Xayirli kun, Guest!
Soat: 12:13
telegram
Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

 26 APREL, 19:55 121

.

Dunyo atom elektr stantsiyasi tarixidagi eng yirik va og'ir oqibatlarga olib kelgan texnogen avariya — Chernobil AESdagi portlash hisoblanadi. Hodisa oqibatida 200 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydon radioaktiv ifloslanish ta'siriga uchragan. Fojea oqibatida nurlanishning uzoq muddatli ta'siridan 4000 ga yaqin inson vafot etganligi aytiladi. Mudhish avariya haqida qisqacha tafsilotlar.


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Foto: TASS

1986 yil 26 aprel, shanba kuni soat 01:23 da Chernobil AESning 4-energiya blokida portlash sodir bo'ladi. Reaktor butunlay vayron bo'lgan va atrof-muhitga katta miqdordagi radioaktiv moddalar chiqib ketgan.

Voqea sodir bo'lganidan so'ng, radiatsiya o'lim darajasiga qaramay, hukumat zudlik bilan aholini evakuatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qilmagan. Chernobil AESdan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan Pripyatni evakuatsiya qilish 27 aprelning ikkinchi yarmida boshlangan. Chernobilni (AESdan 20 km uzoqlikda) evakuatsiya qilish to'g'risidagi qaror esa avariyadan bir hafta o'tib, faqat 4 may kuni qabul qilingan.

Mazkur texnogen hodisa halok bo'lgan va uning oqibatlaridan jabr ko'rgan odamlarning taxminiy soni bo'yicha ham, iqtisodiy zarar jihatidan ham yadro energetikasi tarixidagi eng yirik avariya hisoblanadi.

AESning qurilishi

Chernobil AESning qurilishining birinchi bosqichi 1970 yilda boshlangan. Texnik xizmat ko'rsatuvchi xodimlar uchun stantsiya yaqinida Pripyat shahri barpo etilgan. 1977 yil 27 sentyabrda 1000 MVt quvvatga ega RBMK-1000 reaktori bo'lgan stantsiyaning birinchi energiya bloki Sovet Ittifoqining energiya tizimiga ulangan. Keyinchalik yana uchta energiya bloki ishga tushirilgan, stantsiyaning yillik energiya ishlab chiqarish hajmi 29 mlrd kilovatt-soatni tashkil etgan.


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Foto: Chernobil AES qurilishi/Vitaliy Kozlov arxividan. pripyat-city.ru

1982 yil 9 sentyabrda Chernobil AESda birinchi avariya sodir bo'ldi. 1-energiya blokini sinovdan o'tkazishda reaktorning texnologik kanallaridan biri qulab tushib, yadroning grafit devorlari buzilgan. Qurbonlar bo'lmagan, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish taxminan uch oy davom etgan.

Reaktordagi portlash

1986 yil 26 aprelga o'tar kechasi Chernobil AESning 4-energiya blokida turbinaviy generator sinovlari o'tkazilayotgan bo'lgan.

Reaktorni o'chirib qo'yish (shu bilan birga, rejaga ko'ra favqulodda sovutish tizimi o'chirilgan) va generator parametrlarini o'lchash ko'zda tutilgan edi.

Biroq reaktorni xavfsiz ravishda o'chirishning iloji bo'lmagan. Moskva vaqti bilan soat 1 dan 23 daqiqa o'tganida energiya blokida portlash va yong'in sodir bo'lgan.


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Foto: Ukraina FVV


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Foto: Vasiliy Goroxov arxividan/pripyat-city.ru


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Favqulodda vaziyat atom energetikasi tarixidagi eng katta falokatga aylandi: reaktor yadrosi butunlay vayron bo'lgan, energiya bloki binosi qisman qulab tushgan. Atrof-muhitga bir qator radioaktiv moddalar sezilarli darajada tarqalgan.

Xirosima va Nagasakidagi bombardimonlardan farqli o'laroq, portlash juda kuchli «iflos bomba» ga o'xshagan, chunki avariyaning zararli omili radioaktiv ifloslanish bo'lgan. Yonayotgan reaktordan chiqqan bulut turli xil radioaktiv materiallarni, birinchi navbatda yod va tseziy radionuklidlarini Evropaning aksariyat qismiga etkazib bergan.

