Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:06
Tavsiya qilamiz
MILLION JAMOASI KONSERT 2021
LoginA'zo bo'lish
Frantsuz klassikasi. «Bovari Xonim» – o'limga etaklagan hayotiy lazzat

 12 APREL, 10:55 75

.

Frantsuz ayolining ziddiyatlarga to'la hamda zerikarli, qoniqarsiz va nihoyat fojiali hayotini tasvirlgan asar – «Bovari xonim» asari 1856 yilda nashr etildi. Asar Gustav Floberning ilk romani bo'lib, chop etilgan yiliyoq turli qarshiliklarga uchradi. Asarga axloqsizlikni targ'ib etish vositasi sifatida qaraldi va uni xuddi shu mazmunda qoralab chiqishdi. Bu esa aks ta'sir ko'rsatib, salbiy ma'noda bo'lsa-da romanning shuhratini keng tarqalishiga olib keldi. Asarning realizm yo'nalishiga qo'shgan hissasi uning adabiyot tarixidagi o'rnini mustahkamladi. «Daryo» frantsuz adabiyotining durdonasi haqida hikoya qiladi.

Syujet

Asardagi voqealar Frantsiyaning shimoliy qismida, Normandiyaning Ruen shahri yaqinida bo'lib o'tadi. Asar qahramoni Charlz Bovari – uyatchan, g'alati kiyingan o'spirin bo'lib, asar Charlzning yangi sinfga kelishi va sinfdoshlari tomonidan masxara qilinishi sahnasi bilan boshlanadi. Charlz ikkinchi darajali tibbiyot darajasiga ko'tarilish uchun jon-jahdi bilan harakat qiladi va natijada Sog'liqni saqlash xizmatiga ishga kiradi. U onasi tanlagan yoqimsiz, ammo boy beva ayol Xelise Dubukka uylanadi va Totes qishlog'ida yashay boshlaydi.

Bir kuni Charlz tibbiy xizmat chog'ida mahalliy fermer xo'jaligiga tashrif buyuradi va bemorning qizi Emma bilan uchrashadi. Emma – go'zal, o'zgacha kiyingan, monastirda ta'lim olgan yosh ayol edi. U mashhur romanlarni o'qigach, bundan ilhomlanib, hashamatli va romantik hayot tarziga intilishga moyil bo'lib qolgan edi. Charlz tez orada uni o'ziga jalb qiladi va uni ko'rish uchun bemorning oldiga tez-tez tashrif buyura boshlaydi. Biroq uning rafiqasi Xelise rashk qila boshlagach, bu tashriflarga chek qo'yiladi.

Xelise kutilmaganda vafot etgach, Charlz Emma bilan jiddiy munosabat o'rnatish uchun payt poylay boshlaydi va nihoyat qizning otasi o'z roziligini bergach, Emma va Charlz turmush quradi.

Roman markazida Emma obrazi turadi. Ma'lum muddat o'tgach, Emma o'z turmush tarzi va hayotidan zerika boshlaydi va bu tarzda yashash uning uchun ma'nosiz bo'lib qoladi. Charlz rafiqasi o'zgarish istayotganini tushunib etgach, oilani Yonvillga ko'chiradi. U erda Emma qizi – Bertni dunyoga keltiradi. Oradan bir muncha vaqt o'tgach, Emma aqlli, yosh yigit – Leonni uchratib qoladi va unga ko'ngil qo'yadi. Leon Emmaning adabiyot va musiqaga bo'lgan qarashlarida hamfikr edi va shu tariqa uning hurmatiga sazovor bo'lgan edi. O'zining vafodor xotin va ona sifatidagi qiyofasini saqlab qolishni istagan Emma ​​Leonga bo'lgan tuyg'ulariga erk bermaydi. Aksincha, u Charlzga bo'lgan nafratini ichiga yashiradi va uning fazilatlari haqida o'ylab taskin topadi. Leon Emmaning mehrini qozonishdan umidini uzgach, o'qishni davom ettirish uchun Parijga jo'nab ketdi.

