Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:36
telegram
Jinsiy va jismoniy zo'ravonlikdan eng ko'p shikoyat tushgan viloyatlar ma'lum bo'ldi

 27 APREL, 06:55 159

.

So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali xotin-qizlarga nisbatan turli ko'rinishdagi zo'ravonlik, ruhiy va jismoniy tazyiqlar o'tkazilayotgani, ularni o'z joniga qasd qilish darajasiga olib borilayotgani bilan bog'liq noxush xabarlar ko'p tarqalmoqda, deb yozmoqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Bosh prokuratura o'z hisobotida, 2020 yilda nomusga tegish holatlari 27,7 foizga oshganligini bayon qilgan. 

«Bu juda achinarli... Foiz hisobida ko'rsatilgan ushbu raqamlar ortida nechta qizning tsingan taqdiri, toptalgan sha'ni va qadr-qimmati yotibdi ekan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) nomiga yo'llangan murojaatlar tahlili, 2021 yilning 15 apreliga qadar xotin-qizlar tomonidan 20 ga yaqin jinsiy va jismoniy zo'ravonlik, ruhiy tazyiq o'tkazish bilan bog'liq holatlari bo'yicha murojaat kelib tushganini ko'rsatmoqda. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to'g'ri keladi. Jumladan, fuqaro M.M. 2013 yilda surxondaryolik yigitga turmushga chiqib, 2 nafar farzand dunyoga keltiradi. U o'z murojaatida turmush o'rtog'i ko'p yillardan buyon doimiy ravishda qiynoqqa solib, ruhiy hamda jismoniy tazyiq o'tkazib kelayotganligini yozib, turmush o'rtog'iga nisbatan tegishli choralar ko'rishni va himoya orderi olishda yordam so'ragan. Ombudsman mazkur arizani nazoratga olib, uni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o'rgandi. Natijada fuqaro M.M.ga 2021 yil 10 fevral kuni «Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun himoya orderi» taqdim etildi. Ayollar qadrlanadigan mamlakatda xotin-qizlardan shu kabi murojaatlarning kelib tushishi kishi ko'nglini g'ash qiladi albatta. Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi 1995 yil qo'shilgan «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risida»gi Konventsiyasining 3-moddasiga asosan, ishtirokchi davlatlar erkaklar bilan tenglik asosida xotin-qizlarning inson huquqlari hamda asosiy erkinliklarini ro'yobga chiqarishlari va ulardan foydalanishlarini kafolatlash maqsadida xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishini va taraqqiyotini ta'minlash uchun barcha, xususan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamma tegishli choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko'rishlari belgilangan va bugungi kunda qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Milliy qonunchiligimizda avvalambor Konstitutsiyamiz, shuningdek xalqaro standartlarga mos xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlovchi maxsus qonunlar, shuningdek bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida»gi Qonunida jins bo'yicha kamsitishga yo'l qo'ymaslik hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash kafolatlari belgilangan. Qolaversa, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi Qonunda ham xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ularni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish bilan bog'liq normalar o'z aksini topgan. Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 2020 yil 4 yanvar kuni 3-son Qarori bilan «Tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta'minlash va monitoring olib borish to'g'risida»gi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizom bilan tazyiq va (yoki) zo'ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berilishi va tazyiq va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo'lgan shaxslarga bir qator cheklovlar yoki taqiqlari o'rnatilishi, kelgusida tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi xabarda.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!