200 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydon radioaktiv ifloslanish ta'siriga uchragan, shundan 70 foizi — Ukraina, Belarus va  Rossiya hududiga to'g'ri kelgan.

Butun aholi, 115 mingdan ziyod kishi, atom elektr stantsiyasi atrofidagi 30 kilometrlik chetlatish zonasidan evakuatsiya qilingan. Fojea oqibatlarini bartaraf etish uchun 600 mingdan ortiq odam qatnashgan.

Avariyani bartaraf etishda birinchilardan bo'lib o't o'chiruvchilar ishtirok etgan. Atom elektr stantsiyasidagi yong'in haqida signal 1986 yil 26 aprelda soat 01:28 da olingan. Ertalabgacha avariya sodir bo'lgan joyda Kiev viloyat yong'in xavfsizligi bo'limining 240 nafarlik shaxsiy tarkibi etib kelgan.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Angelina Guskova:

«Men voqea haqida mamlakatda birinchilardan bo'lib, fojea sodir bo'lganidan bir soat o'tgach xabardor bo'ldim. „Angelina Konstantinovna, g'alati voqea — stantsiyada yong'in, portlashlar va nurlanishga juda o'xshash reaktsiyaga uchragan bemorlar“, deyishardi menga. Keyin bir qator belgilarni aytishni boshlashdi. Men bu radiatsiya kasalligiga juda o'xshayotganini aytdim. Ammo barcha texniklar bunday bo'lishi mumkin emas deya ta'kidlardi».

Aleksandr Petrov, Moskva aviatsiya markazining bort muhandisi:

«Bizning vazifamiz dastlab «yong'inni o'chirish uchun aviatsiya texnikasini qo'llash» deya yangradi.

Yakshanba kuni bizni «trevoga» bilan uyg'otishdi. Ba'zilar parad kiyimini kiygan, ba'zilar qanday qiyimni kiyishga ulgurgan bo'lsa, o'sha ahvolda — vertolyotlarga o'tirgan. Etib kelganimizda, u erda nima bo'layotganini hali hech kim bilmagan. Faqat Pripyatdan katta avtobuslar bilan odamlar evakuatsiya qilinayotganini ko'rganimizda, o'sha erda juda katta muammolar bo'lganini bilganmiz.

O'shanda ob-havo issiq, quyoshli bo'lgan, qariyalar dalaga kartoshka ekishda davom etaverganlar. Mahalliy aholi infektsiya, xavf haqidagi xabarlarga ishonishmasdi. Radiaktiv zarar ko'rgan hududni tark etishni xohlashmagan. O'sha avlod vakillari urush, portlash, bombardimonlarni eslaydi, ammo bu erdagi xavfni ko'z bilan ko'rib bo'lmagan.

Bizda vertolyotda DP-5 deb nomlangan datchik bor edi. Ushbu qurilmaning maksimal shkalasi soatiga 500 rentgenni tashkil etadi va u shkaladan chiqib ketayotganini ko'rganmiz. Shundan so'ng barchasi jiddiy ekanligi va hazilga o'rin yo'qligi aniq bo'lgan".


Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

Radiatsiya darajasini o'lchash jarayoni.

Foto: Igor Kostin/ TASS

Haqiqat aytilmagan

Ukrainani radioaktiv bulut qoplaganida, respublika poytaxtida 1 may namoyishi bo'lib o'tgan. Minglab odamlar Kiev ko'chalari bo'ylab yurgan, shu bilan birga Kievda radiatsiya darajasi soatiga 50 mikrorentgendan 30 minggacha ko'tarilgan edi. 28 apreldan keyingi dastlabki 15 kun radionuklidlarning eng ko'p tarqalishi kuzatilgan. Biroq, SSSR etakchisi Mixail Gorbachyov avariya to'g'risida faqat 13 may kuni murojaat bilan chiqqan.