Emmaning keyingi romantik munosabatlari badavlat er egasi Rudolf Bulanjer bilan sodir bo'ladi. Rudolf Emmaga ko'z tashlagan chog'idayoq, uni osonlikcha yo'ldan ozdirishini tasavvur qilgan edi. Rostdan ham Rudolf uchun bu ish qiyin kechmaydi. Romantik o'y-xayollarga berilgan Emma o'z jonini xatarga qo'yib bo'lsa-da, Rudolf bilan xatlar almashadi va tashriflar uyushtiradi. To'rt yil davom etgan ushbu munosabatlardan so'ng Emma Rudolfdan birgalikda qochishlarini talab qiladi. Rudolf ushbu rejani amalga oshirish uchun uncha ham ishtiyoqmand emas edi. U qochib ketishlari rejalashtirilgan kun arafasida Emmaga mazmuni uzr so'rashdan iborat bo'lgan xat jo'natadi va munosabatlarni uzil-kesil to'xtatadi.

Valter Skot romani asosida yaratilgan operada bo'lgan Emmaning ehtiroslari qayta uyg'onadi va u endi Ruanda o'qigan va ishlayotgan Leon bilan yana uchrasha boshlaydi. Charlz Emma fortepianodan saboq olayotganiga ishongan bir paytda Emma har hafta Leon bilan uchrashish uchun shaharga sayohat qiladi. Ushbu muhabbat avvaliga zavq bag'ishlagan bo'lsa-da, Emma haddan ziyod hissiyotchan bo'lgani tufayli Leonning undan ko'ngli soviy boshlaydi. Emma ham Leonga bo'lgan munosabatlarini tushunolmay, ikkilanib qolgan edi.

Bu orada Bovari xonim ancha qarzga botadi. Qarzini qaytarishlarini so'rashganda Emma bir necha kishidan, jumladan, Leon va Rudolfdan pul so'raydi, ammo ular rad etadi. U umidsizlikka tushib, zahar ichadi va natijada azobli hamda ayanchli o'lim topadi. Shundoq ham yuragi ezilgan Charlz Rudolf va Leonning Emmaga jo'natgan muhabbat maktublarini topgach, butun umr qayta tiklana olmaydigan ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Uning vafotidan so'ng qizi Bert qashshoq xolasi bilan yashay boshlaydi.

Realizm. Jamiyat tartiblari. Romantika «o'limi».

Emma kim? Jamiyatdagi yozilmagan qonunlarga hamda kitoblarda yozilgan maslahatlarga birdek amal qilmoqchi bo'lgan, o'z baxtini mana shu tarzda birovlar ko'rsatgan yo'l orqali qurmoqchi bo'lgan obraz. Emma Bovari – qurbon. Uni nima halok etgani esa haqiqiy masala. Bovari Xonim nufuzga, boylikka va hashamga, shuningdek, kitoblarda tasvirlangan romantika hamda baxtga intilishga uringan minglab qurbonlardan biri edi, xolos. Gustav Flober «Bovari xonim bu – men», deganida bir paytlar o'zining ham jamiyat illatlarini orzu qilishga loyiq fazilat, kitoblardagi xayolotni esa amalga oshirish kerak bo'lgan reallik, sifatida ko'rganini nazarda tutgandir, ehtimol…

Charlz rafiqasiga hamma narsasini berishga tayyor tursa ham, Emma uni zerikarli inson sifatida ko'rishdan to'xtamaydi. Zaif qalbga ega Charlz munosabatlar kaliti o'zingni fido eta olishingda, deb tushunar edi. Aksincha, u o'z tobeligi va ojizligi bilan emas, balki ustunligi, qiziqishlari, imkoniyatlari bilan munosabatlardagi o'rnini belgilashi lozim edi. U o'zining Emma fido bo'lishiga arzigulik xislatlarga ega ekanini namoyish eta olganida edi, ehtimol Emmaning ko'ziga har qanday begona chiroyli bo'lib ko'rinmas edi. O'z ichida doim «begona»ni saqlay olmagan, har kuni o'zining yangi qirrasini kashf eta olmagan Charlz bora-bora zerikarli turmush o'rtoqqa aylanishga mahkum edi.

