Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:39
LoginA'zo bo'lish
Ro'zani ochib yuboruvchi zamonaviy omillar

 18 APREL, 05:40 102

.

Olimlar ro'zani quyidagi to'rt narsa ochib yuborishligiga ijmo' qilganlar

1. emoq 2. ichmoq 3. jinsiy aloqa 4. hayz va nifos

" ro'zani ochib yuboruvchi zamonaviy omillar" deyilganda esa, yangi paydo bo'lgan narsalar tushunilib, ular quyidagilardir:

Birinchi omilnafas qisishiga qarshi purkaluvchi dori: Mazkur dori suyuq bo'lib, uch unsurdan tarkib topgan: suv, kislorod va ba'zi tibbiy moddalar. Ushbu dori ro'zani ochadimi yo'qmi? Yangi asr olimlari bu borada turlicha fikr yuritadilar: 1.U ro'zani ochmaydi. Bu ko'pchilik olimlarning so'zlari hamda doimiy fatvo qo'mitasining fatvosidir. A) chunki, ro'zador uchun og'iz va burun chayqash mumkin va bunga barcha ijmo' qilgan. Ma'lumki, og'iz chayqashdan so'ng ma'lum miqdordagi suv og'izda qolib ketadi va mazkur suv qoldig'i so'lakni yutish orqali oshqozonga kirib boradi. B) huddi shu kabi nafasni qisishga qarshi purkagichdan sepilgan dori ham avval o'pka so'ng oshqozonga etib boradi va bu juda ham oz miqdorni tashkil etadi. Shunga ko'ra uni ham og'iz chayqalgandan so'ng qolib ketgan suvga qiyoslanadi. Bunga sabab, bir kichik purkagich ichida 10 mg. suyuqlik bo'lib, u 200 marta sepishga mo'ljallangan bo'ladi. Bir marta sepilganda esa, 05 mg. suyuqlik ajrab chiqadi va bu juda ham oz miqdorni tashkil etadi. V) mazkur purkagichdan sepilgan dorining oshqozonga etib borishi aniq emas balki unda gumon bor. Shunga ko'ra ro'za buzilmaydi chunki fiqhiy qoidaga ko'ra, aniq bor narsa gumon bilan yo'q bo'lmaydi G) bu eyish va ichishga kirmaydi balki tahlil uchun qon olish yoki quvvat bermaydigan ukol olishga o'xshaydi D) tabiblar misvokda sakkiz xil kimyoviy moddalar mavjudligini bayon qilganlar. Hol buki ro'zadorga misvok ishlatish mutlaq ya'ni kunduzi ham joizdir va shaksiz misvokdagi kimyoviy moddalar oshqozonga etib boradi. Demak, purkagichdan sepilgan dori misvokdan ajrab chiqqan moddalar kabi ro'zaga zarar bermaydi. Ikkinchi fikrga ko'ra: ro'zador mazkur dorini iste'mol etishi mumkin emas. Agar o'ziga boshqa chora topolmasa ushbu dorini sepadi va keyinchalik sog'ayib ketganidan keyin bir kuniga bir kundan qazo tutib beradi. Mazkur fikr egalarining dalillari: ushbu purkagich ichidagi suyuqlik oshqozonga og'iz orqali kirib boradi va bu ro'zani ochadi. Ikkinchi fikrga qarshi javob: agar mazkur suyuqlikni oshqozonga etib borishiga taslim bo'linsada, ushbu miqdor yuqorida ta'kidlaganimiz kabi juda ham kamdir va uning hukmi og'iz chayqalgandan keyin qolib ketgan suvniki bilan bir xil bo'ladi. Shunga ko'ra, birinchi fikrni olimlar ikkinchisidan ustun qo'yganlar va ro'zani ochilmasligiga hukm qilganlar.

Ikkinchi omil: til ostiga tashlanuvchi tabletkalar: Ya'ni: yurak xurujini davolash uchun til ostiga tashlanuvchi tabletkalar bo'lib, ular darhol so'rilib ketadi va qon orqali yurakka etib boradi natijada paydo bo'lgan yurak xuruji to'xtaydi. Ushbu tabletkalarning hukmi: ro'zador uchun ularni iste'mol qilish joiz, chunki ulardan biror narsa ham qorin bo'shlig'iga etib bormaydi balki og'izning o'zida so'rilib ketadi va shunga ko'ra ular ro'zani ochuvchi emasdirlar.

