Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:40
telegram
Mirza Azizovning Zangiota shifoxonasidan norozi bo'lib yozgan maktubi e'lon qilindi

 22 APREL, 22:20 155

.

Xabaringiz bor, joriy yilning 16 aprel kuni o'zbek kinosi va teatrining zabardast aktyori, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri direktori, O'zbekiston xalq artisti Mirza Azizov koronavirus xastaligiga chalinib, vafot etdi. Aktyor bungacha Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi koronavirus bemorlarini davolashga ixtisoslashgan shifoxonada davolanayotgan edi. Ikki haftadan ortiq ushbu shifoxonada yotib, sog'ayish o'rniga ahvoli og'irlashgan Mirza Azizov o'limidan bir necha kuni avval shifoxonadagi muhit va sharoitlardan shikoyat qilib, O'zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o'rinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizaevga ko'mak so'rab, maktub yo'llagani ma'lum bo'ldi. Bu haqda qalampir.uz yozmoqda.

Shuhrat Rizaev Mirza Azizovning vafoti oldidan yozgan maktubi haqida kecha, 21 aprel kuni “Hurriyat” gazetasida chop etilgan maqolasida so'z yuritgan.

“O'ninchi aprel kuni tushdan keyin qo'l telefonimga qayta-qayta qo'ng'iroq bo'ldi, xabar yuborildi. Ochsam, Mirzaxondan xabar: “Assalom alaykum Shuhrat akajon! Menga ko'p yordam bergansiz, yana bir yordam qiling. 18 kundan beri koronavirusga chalinib, Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada – “Achavot”daman go'yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o'xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o'tkazib berishsin, ayolimni chaqirishsin, menga Tojibar o'zi qaramasa, boshqa birov qarolmaydi. Jon aka, akalik qiling!”, degan Shuhrat Rizaev marhumning shikoyatlarini yodga olib.

Maqolada yozilishicha, Shuhrat Rizaev marhumning xabarini o'qib, O'zbekiston Prezidentining sohaga mas'ul maslahatchisiga qo'ng'iroq qilgan. Maslahatchining aralashuvidan so'ng, O'zbekiston xalq artisti Mirza Azizov yaxshi sharoitli alohida xonaga olingan. Ammo o'sha kunlar san'atkorning qand kasali sabab vaziyat nihoyatda xatarli tus olib bo'lgan.

“Titrab ketdim. Doniyorning bevaqt o'limi alami arimay, bu xabar kelib turibdi. To'rt-besh oy oldin o'zim ham shu “tojdor baloi zarra”ga duchor bo'lganim   va yigirma kundan ortiq hadik-xavotirda azobli o'ylarni boshimdan o'tkazganim uchun Mirzaxonning faryodini ichdan his qildim. Vaziyatni anglab, Prezidentimizning shu sohalarga mas'ul maslahatchisiga qo'ng'iroq qildim. U kishi bexabar ekanini bildirib, darhol Zangiotadagi kasalxona bosh vrachini izlashga tushdi. Shukurki, shu aralashuvdan so'ng ikki soatlarga etib-etmay xabar keldi — Mirzaxonni yaxshi sharoitlik alohida xonaga olishibdi, ayolini chaqirtirishibdi. Kechroq o'zi yana telefon qilib, minnatdorlik bildirdi. Men “boshidan o'tkazgan tabib” deganlaridek, o'z “tajribam”ni aytib, ko'kragini erga qaratib yotishini tayinladim. Mirzaxon shu alp gavdasiga boladay sodda, beg'ubor, ishonuvchan, hammaga yaxshilik sog'inib yuradigan samimiy yigit edi. Aytganlarimni qilibdi. Ammo o'sha kunlar harorati ko'tarilib, o'zini yomon his qila boshlagan, boz ustiga qand kasali bor ekan, u bilan qo'shilib, vaziyat nihoyatda xatarli tus olgan…