Asar bugungi kungacha o'zining realizm adabiyotida turgan o'rnini saqlab kelmoqda. Flober nega aynan realizmni tanladi? Flober yashagan davrda asarlarda romantizm ulug'lanardi (Emma o'qigan mashhur kitoblar romantizm davriga tegishli adabiyotlar edi). Ammo hissiyotlarning ko'kka ko'tarilishi va ularni barcha narsadan ustun qo'yilishi real hayotda fojiaga olib kelishi hech gap emas. Insoniy hislar tafakkurdan yoki bilim hissiyotdan ustun qo'yilmasligi lozim. Ikkala holda ham inson hayoti ziddiyatlarga to'ladi. Flober mana shu ziddiyatlarni ochib berdi. Go'zallik, muhabbat, ishq – bularning barchasi go'zal, ammo ularning ortida turgan xatarni e'tiborsiz qoldirish aslo mumkin emas.

Sevgini ilohiylashtirish undan yuz o'girishga sabab bo'lishi mumkin. Emma qalbida sevgiga oid hislar mavjud edi, ammo ular abadiy emasdi. Bir necha marta muhabbat dardiga yo'liqqan Emmaning oxir taqdiri o'z joniga suiqasd bilan yakunlandi. Ammo u sevgini oddiy qabul qilganida, o'z hislariga tamomila erkinlik berib, mukammal baxtni his qilishga urinmaganida, mukammal baxtsizlikka yo'liqmagan bo'lardi, balki? Flober o'zining maktublarining birida aytadi: «Emma o'qigan romantik kitoblar bo'lmaganida, uning taqdiri bu qadar achinarli holga kelmagan bo'lardi». Demak, Emmaning taqdiri u muhabbatni barcha narsadan ustun ko'rganida, xayolotga berilib, reallikdan bexabar qolganida ekan-da?

Uning muhabbati biron marta ham oxirigacha etmaganiga sabab sifatida jamiyat va odamlarni ham keltirib o'tishimiz mumkin. Xasta jamiyatdagi munosabatlar ham illatlarga to'la bo'ladi. Turmush o'rtog'idan topmagan muhabbatni qidirish Emmani bir necha marta turli ishq yo'llariga eltdi. Bularning barchasi sof insoniy tuyg'ularga ergashish emas, balki kitoblarda ko'rsatilgan baxtni topishga urinish yoki turmush o'rtog'idan topmagan baxti tufayli yo'lda uchragan begonadan bu mehr-muhabbatni kutish edi. Uning tez sevib qolishi sababi ham, ushbu munosabatlar ijobiy yakun topmasligining ham sababi shunda edi.

Har qanday asarning buyukligini isbotlovchi omillardan biri uning vaqt o'tishi bilan o'z qadrini yo'qotmasligidadir. Zamon o'zgargani sayin, asarning ham turli talqinlari tug'ilaveradi… O'z davrida asarni illatlarni yoyishda ayblashgan bo'lsa, ma'lum vaqt o'tib, burjuaziyaning tanqidi sifatida ko'ra boshlashdi. Keyinchalik esa hayot realligi va kitobiy tasavvurlar qarama-qarshiligi, romantizm davri tugab, realizm davri boshlanayotganiga alohida urg'u berila boshlandi. Yigirma birinchi asr insonlari esa asarni jamiyatdagi tartiblar tomonidan kishanlangan ayol tomonidan turib, tahlil eta boshladilar. Qarashlar o'zgargani, insoniyat o'zini yangilab borgani sayin asar mazmuni yangi qirralardan turib kashf etilmoqda. Kelajak ushbu durdonaga qanday baho berishi esa hozircha bizga noma'lum…

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™