Uchinchi omil: oshqozonni ko'ruvchi tibbiy ko'zgu: U tibbiy jihoz bo'lib, og'iz orqali avval halqum so'ng o'pka so'ng oshqozonga kiradi. Undan ko'zlangan foida: mazkur jihoz oshqozondagi yarani ko'rsatadi yoki u orqali oshqozonning ba'zi bo'laklarida jarrohlik amaliyotini o'tqaziladi va bulardan boshqa tibbiy maqsadlarda istifoda qilinadi. Yuqoridagi olimlar bu haqida shunday deganlar: Fiqhiy masalalar bayonida: ro'zadorning qorin bo'shlig'iga ozuqadan bo'lak narsalar masalan: mayda toshlar yoki temir bo'laklari va shu kabi narsalar kirsa va tibbiy ko'zgu ham shular jumlasidandir ro'zani ochib yuboradimi? Ilm ahlining ko'pchilik qismiga ko'ra: bu narsa ro'zani ochib yuboradi. Ya'ni qorin bo'shlig'iga kirgan har bir narsa ro'zani ochadi lekin hanafiy mazhabida qorin bo'shlig'iga kirgan narsa u erda o'rnashib qolsagina ro'zani ochadi deb shart qilganlar, qolgan mazhab vakillari esa, bunday shart qo'ymaganlar. Ya'ni hanafiy mazhabiga ko'ra, bir narsani ipga bog'lab so'ng uni oshqozonga tushirsa va bir ozdan so'ng uni qaytarib olsa ro'zasi ochilmaydi. Yuqoridagi olimlarning dalillari: Payg'ambar s.a.v. ro'zadorga surma qo'yishdan saqlanishni buyurdilar. Shunga ko'ra, mazkur tibbiy ko'zgu ko'pchilik faqihlarning ra'ylarida ro'zani ochib yuboradi. Hanafiy mazhabida esa, ochmaydi chunki u oshqozonda qolmay balki qaytib chiqadi. Ikkinchi fikrga ko'ra: bu kabi ozuqa bo'lmaydigan narsalar ro'zani ochmaydi masalan temir yoki tosh bo'laklarini yutsa ro'zasi ochilmaydi. Bu ba'zi hanbaliy va molikiy mazhab vakillari ixtiyor etgan narsadir. Bunga sabab, kitob (qur'on) va sunnatdagi dalillarga binoan ro'zani ozuqa bo'luvchi narsalar ochib yuboradilar. Yuqoridagi surmadan saqlanish haqidagi hadis esa zaif hadisdir. Shunga ko'ra, u ya'ni tibbiy ko'zgu ro'zani ochmaydi. Ammo mazkur ko'zguga uning oshqozonga kirishi oson bo'lishi uchun ozuqaviy yog' surtilsa u holda hukm o'zgaradi va bu xilda yutilgan tibbiy ko'zgu ro'zani ochadi.

To'rtinchi omil: burunga tomiziluvchi dorilar bo'lib, ular ro'zani ochadimi? Keyingi davr olimlari bu borada ikki xil fikr yuritadilar. Birinchi fikrga ko'ra: mazkur tomizish ro'zani ochadi. Ularning dalillari: Laqit ibn Sabura zikr qilgan hadisda payg'ambar s.a.v. unga "G'usl qilayotganingda burningi ichiga to'liq suv etqazgin magar ro'zador bo'lsang unday qilma ya'ni suvni qattiq tortma" deganlar. Demak, bu shuni ko'rsatadiki: burun oshqozon uchun bir yo'l. Shunga ko'ra, burunga suv tomizishdan ham payg'ambar s.a.v. qaytargan hisoblanadilar. Yana payg'ambarimiz s.a.v. ning burunga suvni qattiq tortishdan qaytarishlari zaminida boshqa har qanday narsaning ham oz bo'lsada burunga kirgazishdan man' etilganiga dalolat yotadi. Chunki, burunga suvni qattiq tortilganda kirgan suv miqdori ham ozni tashkil etadi. Ikkinchi fikr egalari esa: mazkur tomizish ro'zani ochmaydi deydilar. Ularning dalillari: yuqorida og'iz chayqalgandan keyin qolgan suvga qiyosan burunga tomizilgan tomchidan oshqozonga etib boradigani ham juda oz miqdorni tashkil etadi. Chunki, bir tomchi suv= 0.06 sm. kubga tengdir. Mazkur tomchi burunga kirar ekan undan o'tib oshqozonga etib borishi qiyin va borgani ham oz miqdorni tashkil qiladi. Shuning uchun mazkur miqdorni afv qilinadi. Shuningdek, asl qoida ro'zaning durustligidir. Uning bu yo'l bilan ochilishi esa, shak-shubhalidir. Asl qoida esa, ro'zani durust holda qolishi chunki aniq narsa gumon bilan yo'q bo'lmaydi. Ushbu har ikkala fikr ham quvvatda tengdirlar.

