Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:29
LoginA'zo bo'lish
Sud-huquq masalalari bo'yicha ommaviy qabul natijalari qanday bo'ldi?

 15 APREL, 16:40 79

.

Prezident Xalq qabulxonalari Mirzacho'l, Paxtakor, Baxmal, Zomin tumanlari va Jizzax shahrida sud-huquq masalalari bo'yicha tashkil qilgan ommaviy qabullar platformasi viloyatning eng olis, chekka hududlari aholisi uchun o'zlarini o'ylantirayotgan masalalarga echim topish, rahbarlar uchun esa o'z sohalari bo'yicha hududdagi tizimli muammolarni aniqlash imkonini berdi. Prezident Administratsiyasi mas'ullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari har bir murojaatda aytilgan masalani shu sohaga daxldor mutasaddilar ishtirokida ochiq-oshkora, batafsil muhokama qildi.

Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas'ullari uch kunlik qabullarda 559 ta ariza-yu shikoyatlarni ko'rib chiqar ekan, ularning 171 tasiga joyida echim topdi. Ya'ni 171 nafar insonning jinoyat, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar bo'yicha sudlar bilan bog'liq masalasi hal qilindi, 171 ta oilaning katta tashvishlari aridi. Muammosi hal bo'lgan insonlarning o'ylariga, his-tuyg'ulariga, fikrlariga quloq tutib, inson nimaniki boy bersa shuning qadriga ko'proq etishiga bot-bot amin bo'ldik. Aslida ham aybini tushunib etgan, qilmishiga pushaymon odam hamisha o'zini kechirishlariga, unga yana bir imkon berilishiga umid qilib yashaydi. Ayni shu umid-ishonch qabulga boshlab kelgan insonlarning o'zi yoki yaqinlarining murojaatlari sinchiklab o'rganilgach, jinoyat ishlari bo'yicha Jizzax shahar, Sharof Rashidov, Baxmal, Mirzacho'l, Arnasoy, Zafarobod, Paxtakor, Zomin tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 55 ta ish ko'rib chiqildi, ularning barchasi – 55 nafar shaxs jazoni o'tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Ya'ni ularga o'z hayotini o'nglab olishi uchun yana bir imkoniyat berildi, bu shartli ozodlikka chiqishning sharti esa bitta – boshqa jinoyat yo'liga kirmaslik, huquqbuzarlik sodir etmaslik. Aks holda keyingi gal beriladigan jazo yanada og'irroq bo'ladi.

Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo'yicha Zafarobod va Paxtakor tumanlari sudlaridagi sud majlislarida ko'rib chiqilgan ishlar natijasida esa 7 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazolari engilrog'i bilan almashtirildi. Bo'kalik Umidjon Mamajonov sodir qilgan bezorilik jinoyati uchun qamoq jazosini o'tayotgan edi. Uning jazoni engillashtirish to'g'risidagi iltimosnomasi sudda ko'rib chiqilib, qanoatlantirildi – qamoq jazosi axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.

Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati esa paxtakorlik Azamat Xudoyberdievning aybini to'liq tushunib etgani va oilasida yagona boquvchi ekanini inobatga olib, ungaa nisbatan tayinlangan ma'muriy qamoq jazosini jarima jazosiga almashtirdi. Shu bilan birga qabullardagi muloqotlar natijasida 36 nafar shaxsga nisbatan qo'zg'atilgan ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi ishlar sud majlisida ko'rilib, ularning arizasi qanoatlantirildi. Ya'ni 36 kishi ma'muriy javobgarlikdan ozod qilindi, bitta shikoyat bo'yicha sud qarori ijrosi to'xtatildi.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar 16 nafar shaxsning aliment, 13 kishining ish haqini, 3 nafar murojaatchining moddiy-ma'naviy zararni, 3 nafar shaxsning qarz, ta'minot va kompensatsiya undirish, 8 ta holatda yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilash bo'yicha arizalarini qanoatlantirdi. Taraflar yarashganligi sababli aliment undirish haqidagi 2 ta sud buyrug'i bekor qilindi, 3 ta holatda da'vogar da'vosidan voz kechganligi bois mazkur sud ishlari yuritishdan tugatildi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlar olib borilib, 5 ta oila yarashtirildi, voyaga etmagan 10 nafar farzandning hayotiga darz ketishining oldi olindi. Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi 5 nafar tadbirkorning 148,55 million so'mlik da'vo talablarini qanoatlantirdi.

