Xayirli tong, Guest!
Soat: 11:15
telegram
Rasmiy veb-saytlarimiz talabga javob beradimi?

 21 APREL, 16:00 113

.

Prezidentimizning 2019 yilning 4 oktyabr sanasida e'lon qilingan «Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o'zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroriga ko'ra  respublikamizdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o'zining rasmiy veb-saytlariga ega bo'lishlari talab etiladi.

To'g'ri, hozirda deyarli barcha davlat organlari o'z saytlariga ega. Ammo ularning hammasi ham belgilangan talablarga javob beradimi? Rasmiy saytlarning aksariyatida ma'lumotlar yillab yangilanmaydi, ularda hato va kamchiliklar talaygina, ko'rsatilgan telefon raqamlariga qo'ng'iroq qilib “yillab” javob kutishingiz ham mumkin...

Ho'sh, rasmiy veb-saytlarga oid aniq talablar belgilab berilganmi?

Albatta! Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlariga qo'yilgan asosiy talablar Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarorida batafsil ko'rsatib o'tilgan.

RASMIY VEB-SAYTLARGA QO'YILGAN ASOSIY TALABLAR NIMALARDAN IBORAT?

Rasmiy veb-saytlarda joylashtirish majburiy bo'lgan axborotlar quyidagilar:

Tashkilot haqida umumiy ma'lumotlar (huquqiy maqomi, tarkibiy bo'linmalari, tashkiliy tuzilmasi, vazifalari va funktsiyalarini kabi); Organ faoliyatiga doir barcha qonun va normativ-huquqiy hujjatlar; Tashkilot faoliyati bilan bog'liq turli ma'lumotlar, shartnomalar; O'tkazilgan majlislar va ommaviy tadbirlari to'g'risidagi ma'lumotlar, kundalik faoliyat to'g'risidagi boshqa axborotlar; Rasmiy veb-saytning axborot materiallaridan foydalanishda unga havolalar majburiy ko'rsatilishi to'g'risidagi talab; Saytdan foydalanish, shuningdek saytdagi mavjud atamalarning ahamiyati bo'yicha yo'riqnoma; O'zbekiston Respublikasiga investitsiya kiritish maqsadida qaror qabul qilish uchun zarur bo'ladigan statistik va boshqa axborotlar.

Agarda organ tomonidan elektron davlat xizmatlari ko'rsatilsa, u holda quyidagilarlar ham veb-saytda majburiy tartibda taqdim etilishi kerak bo'lgan qator talablar mavjud (Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarori).

Yuqorida ko'rsatib o'tilgan qarorda rasmiy veb-saytni yuritishga qo'yiladigan talablar ham aniq belgilangan bo'lib, unga ko'ra rasmiy veb-saytga joylashtirilayotgan axborotlarning sanasi ko'rsatilishi va ular muntazam yangilab borilishi kerakligi ko'rsatilgan.

Qolaversa, rasmiy veb-saytlar mobil qurilmalar uchun adaptatsiya qilingan dizaynli veb-sayt versiyasi, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun qo'shimcha qulayliklarni taqdim etish (kontrastni qo'shish, shriftni kattalashtirish, ovoz jo'rligi funktsiyalari va boshqalar)ga ham ega bo'lishi va veb-saytga xavfsiz kirishni ta'minlashlari shart.

RASMIY VEB-SAYTNING TARKIBIGA QO'YILADIGAN TALABLAR:

Rasmiy veb-sayt axborotlari tarkibi uning faoliyati xolisona yoritilishini ta'minlashi kerak; Veb-saytga joylashtirilgan axborot ishonchli bo'lishi kerak. Organ rahbarlari saytga joylashtiriladigan axborotlarning ishonchliligi uchun javob beradilar; Rasmiy veb-saytga joylashtiriladigan axborot ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan axborot bilan teng kuchga ega bo'ladi; Rasmiy veb-saytda davlat sirlariga, xizmatda foydalanishga taalluqli va qonun hujjatlari bilan e'lon qilish va tarqatish taqiqlangan boshqa axborotlar bo'lmasligi kerak.

 

Eslatma: 2021 yil 10 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 61-son qaroriga ko'ra, 2022 yilning dekabr oyiga qadar internet tarmog'idagi O'zbekiston Respublikasi rasmiy veb-saytlari lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga to'liq o'tkaziladi.

 

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!