Xayirli kun, Guest!
Soat: 12:39
telegram
Alisher Uzoqov Prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat yo'lladi (+video)

 21 APREL, 06:05 122

.

Aktyor, rejissyor Alisher Uzoqov «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi. Intervyu Dubay shahrida bo'lib o'tdi.

Suhbat davomida Alisher Uzoqov Prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat yo'lladi.

Nima uchundir Ma'murjon Uzoqov nomidagi Marg'ilon milliy istirohat bog'idan bobomning nomlari olib tashlandi. Bu menga juda qattiq ta'sir qilgan. Bobomning nomlari bo'lgunga qadar juda katta-katta daraxtlar bor edi, orqada soy bor edi, salqin bog' edi, juda salqin edi. Kirsangiz xuddi Shveytsariyaga tushib qolgandek bo'lardingiz. Hozir boring, shunaqa kichkina daraxtchalar ekib qo'yishgan, necha yillik katta daraxtlarni chopib, bog' fayzsiz bo'lib qolgan, umuman avvalgi holatidan hech nima qolmagan.

Shu vaziyatdan foydalanib muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevga murojaat yo'llamoqchiman. U bog'dan aynan nima sababdan Ma'murjon Uzoqovning nomlarini olib tashlab, ularning o'rniga O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning nomi berilganini bilmayman. Erkin Vohidovdek insonlar 100 yilda ham tug'ilmasa kerak, oxiratlari obod bo'lsin, ilohim, ularga hech qanday xusumatim yo'q, hurmatim cheksiz.

Lekin bir narsa borki, Ma'murjon Uzoqov o'sha bog'da qo'shiq aytib turganida jon berganlar. Ma'murjon Uzoqov Marg'ilonda tug'ilib, Marg'ilonda 59 yoshlarida vafot etganlar. Ma'murjon Uzoqov o'sha bog'da jon berganlarida Shukur Burxonovning tizzalariga tushganlar. Ma'murjon Uzoqov o'shanda qo'shiq aytib, jon bergan paytlarida shifokorlar ularga qo'shiq aytishni taqiqlab qo'ygan bo'lgan.

Balki bu narsa bobomning oxiratlari uchun xizmat qilmas, lekin shu bog'ning bobomning nomiga qaytarib berilishini juda xohlardim. Shuni iltimos qilib qolaman.

Ma'murjon Uzoqov, Jo'raxon Sultonovlar odamlarning esidan chiqib ketmoqda. San'atning buzilayotganini shundan bilsa ham bo'ladi.

Mustaqillik bayramlarimiz, 1991 yildan hozirga qadar Navro'z bayramlarining birortasi ham Ma'murjon Uzoqovning qo'shiqlarisiz o'tganini bilmayman. Hech bo'lmasa ‘Jonon bo'laman’, ‘Mustahzod’, ‘Suratiy’ qo'shiqlari, albatta, kuylanadi.

Bu insonlar san'atimiz poydevori-ku. Shu o'rinda Erkin Vohidov buyuk ijodkor bo'lganliklarini aytib o'tmoqchiman.

Ammajonim shu bog' uchun juda ko'p harakat qildilar. Ammam – bobomning qizlari Zuhra Uzoqova ancha harakat qildilar. Biroq iloji bo'lmadi. Imkoni bo'lsa, shu bog'ga bobomning nomini qaytarib beraylik.

O'sha bog'da, o'sha davrlarda Ma'murjon Uzoqov nomidagi shunaqa katta festivallar bo'lar ediki, u festivallar yosh iste'dodlarni maqom yo'nalishda chiqarib berardi. Orolmirzo Safarov, rahmatli Shuhrat Qayumov, Dilnura Qodirjonovalar o'sha festivallarda nom qozongan. Hozir u festivallar yo'q.

Alisher Uzoqov, aktyor, rejissyor, prodyuser

Ma'lumot uchun, Alisher Uzoqov «Janob hech kim», «Uylanish», «Tundan tonggacha», «So'nggi lahza», «Islomxo'ja», «Elparvar», «Mening akam bo'ydoq», «Endi dadam bo'ydoq» kabi filmlarda bosh rollarni ijro etgan.

«Muzlagan», «Kuzda gullagan daraxt», «Mening akam bo'ydoq», «Endi dadam bo'ydoq» kabi filmlarga rejissyorlik qilgan. Alisher Uzoqov hozirgi kunda Dubay shahrida «Smart bolla» deb nomlangan xalqaro IT kompaniyada faoliyat yuritmoqda.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!