Uch kunlik qabullarda kelib tushgan 103 ta murojaat bo'yicha arizalar kassatsiya tartibida ko'rib chiqish uchun Oliy sudning tegishli sudlov hay'atiga o'tkazildi. Bu – 103 nafar murojaatchining ishini Oliy sudga taqdim qilish uchun azza-bazza yo'l bosib poytaxtga kelib-ketishining oldi olindi, shu bilan birga, ular mazkur sud ishlari bilan bog'liq barcha savollari yuzasidan Oliy sud mas'ullari bilan yuzma-yuz gaplashib oldi deganidir.

Deylik, baxmallik Nurbek Ankaboevning arz qilishicha, u 2013 yil hududdagi bir jinoyat hakida xabar berib, boshiga balo orttirgan, hatto 3 yil umrini panjara ortida ham o'tkazgan. U Oliy suddan ishni qayta ko'rib chiqib, barcha holatga qonuniy baho berishni so'ramoqda. Murojaatidan so'ng bu ariza asosidagi ish ham Oliy sudda qayta ko'rib chiqiladigan bo'ldi.

Bosh prokuratura mutasaddilari ko'rib chiqqan 185 ta masalaning 22 tasi joyida hal qilindi. Deylik, zominlik Nargiza Tog'aevaning murojaatidan so'ng shu kunning o'zida unga 3 oylik aliment pullari undirib berildi, qo'shimcha daromad topishi uchun tikuv mashinkasi ham sovg'a qilindi.

Nazira Tojiboeva 2018 yilda Jizzax shahridagi uy-joyi, Toji Muslimova va Zuxra Sangilova esa 7 yil avval viloyat markazida joylashgan savdo do'konlari buzilgani uchun kompensatsiya puli berilmayotganidan shikoyat qilib keldi. Bu masalalarni viloyat hokimligi bilan o'rganib chiqish va hal qilish bo'yicha Jizzax viloyati prokuraturasiga aniq muddatli topshiriq berildi. Baxmallik Rustam Turdievning nabirasi Akram Abdusattorov nohaq ishdan bo'shatib yuborilgani haqidagi arizasi ham murojaatchi ishtirokida batafsil o'rganiladigan bo'ldi.

Ichki ishlar vazirligi mas'ullari ko'rib chiqqan 78 ta masalaning ham 24 tasi shu erda hal qilib berildi. Deylik, Orif Alimovning murojaatidan so'ng uning ichki ishlar xodimi bo'lishni niyat qilgan jiyani Azizbek Odilovga Ichki ishlar akademiyasiga o'qishga tavsiyanoma beriladigan, Gulbahor Ahmedovaning esa nevarasini xorijda ishlayotgan qiziga, ya'ni bolani onasining oldiga olib borib berishi uchun pasport-viza bilan bog'liq muammolarini hal qilishda ko'mak ko'rsatiladigan bo'ldi. Sog'lig'ini tiklash uchun Hindistonga borishi lozim bo'lgan baxmallik Sherali Qoraqulov va uning turmush o'rtog'iga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib berildi.

Forishlik Komila Ermonova esa bu galgi ommaviy qabulga rahmat aytish uchun keldi. Sababi bu ayol 3 yil avval firibgarlarga duch kelib, Jizzax shahri “Zilol” mahallasidagi uyidan ayrilishiga bir bahya qolgan, o'tgan yili o'tkazilgan xuddi shunday muloqotlardagi murojaatidan so'ng esa ichki ishlar organlari jinoyat ishi ochgan edi. Shu yil mart oyida sud bu ishni ko'rib chiqdi va sud hukmi bilan Komila Ermanovaning o'z uyiga egalik huquqi tiklandi. Muloqotlarda ayolga sud qarorini ijrosini ta'minlashda ham ko'mak ko'rsatilishi ta'kidlandi.

Muloqotlar davomida barcha tashkilot-idoralarning birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida 47 nafar murojaatchi ishga joylashtirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 20 nafar fuqarolarga tikuv mashinkalari va elektr payvandlash uskunalari berildi, “temir daftar”dagi 60 ta oilaning to'planib qolgan 1,6 milliard so'mlik ipoteka krediti qarzdorligi mahalliy byudjetdan qoplab beriladigan bo'ldi.

Jizzax viloyatida o'tkazilgan ommaviy qabullarda 1 ming 67 nafar murojaatchining 1 ming 156 ta masalasi ko'rib chiqildi. Ularning 315 tasi joyida hal etildi, 275 ta murojaat bo'yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qo'shimcha o'rganish talab etiladigan 566 ta masala bo'yicha Xalq qabulxonalari tomonidan aniq muddat va mas'ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™