Chernobil AESidagi avariya to'g'risidagi ma'lumotlar bilan birga qurbonlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish natijalari va hududlarning radioaktiv ifloslanish darajasi to'g'risidagi ma'lumotlar ham tasniflangan. G'arbiy OAV 26 aprel kuni kechqurun butun dunyoga fojia haqida xabar bergan, lekin SSSRda rasmiy hokimiyat bu masalada uzoq vaqt davomida sukut saqlagan.

Radioaktiv bulutlar katta hududlarni qamrab olayotgani haqida G'arbda ko'plab xabarlar yozila boshlgan va Sovet Ittifoqida faqat 29 aprel kuni Chernobil AESidagi «oz miqdordagi radioaktiv moddalarning oqishi» haqida xabar berilgan edi.

Sodir bo'lgan avariyaning oqibatlarini bartaraf etish va ikkinchi portlashning oldini olish uchun 3 nafar dayverlar — Aleksey Ananenko, Valeriy Bespalov va Boris Baranov ko'ngillilar sifatida, suvni basseyndan o'tkazib yuborish uchun klapanlarni ochish maqsadida radioaktiv suvga sho'ng'ishgan. E'tiborli jihati shundaki, ko'pgina manbalarda uchala dayverlarning barchasi bir necha hafta ichida vafot etganligi haqida xabar beriladi. «Erkaklar qo'rg'oshin tobutlarida muhrlangan qopqoq bilan ko'milgan. Hatto hayotdan mahrum bo'lgan bo'lsa-da, ularning tanalari radioaktiv nurlanishga to'la bo'lgan» deb ko'pgina xabar tarqalgan. Biroq, bu haqiqatga zid.
Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi

«Chernobil dayverlari». Foto: medialeaks.ru

Aslida erkaklar suv kostyumlarini kiyishgan, ammo ular yo'laklar bo'ylab suzishga majbur bo'lmaganlar: o't o'chiruvchilarning nasoslari suv sathini pasaytirgan va suv ko'pi bilan tizzagacha bo'lgan. Surilma topilgan, klapanlar ochiq, havf yo'q. Shu bilan birga, uch dayverning hech biri o'limga olib keladigan nurlanish dozasini olmagani aniqlangan. Fojeadan keyin bir necha yillar o'tib Boris Babanov 2005 yilda yurak huruji oqibatida vafot etgan, qolgan ikki nafar dayverlar hayot.

Xalqaro yadroviy xavfsizlik bo'yicha maslahat guruhi INSAG-7 avariya sodir bo'lishiga sabab bo'lgan asosiy omillar deb quyidagilarni keltiradi:

reaktor xavfsizlik standartlariga javob bermagan va xavfli konstruktiv xususiyatlarga ega bo'lgan; xavfsizlikni ta'minlash qismidagi ekspluatatsiya reglamenti sifatining pastligi; milliy va mahalliy darajalarda atom energetikasida xavfsizlik bo'yicha tartibga solish va nazorat qilish tartibining samarasizligi, yadro masalalarida xavfsizlik madaniyatining etishmovchiligi; operatorlar o'rtasida ham, operatorlar bilan loyihachilar o'rtasida ham xavfsizlik bo'yicha samarali ma'lumotlar almashinuvi bo'lmagan, xodimlar stantsiyaning xavfsizligiga ta'sir qiladigan xususiyatlar haqida etarli tushunchaga ega bo'lmagan; xodimlar bir qator xatolarga yo'l qo'ygan va mavjud ko'rsatmalar va sinov dasturlarini buzgan.

Avariyadan keyingi dastlabki uch oy ichida 31 kishi vafot etdi, 1987 yildan 2004 yilgacha bo'lgan yana 19 ta o'limni fojeaning bevosita oqibatlari bilan bog'lash mumkin deyiladi. JSST o'rganishlariga ko'ra, avariya oqibatida 4000 nafargacha odam vafot etgan bo'lishi mumkin.

2016 yil 8 dekabrda BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida bo'lib o'tgan yalpi majlisda BMT Bosh assambleyasi konsensus asosida Belarus delegatsiyasi tashabbusi bilan tayyorlangan «Chernobil AESidagi falokatning uzoq muddatli oqibatlari» rezolyutsiyasini qabul qilgan.

Manba: gazeta.uz

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!