurilishiga qamrab olish orqali bandligi ta'minlangan.

Kam ta'minlangan oilalarning daromad manbaini yaratish orqali respublika bo'yicha 1 mart holatiga 515,9 ming oila va ularning 2,2 million nafar a'zolari «temir daftar» ro'yxatidan chiqarilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 30 iyuldagi 6038-son farmoni bilan «Temir daftar»dagi haqiqatda muhtoj, nochor va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida:

dastlab, 2020 yilgi Qurbon Hayiti arafasida «Temir daftar»ga kiritilgan 182 mingdan ortiq oilaga 154 milliard so'm moddiy yordam ajratildi; keyingi bosqichda, 2020 yil avgust oyida jami 280 ming oilaga jon boshiga 220 ming so'mdan 258 milliard so'm bir martalik moddiy yordam ajratildi; tez tibbiy yordam brigadalarining 41 mingdan ortiq xodimlariga bir martalik pul mukofotlari uchun 141 milliard so'm mablag' ajratildi.

Shu bilan birga, keksa yoshdagi hamda nogironligi bo'lgan shaxslarni moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo'lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo'lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirildi.

Bundan tashqari, moddiy yordam va ko'makka muhtoj, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 16 yoshga to'lmagan bolalariga, nogiron va boquvchisini yo'qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to'lmagan jami 845 ming nafardan ortiq bolalarning har biriga 500 ming so'mdan jami 422 milliard so'm bir martalik yordam to'lovlari to'lab berildi.

Hozirgi kunga qadar «Temir daftar»ga kiritilgan 600 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga jami 1,37 trillion so'mlik to'g'ridan-to'g'ri moddiy va nomoddiy yordamlar ko'rsatildi.

Bunda jahon tajribasida keng qo'llaniladigan kambag'al oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish hamda to'g'ridan-to'g'ri qo'llab-quvvatlash kabi uch vositadan foydalanilmoqda.

Shu bilan birga, o'tgan yilda ijtimoiy ko'makka muhtoj va kam ta'minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam ajratish qamrovi oshirildi. Jumladan, bola parvarishi uchun nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni o'tgan yil yakunida yil boshiga nisbatan ikki baravarga, ya'ni 600 ming nafardan 1,2 million nafargacha oshirildi.

Uchinchidan, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida aholining minimal iste'mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish choralari ko'rilmoqda. Mazkur uslubiyot O'zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilishda muhim dastaklardan biri bo'lib, ijtimoiy standartlarni belgilashda foydalaniladi.


O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish uchun nimalarga e'tibor qaratilmoqda?

Foto: Prezident matbuot xizmati

To'rtinchidan, o'rta va uzoq muddatlarda kambag'allikni qisqartirishning strategik maqsadlarini belgilash maqsadida, Jahon banki va BMT Taraqqiyot Dasturi ekspertlari bilan birga «2021—2030 yillarga qadar O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish strategiyasi» loyihasi ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasiga qo'yildi.

Hujjatda respublikada kambag'allikni qisqartirish uchun kompleks yondashilib, quyidagi ustuvor yo'nalishlar doirasida chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

ehtiyojmand aholiga ko'rsatiladigan yordam va xizmatlar turini ko'paytirish hamda sifatini yaxshilash orqali mavjud tizimni yanada takomillashtirish; aholi ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy muhofaza qilishning yangi usul va mexanizmlarini doimiy takomillashtirib borish orqali kambag'allik darajasini yanada qisqartirish; aholi ehtiyojmand qatlamining sifatli va uzluksiz ta'lim olish imkoniyatlarini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirish hamda sog'liqni saqlash xizmatlaridan to'liq foydalanishiga erishish; hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanilmayotgan yangi resurslarni ishga tushirish orqali kambag'al aholi, ayniqsa ayollar va yoshlar bandligini oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish; hukumat tomonidan davlat va nodavlat tashkilotlarining bevosita kambag'allikni qisqartirish borasidagi faoliyati hamda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar samaradorligini ta'minlash; hududlarda kambag'al aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, kommunal xizmatlar, muhandislik infratuzilma ob'ektlaridan foydalanish darajasini oshirish. Kambag'allikni qisqartirish bo'yicha istiqboldagi ustuvor vazifalar

2021 yilgi Davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan kambag'allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o'sish poydevorini yaratishning ustuvor yo'nalishlari belgilangan. Jumladan:

a) ishsiz a'zolari bor bo'lgan hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalarga dehqonchilik bilan shug'ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

dehqonchilik bilan shug'ullanish uchun yangi o'zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan er maydonlaridan 10 sotixdan 1 gektargacha er ajratilishi; ajratilgan er maydonlari sug'orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug'orish va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta'minlanishi; berilgan erlarni o'zlashtirish uchun (er haydash, urug'-ko'chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi belgilab berilgan.

