Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:45
LoginA'zo bo'lish
«Navro'z» qabullar uyi buzilishi borasida savollar

 11 APREL, 22:35 61

.

9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda xalq orasida «Navro'z» to'yxonasi nomi bilan mashhur bo'lgan Toshkent shahridagi «Navro'z» qabullar uyi buzib tashlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo'ldi.

E'tirozlar aslida ta'mirlanishi aytilgan bino nega buzib tashlangani, uning o'rniga boshqa inshoot qurilsa, yana milliardlab mablag'lar sarflanishiga qaratilgan.

Poytaxt hokimligi bu bino nima maqsadda buzilayotgani bo'yicha izoh berdi. Biroq izohda majmua nima uchun ta'mirlanmay buzib tashlangani haqidagi savolga javob yo'q edi. 

«Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Milliy bog' hududida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida Davlat san'at muzeyining namoyishlari kompleksi, yosh olimlar, yoshlar va kitob ixlosmandlariga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan, ilm-fan va san'atning turli sohalariga oid bosma va elektron davriy nashrlarning ulkan salohiyatiga ega bo'lgan hamda 1,5 million dona kitob fondini o'z ichiga olgan ulkan kutubxona binosi qurilish ishlari boshlandi», deyilgan hokimlik izohida.

Holbuki, 2020 yil noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi qurilishga oid loyihalar bilan tanishganida «Navro'z» qabullar uyi ta'mirlanib, bu erda korxonalarni sog'lomlashtirish va xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingandi.

Xususan, Toshkent shahri hokimi o'rinbosari Sharof Rahmonov to'yxona to'liq rekonstruktsiya qilinib, atrofi sayilgohga aylantirilishini aytgan.

«Navro'z» to'yxonasi o'rniga ichini rekonstruktsiya qilgan holda binoning 2-qavatida 2000 kvadrat metrdan ko'p bo'lgan joyda Toshkent shahridagi barcha investitsiya loyihalari taqdimoti va davlat ishtirokidagi davlat ulushi bor korxonalarning Showroom’i tashkil etiladi. Bundan tashqari, binoning 1-qavatida ishsizlar birjasi bo'lib o'tadi. Bu loyiha Mehnat vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi. «Temir daftar»ga tushgan ishsiz aholi shu erga kelib, mutaxassisligi bo'yicha o'ziga ma'qul keladigan ishni topish imkoniyati bo'ladi», degandi hokim o'rinbosari.

Tabiiyki, aholida ta'mirlash rejasi binoni butunlay buzib tashlash qaroriga qachon o'zgargani, bunga nima sabab bo'lgani borasida ko'plab savollar tug'ildi.

10 aprel kuni soat 20:00da Qurilish vazirligi mazkur masalada rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlikning ma'lum qilishicha, «Navro'z» kompleksi zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablari asosida rekonstruktsiya qilish maqsadida batafsil texnik ko'rikdan o'tkazilgan.

«Navro'z» kompleksi 1980-yillarda o'sha davrning texnik reglamentlari, shaharsozlik talablari hamda qurilish normalari va qoidalariga muvofiq qurilgan.

Texnik ko'rik natijalariga ko'ra:

bino poydevori ostiga uzoq yillar davomida namlik o'tgani sababli 27 santimetrga qiyshaygan; asosiy yuk ko'taruvchi konstruktsiyalarning mavjud holati ularda katta hajmdagi kuchaytirish ishlarini amalga oshirishni taqozo qiladi; yong'in xavfsizligini ta'minlash va energiya tejamkorligini oshirish choralarini ko'rish talab qilinadi.

Bunday tadbirlarni amalga oshirish hisob-kitoblarga ko'ra katta mablag'larni talab qilayotgani va iqtisodiy nuqtayi nazardan maqsadga muvofiq emasligi ko'ringani qayd etilgan.