Beshinchi omil: burunga purkaluvchi dori: Bu boradagi bahs ham yuqorida og'izga purkaluvchi doridagi kabi bo'lib, burunga purkaluvchi dori ham ro'zani ochmaydi.

Oltinchi omil: Behush qilish (anesteziya) U bir necha turga bo'linadi: 1. burun orqali juz'iy ya'ni to'liq kun davomida emas balki ma'lum bir soatlarga qadar va insonning barcha a'zolarini emas balki ma'lum bir qismini behush qilish. Ya'ni bemor gazli moddani hidlaydi va bu uning asab tolalariga ta'sir o'tqazadi, natijada behushlik sodir bo'ladi. Bu esa, ro'zani ochmaydi chunki, burunga kirayotgan gazli modda jism emas hamda ozuqaviy moddalarga ham ega emasdir. 2. Xitoyliklarga xos bo'lgan juz'iy behush qilish: Bu quruq ignani teri ostidagi sezgi markazlariga yuborish bilan amalga oshiriladi. Natijada, mazkur igna ichki sekretsiya bezlarini qo'zg'otadi va ular jism tarkibida mavjud tabiy morfiy moddasini ajratib beradilar va shu yo'l bilan bemor sezish qudratini yo'qotadi. Bu modomiki badanning barchasini emas balki ma'lum bir qismini behush qilsa ro'zani ochmaydi. Chunki, bu usul qo'llanganda qorin bo'shlig'iga hech qanday modda kirib bormaydi. Emlash (shprits) orqali juz'iy behush qilish: Bu tez ta'sir qiluvchi dorini shprits orqali qon tomirga yuborish bilan amalga oshadi. Natijada, bemor sanoqli soniyalarga og'riqni sezmay turadi. Bu ham modomiki juz'iy bo'lib, qorin bo'shlig'iga etib bormas ekan ro'zani ochmaydi.

4: Kulliy ya'ni insonning butun tanasini behush qilish. Bu borada ham olimlar turlicha fikrdadirlar. Qadimdagi olimlar behush bo'lgan odamning ro'zasi durust bo'ladimi? Degan savol ustida bahs yuritganlar va bu ikki holatdan xoli emasdir. 1: ro'zadorning kunduzining barcha qismida behush bo'lmog'i va kunning biror bo'lagida ham o'ziga kelmasligi bo'lib, ko'p qism olimlar mazkur kimsaning ro'zasi durust deb hisoblanmaydi deganlar. Bunga dalil: payg'ambar s.a.v. hadisi qudsiy da "Odam bolasining barcha qilgan amallari o'zi uchundir magar ro'za chunki u men uchundir va men unga loyiq mukofotni o'zim beraman. Chunki, bandam kun davomida men uchun ovqatlanish va shahvatini tark qilayabdi" dedilar. Mazkur hadisda ovqatlanish va jinsiy aloqadan tiyilishni ro'zadorga nisbat berilmoqda. Behush kimsaga nisbatan bu ma'no to'g'ri kelmaydi. (ya'ni behush kimsa bu amallarni o'z ixtiyoricha bajarmadi shuning uchun u ro'za tutgan deb hisoblanmaydi). 2: kun davomida emas balki kunduzining ma'lum bir qismida behush bo'lish. Bu esa, ayni ixtilof o'rnidir. U kunduzining bir qismida o'ziga kelsa uning ro'zasi durustdir. Bu Ahmad va Shofeiylarning so'zlaridir. Imom Molikga ko'ra: uning ro'zasi mutlaq durust emas. Abu Hanifa r.h. ga ko'ra esa: behush odam zavol (peshin vaqti kirishidan sal oldin) o'ziga kelsa qaytadan ro'za tutishga niyat qiladi va uning mazkur ro'zasi durust bo'ladi. Chunki, ro'zaga niyat qilish kunduzining zavoldan oldingi qismida paydo bo'ldi. Shunga ko'ra, tibbiy behush qilishdagi hukm ham tabiy behush bo'lishga qiyoslanadi va har ikkisining hukmi bir xil bo'ladi.

