Xayirli tun, Guest!
Soat: 03:20
telegram
Qoraqalpog'istonda ayollar mashina yo'lini to'sib qo'ydi. Rasmiy munosabat bildirildi

 1 APREL, 16:55 94

.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Qonliko'l tumanida avtomobil yo'li to'sib qo'yilishiga sabab bo'lgan 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi direktori lavozimiga tiklangan E. Bekbergenovaning fuqarolik ishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Da'vogar Elmira Bekbergenova javobgar Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligiga nisbatan mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risidagi buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, ichki mehnat tartibi qoidalarini tasdiqlash tartibi buzilgan deb topish haqidagi da'vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari buyicha Nukus tumanlararo sudining 2021 yil 24 martdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar E. Bekbergenovaning da'vo talablari qisman qanoatlantirilib, Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining 2020 yil 21 dekabrdagi K-182-sonli buyrug'i bekor qilingan, E. Bekbergenova Qonliko'l tumani maktabgacha ta'lim bo'limiga qarashli 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi direktori lavozimiga tiklangan.

Ish hujjatlariga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining 2020 yil 21 dekabrdagi K-182-sonli buyrug'i bilan Qonliko'l tumani maktabgacha ta'lim bo'limiga qarashli 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim muasasasi direktori E. Bekbergenova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksi 100-moddasi (mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish) ning 2-qismi 4-bandiga asosan, ya'ni xodim o'z mehnat vazifalarini bir marta qo'pol ravishda buzganligi uchun ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan.

Mehnat shartnomasining bekor qilinishiga Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 2020 yil 18 dekabrda Qonliko'l tumani maktabgacha ta'lim bo'limiga qarashli 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasida o'tkazilgan tekshiruv natijalari bo'yicha tuzilgan ma'lumotnoma asos qilib keltirilgan.

Sud tomonidan ushbu ma'lumotnomada keltirilgan holatlar isbotlanmaganligi, mazkur holat yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv ishlari bo'yicha E. Bekbergenovaning aybini tasdiqlovchi sud hukmi mavjud emasligi hamda mehnat shartnomasini bekor qilish chog'ida kasaba uyushmasi qo'mitasining roziligi olinmaganligi inobatga olinib ish beruvchining buyrug'i noqonuniy deb topilib, bekor qilingan. 

Sudning hal qiluv qarori bilan E. Bekbergenova Qonliko'l tumani maktabgacha ta'lim bo'limiga qarashli 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi direktori lavozimiga tiklanib, hal qiluv qarori O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasi (darhol ijro etilishi lozim bo'lgan hal qiluv qarorlari) 4-bandiga asosan darhol ijroga yuborilgan.

Hozirgi kunda fuqarolik ishlari bo'yicha Nukus tumanlararo sudining 2021 yil 24 martdagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmagan bo'lib, ushbu fuqarolik ishi bo'yicha taraflar mazkur hal qiluv qarori ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyat qilishga haqlidir.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!