Shu sababli:

aholi xavfsizligi; konstruktiv mustahkamligi va barqarorligi; seysmik xavfsizligi va mustahkamligi; yong'in xavfsizligi; salomatlik va atrof-muhit muhofazasini; imkoniyatlari cheklangan shaxslarning foydalanishi mumkinligini hisobga olgan holda «Navro'z» kompleksi o'rnida barcha texnik va zamonaviy qurilish talablariga javob beradigan yangi inshoot, ya'ni kutubxona barpo etilishi maqsadga muvofiqligi to'g'risida qaror qabul qilingan.

«Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, oxirgi yillarda «Navro'z» majmuasi texnik jihatdan talabga javob bermagani inobatga olinib, faoliyati to'xtatilgan edi», deb yoziladi vazirlik munosabatida.

Endi savol tug'iladi: nega hech qanday ogohlantirishlarsiz yuz bergan buzilishlar butun internetda shov-shuv bo'lib, o'nlab savollar berilganidan keyin bu izohlar chiqmoqda? Hammasini oldindan ma'lum qilishning imkoni yo'qmidi?

Bloger Otabek Bakirov ushbu masalada telegram-kanalida «Binoni buzib bo'lib, uni avariyaviy edi deyishdan osoni yo'q» sarlavhali post e'lon qildi. Bloger binoning yaroqsiz holga kelib qolganini isbotlovchi materiallar va davlat komissiyasi xulosasi nega taqdim etilmagani yuzasidan vazirlikka bir necha savollar bilan yuzlandi.

«Qurilish vazirligiga ko'ra, «Navro'z» qabullar uyi foydalanishga yaroqsiz holga kelgan ekan, uning poydevori 27 smga siljigan emish.

Agar haqiqatan ham «Navro'z» avariyaviy holatga tushgan bo'lsa, uning poydevori siljiganini aks ettiradigan texnik-muhandislik hisoblar, foto va video materiallar, davlat komissiyasi xulosasi qilingandir? Qani shu xulosalar? Nega taqdim etilmadi?

Eng asosiysi, «Navro'z»ning avariyaviy ekani haqida nega uni buzishdan avval ochiq aytilmadi? Buzib bo'lingach, qabullar uyi avariyaviy edi, deyish sog'lom bemorni o'ldirib qo'yib, o'zi og'ir kasal edi, deyish bilan barobar-ku», deya yozadi u.

Otabek Bakirovning so'zlariga ko'ra, bino o'tgan yilning noyabridan bu yil fevral oyigacha ta'mirlangan.

«Soliq to'lovchilarning milliardlab mablag'larini sarfladinglar? Ta'mirlash ishlarini qaysi kompaniya bajardi? U kimning chap cho'ntagi edi? 2 oydan keyin avariyaviy deb aytiladigan ob'ektni ta'mirlashga tashabbus ko'rsatgan buyurtmachi kim edi?

Qurilish vaziri janob Zokirov 19 noyabr kuni «Navro'z»ni ta'mirlash bo'yicha davlat rahbariga taqdim etilgan prezentatsiya vaqtida o'sha erda edi-ku.

Nega davlat rahbariga hozir avariyaviy deb aytilayotgan «Navro'z»ni ta'mirlashga milliardlab mablag' talab etiladigan loyiha ko'rsatilayotganda e'tiroz bildirilmadi? Shu emasmi aslida xiyonat?

Har bir kunimiz tsinizmdan iborat bo'lib qoldi. Lekin bunaqa namoyishkorona tsinizmni hali beri eshitmagandik. Hech qursa uyalsanglar bo'lardi. Xalqdan, qorako'zlardan», deyiladi postda.

Umuman olganda, davlat byudjetining yirik mablag'lari qurilish sohasiga yo'naltirib kelinadi.

Misol tariqasida aytish mumkinki, 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari va ijtimoiy soha ob'ektlarini qurish uchun byudjetdan 31,5 trillion so'm (3 mlrd dollardan ortiq) mablag' ajratilishi bildirilgan.

Shuningdek, 2021 yilda uy-joy qurilishi uchun davlat byudjetidan qariyb 10,5 trillion so'm (1 mlrd dollar) mablag' ajratilishi va bu tashqi qarz hisobiga qoplanishi ma'lum qilingan.

Islombek Umaraliev.

Manba: kun.uz

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™