Ettinchi omil: quloqqa dori tomizish: Ya'ni: tibbiy moddalardan iborat dorini quloqqa quyilsa, ro'zani ochadimi yo'qmi? Muqaddam o'tgan olimlar "ro'zador qulog'iga suv tomizib o'zini davolashi" haqidagi masalada bahs yuritganlar. Ularning ko'plari: uning ro'zasi ochiladi deganlar. Hanbaliy mazhabida: quloqqa tomizilgan suv qachonki dimog'ga etib borsa ro'zani ochadi deyilgan. Ikkinchi fikrga ko'ra: ro'za ochilmaydi va bunga sabab: quloqqa tomizilgan narsa dimog'ga etib bormaydi, etib borgan taqdirda ham to'g'ridan to'g'ri emas balki badandagi teshiklar orqali boradi. Zamonaviy tibbiyotga ko'ra: quloq bilan dimog' orasida suyuqlikni o'tqazib yuboruvchi yo'l yo'q. Faqat bir holatdagina yo'l bo'lishi mumkin. Ya'ni quloq pardasida teshik paydo bo'lsa, shu holdagina quloqqa tomizilgan suv dimog'ga o'tishi mumkin. Shunga ko'ra, quloq pardasi butun bo'lgan holatda unga biror dori tomizishlik ro'zani ochmaydi. Masala: quloq pardasida teshik bo'lsa, unga dori quyishning hukmi burunga dori quyishning hukmi bilan bir xil bo'ladi va bu yuqorida bayon etildi.

Sakkizinchi omil: quloqni yuvish: Buning hukmi ham quloqqa dori tomizish bilan bir xildir. Ammo olimlar quloq pardasida teshik bo'lsa va uni yuvilsa quloq ichiga kirajak suv miqdori ko'p bo'lgani uchun ro'zani ochib yuboradi deganlar. Demak, quloqni yuvish ikki qismga bo'linadi: 1. parda mavjud bo'lsa ro'za ochilmaydi. 2. quloq pardasida teshiklar bo'lsa ichkariga kirgan suv miqdori ko'p bo'lgani uchun ro'za ochiladi.

