Kirish | A'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz
Futbol muxlisalari (18+)
Yuklamalar ombori (vip)
Nochor oilada ulg'ayib, iste'dodi ortidan Forbes va Ginnes rekordidan o'rin olgan Britni Spirs
MUHARRIR: Admin

3 DEKABR, 06:30 / KO'RILDI: 75

Pop yo'nalishi ijrochisi, raqqosa, qo'shiqlar muallifi, aktrisa va Gremmi mukofoti sovrindori Britni Spirs  38 yoshga to'ldi.

Britni 1981 yilning 2 dekabrida Missisipi shtatining Makkomb shahrida tug'ilgan. Onasi maktab o'qituvchisi, otasi oshpaz bo'lgan Britnining bolaligini baxtli o'tgan deb bo'lmaydi. Alkogolga ruju qo'ygan otasining ko'z o'ngida onasini kaltaklaganini ko'rib ulg'aygani, ruhiy jarohatlar uning bugungi kunda sariq matbuot uchun shov-shuvli mavzuga aylangan psixologik depressiyalari sabablaridandir balki…

Forbes’ning eng boy ayollari ro'yxatida etakchi bo'lgan qo'shiqchining bolaligida oilaviy sharoiti og'ir bo'lgani, ba'zida egulik va uni xarid qilgani mablag' bo'lmaganiga ishonish qiyin bo'lsa ham bu haqiqat. Onasi Linn bu nochor vaziyatdan chiqish uchun qizlaridan umid qilgan va ularni turli kasting va tanlovlarga olib borgan.

Onasi barcha mahalliy tanlovlarda ishtirok etib bo'lgan Britnini Atlantadagi mashhur «Mikki Maus klubi» nomli televizion shouga olib boradi va aynan ushbu shou uning karerasining boshlanishi bo'lgan. 8 yashar Britni Disney kanalidagi «Mikki mausning yangi klubi» shousining eng kichik ishtirokchisi bo'ladi va u erda bo'lajak yulduzlardan Kristina Agilera va Jastin Timberleyk bilan tanishadi.

Keyinchalik Britni Manxettendagi Professional Performing Arts School’da aktyorlik mahoratidan ta'lim oladi. 1992 yilda, 10 yashar bo'lajak yulduz Star Search (yulduzni izlab) nomli tanlovda g'alaba qozonadi. 1998 yillar Spice Girls va Backstreet Boys singari  yigit va qizlardan iborat guruhlar modada bo'lgan vaqtda Jive Records leybli Britnida katta salohiyatni ko'radi. Bo'lajak yulduz Backstreet Boys’ning prodyusseri bo'lgan Maks Martin bilan tanishgach, Baby one more time albomini yozish uchun 4 oyga Shvetsiyaga ketadi va u erdan haqiqiy yulduz bo'lib qaytadi.

Aslida Britni kattaroq yoshli tinglovchilarga mo'ljallangan, Sheryl Crow singari  gitara chalib, mualliflik qo'shiqlarini  ijro etishni rejalashtirgandi. Lekin prodyusserlari uni yosh tinglovchilar kumiriga aylanishini istadi. Sahnada pop-ritmni yaxshi his qilishi, vokal va raqs imkoniyatlari yuqoriligi prodyusserlar tanlovi to'g'ri bo'lganini isbotlaydi.

Uning jarangdor ovozi, uslubi va raqsga tushishi muxlislar qalbidan joy ola boshladi. Shundan keyin Britni o'nlab qo'shiqlarni tinglovchilar e'tiboriga havola etdi. Qo'shiqchining 1999 yildagi debyut Baby one more time albomi uni dunyoga tanitdi. 5 ta muvafaqqiyatli xitni o'z ichiga olgan albom, katta rezonanslarga sabab bo'ldi. Suratlari jurnal va gazetalar muqovasidan «Yil yangiligi» sifatida joy oldi, radio va televideniedagi musiqiy chartlarni Britnisiz tasavvur qilib bo'lmasdi. The Daily Yomiuri nashri  uni «O'smirlar orasidagi eng iste'dodli qo'shiqchi» sifatida e'tirof etgan bo'lsa, Rolling Stone jurnali «Rok-n roll qirolichasi» deb atadi.

2000 yilda muxlislar e'tiboriga havola etilgan Oops!...I Did it Again albomi Britnining Pop yulduz sifatidagi mavqeyining yanada mustahkamlanishiga sabab bo'ldi. 2001 yilda Britney nomli ikkinchi albom, oradan 2 yil o'tib, uchinchi — In the zone albomi chiqarildi va albomdan o'rin olgan Toxic singili uchun qo'shiqchi Gremmi mukofotiga loyiq topildi.

Greatest Hits: My Prerogative qo'shiqlar jamlanmasi 2004 yilda, Blackout albomi 2007 yilda chiqqan bo'lib, undagi Gimme More qo'shig'i butun dunyoda xit bo'lgan. Piece of me qo'shig'i bir vaqtning o'zida «Eng yaxshi pop qo'shiq», «Eng yaxshi ayollar videosi» va 2007 yilning «Eng yaxshi videosi» deb topilgan. 2008 yilda Britni yangi Circus albomini chiqaradi va undagi Womanizer singili Amerikaning eng mashhur qo'shiqlaridan tuziladigan Billboard Hot 100 xit-paradida etakchilik qilgan. Shundan keyin uning The  Singles collection, Femme Fatale, Britney Jean albomlari chiqqan.

Amerikaning ovoz yozish kompaniyalari assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, Spirsning albomlari butun dunyoda 100 milliondan ortiq, plastinkalari 200 milliondan ortiq sotilgan. Debyut albomi bo'lgan Baby one more time 30 million, Oops!...I Did it Again esa 26 million nusxada sotilgan bo'lib, ilk haftada birgina AQShning o'zida 1 319 193 nusxada sotilib, Ginnesning rekordlari kitobiga kirgan. Mana shu ikki albomdan keyin Britni so'nggi 10 yilda eng ko'p qo'shiqlari sotilgan qo'shiqchi, 2012 yilda  Forbes’ning eng ko'p haq to'lanadigan qo'shiqchisi deb topilgan.

Spirs nafaqat qo'shiqchi, balki aktrisa sifatida ham yaxshi ma'lum. U bir qancha televizion shou va dasturlarda ishtirok etgan. 2002 yildagi «Chorraha» filmida u bosh rolni ijro qilgan. 2008 yilda u haqida biografik film suratga olindi. 2018 yilda yana bir bor Forbes’dan o'rin olgan qo'shiqchining yillik daromadi 30 million dollarni tashkil qiladi. 2019 yilda Britnining B10 deb atalishi tahmin qilinayotgan albomi chiqarilishi rejalashtirilgan.

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!