Tojibar telefon qiladi, yig'lab turib “Aka, Mirzakamni opqolaylik, ahvollari juda og'ir, vrachlar ham umidli gap aytishmayapti, qandlari 27 ga ko'tarilibdi, o'pka nafas olishi 66 ga tushib ketibdi. Shundayam meni apparatga solishmasin, bo'g'ilib ketyapman shundoq ham, deb turibdilar…” Soat tungi o'nlardan oshgan. Kimga dod deb boraman, shu paytda… Oxiri, qo'l telefon raqamini topib, yana bir katta rahbarlarimizdan biriga qo'ng'iroq qildim. U nomini aytishim bilanoq, “xabarim bor, har soatda bizga axborot berilyapti, biz Samarqanddamiz, Sog'liqni saqlash vaziri o'sha kasallardan bevosita xabardor bo'lish uchun Toshkentga qaytib ketdilar, Prezidentimiz shaxsan o'zlari nazoratga olganlar, barcha choralar ko'rilyapti, ammo kasalning ahvoli o'ta og'ir” dedi.

Tojibarga qo'ng'iroq qildim, aytdim bo'lgan gaplarni, u ovozli xabar yozib, shu gaplarni Mirzakamga eshittiraylik, dalda bo'ladi dedi. Mirzaxonning salomatligi shaxsan oliy rahbarning nazoratida ekanini aytib, ovozli xabar yubordim. Ertan borib, shifokorlari bilan uchrashishni rejalashtirdim. Biroq afsus, ming afsuski, ertasi – 16 aprel kuni o'lim mujdasi keldi”, deb yozadi Rizaev.

Muallifga ko'ra, marhum Mirza Azizov Qashqadaryo safarida koronavirus dardiga duchor bo'lgan. Qaytgach esa oila a'zolari ham kasallangan.

“Fathulla Ma'sudov Xorazmga, Mirzaxon esa Qashqadaryo safariga borib kelib, shu dardi bedavoga duchor bo'lib o'tdilar. Hamsafarlarining aytishicha, Qashqadaryoda dalayu dashtni kezib, hatto bog'chalargacha borib uchrashuvlar o'tkazilibdi. Mirzaxon o'zi Toshkentdan ketishda biroz xastalanib turgan ekan. Safarda xuruj zo'rayib, poezdda kela-kelguncha harorat olovida yongan. Kelgach, bu gazanda virusni ayoliyu bolalariga ham yuqtirib, butun oila ichi bilan Zangiotadagi kasalxonaga tushgan”, deydi Rizaev aktyorning shifoxonaga tushguncha o'tkazgan kunlarini xotirlab.

Shuhrat Rizaev maqolada san'at va madaniyat sohasi vakillarini ijtimoiy himoya qilish tizimi qoniqarsiz holatda ekaniga ham to'xtalib, koronavirus blaosidan vafot etgan san'atkorlarni eslab, shunday deydi:

“Xo'sh, buning savol-javobi bormi? Ma'naviyat, madaniyat, san'at ahlini muntazam ijtimoiy hi­moyada saqlaydigan tizim bormi o'zi?! Yurtboshimizdan barcha ahli adabiyot va san'at dildan minnatdorki, mamlakatimizda bu sohalar rivojiga favqulodda imkoniyatlar yaratilmoqda, oliy farmonu qarorlar qabul qilinib, muhtasham muassasalar barpo etilmoqda. Ammo “shunday Vatanimiz bo'la turib”, o'shanday go'zal muassasalarni obod etguvchilarga quyida e'tibor o'shandaymi? Nahotki beistisno har kuni televidenie kanallarining kamida to'rt-beshtasida turli serial va ko'rsatuvlarda chiqib turgan, bugun Respublika ahliga taniqli qiyofani zangiotalik shifokorlar taniyolmagan bo'lsa? Jilla qursa, ko'zdagi adabiyot-san'at ahlini ko'z qorachig'idek asrab bilaylik. O'zbekning onasi Farmonbibining Sottixon kelini Dilbar Ikromovayu Abdurayim Abduvahobovdek “shum bola”sini, Fathulla Ma'sudu Mirza Azizovini yana qachon tug'arkin-a?!”

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri direktori Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi. 

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!