To'qqizinchi omil: ko'zga dori quyish: Bu borada ham keyingi davr olimlari turlicha fikr bildiradilar va bu yuqoridagi ixtilof sabablidir. Ya'ni ko'zga surma qo'yish masalasida u ro'zani ochadimi yo'qmi? Birinchi fikrga ko'ra: ro'za ochilmaydi va bu hanafiy va shofeiy mazhabining so'zidir. Bunga dalil: ko'z bilan qorin bo'shlig'i orasida yo'l bo'lmaydi va shunga asosan ro'zador ko'ziga surma qo'ysa uning ro'zasi ochilmaydi. Ikkinchi fikr egalari: ya'ni molikiy va hanbaliy mazhabidagilar esa: surma qo'yish ro'zani ochadi deydilr. Chunki ularga ko'ra: ko'z bilan qorin bo'shlig'i orasida yo'l mavjuddir. Shunga ko'ra, keyingi davr olimlari ham ko'zga dori tomizish masalasida ikkiga bo'linadilar. Birinchi fikr: ko'zga dori quyish ro'zani ochmaydi va bunga sabab: bir tomchi dori 1 sm.kubdan =0.06ga teng bo'lib, bu miqdor hech qachon oshqozonga etib bormaydi. Chunki, bu dori tomchisi ko'z yosh yo'lidan o'tish paytida butunlay so'rilib ketadi va tomoqqa etib bormaydi. Agar bordiyu uni oshqozonga etib boradi deb tasavvur qilsakda, mazkur etib borgan miqdor juda ozni tashkil qiladi va ushbu miqdorni afv etiladi va bu huddi og'iz chayqashdan so'ng qolgan suv miqdoriga qiyoslanadi. Shuningdek, ko'zga dori tomizishdan qaytarilgan hech qanday shar'iy hujjat mavjud emas. Ikkinchi fikrga ko'ra: u surma kabi ro'zani ochib yuboradi. To'g'ri fikr esa: mazkur dori tomizish ro'zani ochmaydi. Garchi tibbiyot ko'z bilan qorin bo'shlig'i orasida burun orqali yo'l mavjudligini isbot qilgan bo'lsada, mazkur tomchi ko'z yosh yo'llaridan o'tayotgan vaqtida so'rilib ketadi va natijada u tomoqqa ham etib bormaydi. Demak, oshqozonga aslo etib bormaydi garchi etib borganda ham juda oz miqdordagisi boradi va ushbu miqdorni og'iz chayqashdan so'ng og'iz ichida qolib ketgan suv miqdoriga qiyosan afv etiladi. Ammo ushbu tomchini surmaga qiyoslash noto'g'ridir. 1. chunki, surma qo'yish ro'zani ochishi haqida shar'iy dalil mavjud emas. Yuqorida bu borada keltirilgan hadis esa, zaif hadisdir. 2. ko'zga dori tomizishni surma qo'yishga qiyoslash hali hukmi sobit bo'lmagan balki ixtilofli bo'lgan narsaga qiyoslashdir va bu durust emas. 3. yuqorida bayon etilgan birinchi fikr egalarining dalillari surma ro'zani ochmasligi uchun etarlidir.

O'ninchi omil: tibbiy emlash (in'ektsiya) Bu quyidagi qismlarga bo'linadi: 1. teri ostiga in'ektsiya qilish (dori yuborish). 2. mushaklarga dori yuborish. 3. qon tomirlarga dori yuborish. Bular orasidan teri va mushaklarga insonga quvvat bermaydigan dorilarni shprits orqali yuborish yangi asr olimlariga ko'ra ro'zani ochmaydi. Bunga dalil: asl qoida ro'zani durustligi bo'lib, uni buzilishi uchun dalil kerak. Shuningdek, mazkur emlashlar eyish-ichish yoki ularni ma'nosidagi narsa ya'ni ozuqa olish hisoblanmaydi. Ammo, qon tomirga insonga quvvat beruvchi dorilarni yuborish borasida olimlar orasida ixtilof mavjud. Birinchi fikr: mazkur qon tomirga insonga quvvat beruvchi dorilarni yuborish ro'zani ochib yuboradi. Bu Islom Fiqhi Akademiyasining qaroridir. Bunga sabab: ushbu dori eb-ichishni ma'nosida ya'ni ozuqa olish hisoblanadi chunki, shunday dorini qabul qilgan shaxs odatda ovqatlanishga ehtiyoj sezmaydi. Ikkinchi fikr: u ro'zani ochmaydi. Chunki, ushbu dori odatdagi yo'llar orqali qorin bo'shlig'iga kirmaydi. Kirgan taqdirda ham, teridagi teshiklar orqali boradi va bu qorin bo'shlig'iga kirmaydi va uning hukmini ham olmaydi. Haqiqatga yaqin fikr: mazkur qon tomirga emlash ro'zani ochadi chunki ro'zani ochilishiga olib keluvchi shar'iy omil faqatgina qorin bo'shlig'iga biror narsani kirib borishi emas, balki badanning ozuqalanishidir va bu igna yo'li bilan amalga oshirilmoqda. Masala: Qandli diabet kasaliga mubtalo bo'lgan bemorlar qabul qiladigan ukol dorilar ro'zani ochmaydi.

