Hi, Guest!
Soat: 12:28
LoginA'zo bo'lish
Library | Hikoyalar | Nuriddin Ismoilov asari: “Shayton zanjiri” (3-qism)
« Avvalgi 1 2
«Zo'r gap. Ko'nglimdagi gap. Mening ham sening sovuqdan-sovuq basharangni ko'rishga ortiq toqatim yo'q».
Eshikni orqasidan yopganimda peshonamdagi terni his etdim. Terni sekin artayotgandim, meni shu yerga olib kelgan yigit ko'rinish berdi. Kiyim-kechak ko'tarib kelibdi. Jinsi shim bilan oq futbolka. Yana krossovka. Oldim. U yo'l boshladi. Ortidan ketdim. To'g'risini aytsam, bu labirintda boshim aylanib ketdi.
Chapga, o'nga, to'g'riga, so'ng ikki marta chapga burilgach, eshik yonida to'xtadik. Ichkariga kirdim. Hammom bor ekan. Qon yuqi bo'lgan kiyimlarimni yechib, cho'mildim-da, berilgan kiyimlarni kiyib oldim. So'ng chiqdim. Yana labirint. Besh daqiqadan ko'proq yurgach, bu binoga ilk kirgan joyimga tushib bordik.
— Endi to'g'ri yotog'ingga ket. Ertaga qaymoq rangli «Jiguli» boradi.
Hamma yoqlarini chet elning mashinalari bosib yotibdi-yu, meni olib ketgani «Jiguli» borarkan. Mayli, shunisiga ham shukr.
U qo'limga ikki yuz ming so'm berdi. Keyin ketishimga ruxsat tegdi.
Vaqt allamahaldan ham oshgan ekan. Katta yo'lga chiqib ancha turganimdan so'ng «Matiz» to'xtadi. Insofi bor odam ekan, ola ketdi.
Mening butkul tinka-madorim qurigan edi. Shu bois xonamga kirishim bilan o'zimni karavotga tashlab, dong qotib uxlab qoldim.
Ertalab xonadoshim turtkiladi. «Tur, o'qishga kechga qolasan», dedi. Unga qo'limni siltadim. Bormayman, dedim bo'g'iq ovozda. Ammo birdan xayolimga qaymoq rangli «Jiguli» keldi-yu, uyqum ochilib ketdi.
Kecha kechki ovqatni yemagan edim. Yuvinib kelganimdan so'ng rosa ochqaganimni his etdim va xonamizdagi shkafni ochib qaradim. Bir burda qotgan non turibdi. «Hozir shu ham men uchun katta gap. Keyin u yog'i bir gap bo'lar. Muhimi, cho'ntagimda pul bor, biror joydan qorinni amallarman», deya xayolimdan o'tkazdim.
Gap eshitdim. «Tushgacha yotasanmi, sasib», dedi meni olib ketgani kelgan odam. Sochi oppoq, biror ellikni urib qo'ygan edi u.
— Ertalabga yaqin kelgandim, — deya o'zimni oqlamoqchi bo'ldim.
— Menga desa hozir kelmaysanmi? Birinchi va oxirgi martasi bo'lsin. Keyingi safar o'zingdan ko'r!
Voy-bu, dag'dag'aning ahvolini qarang. Indamasang, boshingga chiqib, bilgan ishini qiladigan chog'i bor. Lekin indamayman. Hamma narsaning o'z vaqti-soati bor.
— Shefning o'g'lining yonida yurasan. Gapirmaysan. Buyrug'ini so'zsiz bajarasan. Tushundingmi?
— Ha.
— Bilib qo'y, mabodo gripp bo'lib qolsa ham javobgarsan.
— Bu yog'idan xavotir olmang. Shamol-pamolni yoniga yaqinlashtirmayman. Boshqa narsalarni-ku, qo'yaverasiz.
Gapim unga yoqmadi. O'qrayib qarab qo'ydi. Shu bilan ikkimiz ham mum «tishladik». Shahar markazidagi «Original biznes bank» yonida to'xtadik. Haydovchi meni tushirdiyu, o'zi jo'nab ketdi. «Bankka kiraverishingda kutib turishibdi seni», dedi ketar chog'i.
Haqiqatan ham, kutib turgan ekan. Taxminan o'zim qatori yigit.
— Bir daqiqaga kechga qoldingiz, — dedi u men bilan qo'l berib ko'rishganidan so'ng. — Hozir kiyimlaringizni almashtirasiz. Keyin Bo'stonliqqa jo'naymiz.
Bizga ham och ko'kimtir kostyum-shim, oq ko'ylak, qizil bo'yinbog', yaltiragan tufli yarasharkan. Oynaga qaradim. Tanimay qoldim. Menmanmi, men emasmanmi? Albatta, menman, Jasurman! Shefga tegishli bo'lgan, jiddiy odamman endi. Kerak bo'lsa, shefning bog'boni ham jiddiy. Uncha-munchalarni bir cho'qishda qochiroladigan jiddiy.
O'zimda yo'q xursand bo'lib, tashqariga chiqsam, qop-qora inomarka kutib turibdi. Orqa o'rindiqda meni bankda kutib olgan yigit o'tiribdi.
— Tanishib olaylik, — dedi u men yoniga joylashishim bilan, — ismim Odil. Kechayu kunduz qariyb yonma-yon yuramiz. Mening imo-ishoralarimga jiddiy e'tibor bering. Ignaning uchiday ham xato bo'lmasligi shart.
— Xabarim bor hammasidan.
— Ketdik unda.
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2