Xayirli kun, Guest!
Soat: 13:59
telegram
Zangiotada davolanib chiqqan blogerning hikoyasi

 21 APREL, 18:40 109

.

1 martdan aksirish boshlandi. Kechga borib isitmam ko'tarildi: 39,2 daraja. Darrov dori ichdim. Ertalab tiniqib uyg'ondim. Demak, biroz shamollaganman va o'tib ketadi, deb o'yladim. O'zi kasal bo'lib yotishni yomon ko'raman. Tushlikdan so'ng yana sovqotib, isitmam ko'tarila boshladi. Quruq yo'tal. Ta'm bilish, hid bilish joyida, faqat nafas tiqilib qolayotganga o'xshaydi. O'zimcha, gripp bo'libman-de, tuzalgach endokrinologga buqoq uchun ham tekshirtirmasam bo'lmaydi, shekilli...” deb o'yladim. Shu holda kunduzi uyda peshingacha soppa-sog' yuraman, yumushlarimni bajaraman, dard qurg'ur peshindan keyin boshlanadi. Kechqurun derazani lang ochib yotaman.   Ahvolim o'nglanmadi. Muntazam dori ichdim, uy sharoitida muolaja olsam ham tuzalmadim. Uyga mahalliy shifokorni chaqirsam, ular ko'rib zudlik bilan rentgenga tushishimni tavsiya qildilar. 11 mart kuni kech soat 20:00 da rentgenga tushsam, o'pka shamollashi diagnozini qo'yishdi va koronavirus ehtimoli borligi, buning uchun Zangiotada davolanishim shartligini aytib yo'llanma berishdi.   Uyga qaytgach, qarasam ahvolim tobora yomonlashayapti. Telegram orqali Azizaxon Xodjaeva va dugonam Evgeniya Buklage bilan maslahatlashdim. Azizaxon opa – etuk virusolog vrach, professor. Evgeniya bo'lsa o'z dugonam, hozir Germaniyada Robert Kox nomidagi tibbiyot tadqiqot institutida ilmiy faoliyat olib bormoqda hamda O'zbekistonda telemeditsinani rivojlantirish bo'yicha o'zbek-nemis xalqaro loyihasi asoschilaridan biri. O'tgan yili kasallik ayni avjiga olgan paytda O'zbekistonga kelgan. Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi epidemiya o'choqlarida faoliyat olib borgan.   Har ikkala maslahatgo'yim ham Zangiotaga yotishimni, u erda malakali shifokorlar ishlashi va sharoiti yaxshiligini menga uqtirishdi. Ertalab tez tibbiy yordam mashinasida 1-sonli Zangiota klinikasiga bordik.   Klinika qabulxonasida zudlik bilan MSKT, ekspress-test tekshiruvi o'tkazilishi natijasida menda koronavirus infektsiyasining og'ir kechishi va pnevmoniya aniqlandi. Shifoxonaga  yotqizildim.   Shifoxonada 12 martdan 30 martgacha yotgan bo'lsam, muolaja jarayonida u erda bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarning yaxshiligiga, shifokorlarning jonkuyarligiga tan berdim. Muolajani belgilash uchun har ikki kunda kerakli analizlar olinadi, vaziyatga ko'ra MRT yoki rentgen tekshiruvi amalga oshiriladi. Shifokor va hamshiralar tez-tez o'z malakasini oshirishadi, doimiy ravishda bilim-ko'nikmalari bo'yicha test topshirib turisharkan.  Kuniga uch mahal xuddi uyimizdek sharoitda tayyorlangan sifatli va quvvatli taomlar: ertalabki nonushtada, albatta, sutli kasha (shirguruch, grechkali, sulili, mankali), sariyog', kasalxona shifoxonasida pishirilgan bulochka, yonida qaynatilgan tuxum, tvorog, brinza, kolbasa kabilar bo'ladi.   Tushlikda sabzavotlardan tayyorlangan vitaminli salat bilan suyuq va quyuq- birinchi va ikkinchi taom.   Kechki payt quyuq yoki suyuq ovqat. Taomlanish payti qat'iy: ertalab 8:00 — 9:00 gacha. Tushlik 12:00-13:00 gacha. Kechki ovqatlanish 17:00-18:00 gacha.   Barcha dori-darmon muolajalari bepul amalga oshirildi. Uydan biror bir dori olib keltirganim yo'q. Palata shifokorimiz Bahodir Mamasharipov har kun ertalab mehribonlik bilan “Xo'sh, opalar...” deb, soat 10:00 da umumiy ahvolimizni so'rab palataga kiradi, qon bosimi, pulsimizni o'lchab, zarur dori-darmonlarni belgilab chiqib ketadi. Bahodirning aytishicha, virusdan butunlay forig' bo'lgach, shifoxonadan tashqariga chiqarilar ekanmiz. U o'z ukamizdek bo'lib qoldi.   (Hatto kasalxonadan chiqqach ham undan bemalol tibbiy maslahatlar olib turibmiz. Sog'lig'imizga oid bergan savollarimizga batafsil javob beradi baraka topkur).  Hamshiralar Dilnoza, Dinaralar kuniga besh mahal ukol, uch mahal tomchi dori – kapelnitsa qilishdi. Tomir jonivor ignani ko'rsa qochadigan darajaga kelib qoldiki, hamshiralar hatto ipakdek tomirimizni ham igna uchun birpasda topishadi, qo'llari engil.   Kapelnitsani qo'yib bo'lgach, ularni chaqirish uchun “hoy...” deb chaqirib o'tirmaysiz, karavotingiz tepasiga o'rnatilgan knopkali radiouzel chaqirgichi orqali tugmachani bossangiz o'zlari kelishadi. Axir hamshira va shifokorlarga ham oson emas. Bir shifokorga to'qqizta palata, bir hamshiraga 27-30 ta bemor biriktirilgan. Har sakkiz soatda shifokor va hamshiralar smena almashadi. Shifokorlar komuflyajini kiyganicha uni smena davomida echishi, ovqatlanishi umuman mumkin emas ekan.   Dastavval palatamizdagi televizorga ahamiyat bermadik. Uni qo'yishni bilmay medsanitarlar Abdurasul, Faxriddinlardan iltimos qilganimizda ular bir zumda aytganimizni og'rinmay bajarishdi.   Bemorning tuzalishi, avvalo, o'ziga bog'liq bo'lsa, so'ng shifokorga, undan keyin palatadoshlariga bog'liq bo'ladi. Palatadoshlarim Elmira, Mukarram xolalar juda ham samimiy, dilkash ayollar ekan. Elmira to'rt farzandning onasi- Yunusoboddan. Mukarram xola, kayvoni, piri-badavlat aya, obodonlashtirish boshqarmasida ishlaydilar, yaqinda pensiyaga chiqish arafasidalar. 20 kun mobaynida bir-birimizga dardkash bo'lib yotdik. Tashqariga chiqishga ruxsat bo'lmagani uchun derazamiz oynasi doim ochiq. Tashqariga qarasangiz ko'm-ko'k maysa va archalarni ko'rib o'zingizni kurort statsionarda yotgandek his qilasiz. Boshida foydalangan kislorod ballonchalaridan ham oxirgi haftalarda foydalanmay qo'ydik. Yomg'irdan keyingi ozonga to'yingan havoda miriqib o'pkamiz ham, miyamiz ham nafas oldi. Shundan bo'lsa kerak, tezroq tuzaldik.   Afsuski, Elmira biz chiqishimidan to'rt kun oldin boshqa bo'limga o'tkazildi. Sababi, undagi koronavirus infektsiyasi avval 14 yoshli qiziga, so'ng 8 yoshli qiziga o'tibdi. Barcha oila a'zolari teeshirilgach esa 12 yoshli qizi, 2 yoshli o'g'li va turmush o'rtog'ida ham virus infektsiyasi aniqlandi. Ular oilaviy bo'lib Zangiotada muolaja olishdi. Elmira 2 yoshli o'g'liga qarashi uchun iltimos qilib bolalar bo'linmasiga o'tdi. Hozir, shukrki, sog'-omonlikda uyga tuzalib chiqishdi.  (Bu keltirib o'tganim, virusning yuquvchanligi bilan hazillashib bo'lmasligiga yorqin misol.)  Kasalxonada yotganimda Azizaxon opaning muntazam xabar olib turganlari, dugonam Aziza Umarovaning: “Nigora, yordam kerak bo'lsa, ayting”, degan daldasi, Evgeniyaning Germaniyadan ish yuzasidan Toshknntga kelganida daf'atan palatamga kirib kelib “syurpriz” qilgani, yaqin insonlarimning muntazam ma'naviy ko'maklari ancha kayfiyatimni ko'tardi. Borligiga shukur! Zangiota kasalxonasida telefon, internetdan bemalol foydalanish, o'zingiz uchun zarur bo'lgan narsalar (kitob, daftar, meva-cheva) ni uydan olib keltirishingiz mumkin.  Hozir ancha yaxshiman. Aytmoqchi bo'lganim, o'zingizni ehtiyot qiling, azizlar!     Nigora Umarova,  bloger

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!