O'n birinchi omil: teri ustiga surtiluvchi moy, krem va malham dorilar: Teri ostida qon tomirlari mavjud bo'lib, ular teri ustiga surtilgan narsani tuk yo'llari orqali so'ra boshlaydi va bu jarayon juda sekin amalga oshadi. Shunga ko'ra, teri ustiga surtilgan narsa ro'zani ochadimi? Qadimdagi aksariyat faqihlar bu narsa ro'zani ochmaydi deganlar. Islom Fiqhi Akademiyasining qarori ham shunday. Ba'zilar bugungi kundagi barcha yangi asr olimlari mazkur hukmga ya'ni teri ustiga surtilgan narsalar ro'zani ochmasligiga ijmo' qilganlar deb aytadilar.

O'n ikkinchi omil: arteriya-qon tomirga kateter qo'yish: U qon tomirga kirgaziluvchi ingichka shlanka bo'lib, uni dori quyish yoki ichkarini ko'rish maqsadida kirg'aziladi. Islom Fiqhi Akademiyasi mazkur kateter ro'zani ochmasligiga hukm qilgan. Chunki, u insonga hech qanday ozuqa bermaydi va ikkinchidan oshqozonga etib bormaydi.

O'n uchinchi omil: buyrakni yuvish: u ikki xil yo'l bilan amalga oshiriladi: 1. "Sun'iy buyrak" deb nomlanuvchi asbob yordamida yuvish. Bu inson tanasidagi barcha qonni mazkur asbobga tortib olib, so'ng ushbu qonni zararli moddalardan tozalanadi so'ng qonni qaytadan inson jismiga vena qon tomirlari orqali qaytariladi. Gohida mazkur jarayon davomida qon tomirlardan insonga ozuqa beruvchi dorilarni yuborib turishga majbur bo'linadi. Ikkinchi uslub: qorin po'sti orqali amalga oshiriladi: Ya'ni: kindik ustidan qorin po'stiga kichik kateter kirgaziladi so'ng qorin ichiga odatda 2 litr miqdoridagi suyuqlik quyiladi. Mazkur suyuqlik tarkibi ko'p miqdordagi qandli glyukozadan iboratdir. Yuborilgan suyuqlik ma'lum muddat o'tgach, so'rib olinadi va bu amal bir kunda bir necha bor takrorlanadi. Yangi davr olimlari bu borada ixtilofga borganlar. Ya'ni ushbu holat ro'zani ochadimi yo'qmi? Birinchi fikr: bu holat ro'zani ochadi. Bu doimiy fatvo qo'mitasining fatvosidir. Ularning dalillari: buyrakni yuvish inson qonini qo'shimcha toza qon bilan ko'paytiradi va gohida unga boshqa ozuqaviy moddalar ham yuboriladi. Demak, bu erda ro'zani ochishga bois bo'lgan ikki omil birlashmoqda. Ikkinchi fikr: bu holat ro'zani ochmaydi. Dalil shuki: bu borada shar'iy hujjat sobit emasdir. Ammo, haqiqatga yaqin fikr shuki ushbu holat ro'zani ochadi. Masala: qonni o'zini tozalash ro'zani ochmaydi lekin buyrakni yuvishda qonni filtrlash bilan birga unga qo'shimcha tarzda tuzlar hamda ba'zi ozuqa bo'luvchi moddalar ham yuboriladi. Shuning uchun bu holat ro'zani ochib yuboradi.

O'n to'rtinchi omil: ayol kishining farji orqali quyuluvchi vositalar: Masalan: bachadonni yuvish ro'zani ochadimi? Olimlar qadim va hozirgi davrimizda ham bu borada bahs yuritganlar: Molikiy va hanbaliy hamda hanafiy olimlarning ba'zilariga ko'ra: ayol kishi oldi farjidan suyuqlik tomizsa ro'zasi ochilmaydi. Chunki, ayol farji bilan qorin bo'shlig'i orasida bog'liqlik mavjud emas. Ikkinchi fikr ba'zi hanafiy va shofeiylarga tegishli bo'lib, unga ko'ra: bu bilan ayolning ro'zasi ochiladi. Ular o'z so'zlarini qovuq bilan farj orasida o'zaro bog'liqlik borligi bilan isbotlaydilar. Zamonaviy tibbiyot ayol kishi bachadoni va uning qorin bo'shlig'i orasida hech qanday yo'l yo'qligini isbotladi. Shunga ko'ra, bachadonga quyilgan suv yoki dorilar ro'zani ochmaydi.