Shu bilan birga, 2021 yil 1 aprelga qadar har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo'nalishidan kelib chiqib ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik bilan shug'ullanish uchun ko'maklashish tizimini yo'lga qo'yish vazifasi ko'zda tutilgan edi.

b) Yana bir muhim jihat shundan iboratki, tadbirkorlik va o'zini o'zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo'lgan ishsiz, shu jumladan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo'lgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 million so'mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo'lga qo'yilib, bu orqali mazkur aholi qatlamlari biznes uchun dastlabki kapital bilan ta'minlanadi.

v) O'zbekiston tarixida ilk marotaba milliy kambag'allik chegarasi — Aholining minimal iste'mol xarajatlarini e'lon qilish amaliyoti yo'lga qo'yilib, mazkur ko'rsatkichdan ijtimoiy siyosatni yuritishning samarali instrumenti sifatida foydalaniladi. Shu bilan birgalikda, ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirilib, ular bosqichma-bosqich minimal me'yorlar darajasiga etkaziladi.

g) Kambag'allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha 2020 yilda boshlangan ishlar mantiqan davom ettiriladi. Xususan, har bir tuman va shahar hokimi o'z hududida kambag'allikni qisqartirish bo'yicha manzilli dasturni ishlab chiqib, uning ijrosi bo'yicha har chorakda mahalliy Kengashlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borish tizimi joriy etiladi. Alohida ta'kidlab o'tish joizki, kambag'allikni qisqartirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar samarasini Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hokimlar faoliyatiga baho berish reytingiga integratsiya qilinadi.

d) Ishsiz fuqarolar, kambag'al oila a'zolariga ularning bandligini ta'minlash va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan moddiy yordam va subsidiyalar samaradorligini oshirish maqsadida mutlaqo yangicha tizim — ijtimoiy shartnoma tizimi joriy yildan boshlab amaliyotga tadbiq etiladi. Mazkur tizim orqali:

ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bandligini ta'minlash va moddiy ko'mak berish maqsadida ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa to'lovlardan foydalanish bo'yicha fuqaroning majburiyatlari belgilab beriladi; fuqaroning ijtimoiy shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarish ustidan monitoring tizimi o'rnatiladi va davlatdan yordam olgan fuqaroning «shaxsiy profili» yaratiladi; ijtimoiy shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini bajargan fuqarolarni rag'batlantirish, bajarilmagan holatlarda esa ularning ijtimoiy mas'uliyati belgilanadi; ijtimoiy shartnoma tizimi tajriba tariqasida sinovdan o'tkazilib, natijalari bo'yicha respublikaning barcha tuman (shahar)larida tatbiq etiladi.

e) 2021 yilda kambag'al va ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash va mehnat faolligini oshirish maqsadida ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitish tizimi to'liq joriy etilib, o'qishga jalb qilingan fuqarolar qamrovi kengaytiriladi. Ushbu maqsadlarda qator amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Jumladan, unda:

70 ming nafar ishsiz fuqaroni 40 turdagi kasb-hunarga o'qitish; 39,6 ming ishsiz fuqaroni tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish; 50 ming fuqaroni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi uchun chet tillariga o'qitish; «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kirgan fuqarolarning o'qish xarajatlarini Bandlikka ko'maklashish jamg'armasi, yoshlar va xotin-qizlarning o'qish xarajatlarini esa Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (jamg'armasi) tomonidan qoplab berish nazarda tutiladi.


O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish uchun nimalarga e'tibor qaratilmoqda?

Foto: Prezident matbuot xizmati

j) Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar ko'lami yanada kengaytirilib, chin etim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlash, boshpanasiz, og'ir turmush sharoitiga tushib qolgan oilalar va shaxslarni vaqtinchalik yoki umrbod mulk huquqi berilmagan holda turar-joy bilan ta'minlash uchun mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joylarni sotib olish tartibi joriy etiladi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!