O'n beshinchi omil: orqa peshob orqali amalga oshiriluvchi tibbiy amaliyotlar: Bu bir qancha tibbiy maqsadlarda amalga oshiriladi. Jumladan: haroratni pasaytirish, bavosir (gemorroy) kabi kasalliklarni davolash va hokazolar. Birinchi: orqa chiqish yo'lini huqna (klizma) qilish: bu borada qadimdagi olimlar ya'ni to'rt mazhab raislari huqna qilish ro'zani ochib yuboradi chunki, u qorin bo'shlig'iga kirib boradi deganlar. Ikkinchi fikr egalari Zohiriylar va hanbaliylarning ba'zilari bo'lib, ularga ko'ra: bu holat ro'zani ochmaydi. Chunki, mazkur huqna hech qanday ozuqa bermaydi balki qorindagi bor narsani ham olib tushadi va bu dardni engillashtiruvchi biror narsani hidlashga o'xshaydi. Bundan tashqari mazkur suyuqlik oshqozonga etib bormaydi. Keyingi davr olimlari ham bu borada yuqoridagi ixtilofga asosan turlicha fikrlarga borganlar: Orqa chiqish bilan oshqozon o'rtasida o'zaro bog'liklik mavjudmi? Ro'zani ochadi deganlarga ko'ra: bu erda orqa peshob to'g'ri ichakka ulanadi va to'g'ri ichak yo'g'on ichakka ulangan bo'ladi va shung ko'ra ro'za ochiladi.

O'n oltinchi omil: orqa peshob ko'zgusi: Gohida tabib orqa peshob yo'liga tibbiy ko'zgu kirgazadi va bu orqali ichaklarni tekshirib ko'radi. Bu boradagi shar'iy hukm oshqozonni tekshiruvchi tibbiy ko'zgu bilan bir xildir.

O'n ettinchi omil: inson tanasiga erkaklarning oldi olatlari yo'lidan kiradigan ko'zgu, eritma yoki dorilar: Ushbular ro'zani ochadimi?! Qadimdagi olimlarning bu boradagi fikrlari: Birinchi fikr egalari hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhab imomlari bo'lib, ularga ko'ra: ihlil ya'ni zakar uchidan suv tomizish garchi qovuqqacha etib borsada ro'zani ochmaydi. Ularning dalillari: erkak zakari bilan qorin bo'shlig'i orasida yo'l yo'q. Ikkinchi fikr: bu shofeiylarga tegishli bo'lib, unga ko'ra: ro'za ochiladi chunki, qovuq bilan qorin bo'shlig'i orasida yo'l mavjuddir. Zamonaviy tibbiyot esa: siydik yo'llari bilan oshqozon o'rtasida hech qanday bog'liqlik yo'qligini isbotladi. Shunga ko'ra: bu holat ro'zani ochmaydi.

O'n sakkizinchi omil: qon berish: Bu qon oldirish masalasi bilan bog'liq bo'lib, ba'zilar qon oldirish ro'zani ochadi deganlar. Ammo ko'p qism olimlar shuningdek, hanafiy mazhabi vakillariga ko'ra: qon oldirish ro'zani ochmaydi. Aniqroq fikr ham shudir. Biroq ehtiyot yuzasidan ro'zador kishi zaruratdan boshqa payt qon bermagani ma'qul.

O'n to'qqizinchi omil: tahlil uchun qon olish: Bu ro'zani ochmaydi chunki bu narsa qon oldirishga kirmaydi. Bunga sabab qon oldirish badanni zaiflashtiradi, tahlil uchun esa, ko'p qon olinmaydi.

Yigirmanchi omil: tish pastasi: Tish pastasi bilan tish yuvish ro'zani ochmaydi chunki og'iz tashqi a'zolar hisobida bo'ladi. Biroq ro'zador tish pastasini iftordan so'ng ishlatgani ma'qul chunki u kuchli ta'sirga egadir. Ro'zador pasta o'rniga misvok yoki shyotkaning o'zi bilan kifoyalanadi. Eslatma: yuqorida bayon qilingan fatvolardan har bir mazhab vakillari o'zlari uchun tegishli bo'lganini olib amal qilaveradilar ammo haqiqatni bilish Allohgagina xosdir.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™