Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:53
LoginA'zo bo'lish
O'zbekistonda Aybon Gold shokoladini ishlab chiqarish to'xtatildi

 9 APREL, 11:05 78

.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ishchi guruhi tomonidan o'tkazilgan «Kontrafaktsiz oy» oyligi davomida respublika miqyosida bozorlar, yirik savdo majmualari va ko'chma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashish bo'yicha profilaktika tadbirlari olib borildi, deb xabar beradi «Xalq so'zi Online».

Ta'kidlanishicha, hozirda ishchi guruh tomonidan kuniga 100 dan ortiq kontrafakt mahsulotlar aniqlanmoqda. Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning soni 2 mingdan oshib ketgan. Ushbu aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning har biri agentlik ekspertlari tomonidan o'rganilib, bosqichma-bosqich ularning ishlab chiqaruvchilariga nisbatan huquqbuzarlik darajasidan kelib chiqqan holda ogohnoma, taqdimnoma, ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma kabi ta'sir choralar qo'llanilmoqda.

Jumladan, hozirgi kunga qadar 400 dan ortiq holat bo'yicha kontrafakt mahsulot ishlab chiqarayotgan nohalol tadbirkorlik sub'ektlarining shaxsi aniqlanib, shulardan 74 ta tadbirkorlik sub'ekti rahbarlariga nisbatan aniqlangan qonun buzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalar kiritilgan.

Shuningdek, qonunchilikni buzish orqali ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladigan holatlar yuzasidan 41 ta tadbirkorlik sub'ekti rahbarlariga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma'muriy javobgarlik to'g'risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ma'muriy javobgarlik masalasini ko'rib chiqishlik uchun sudlarga yuborilgan.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sraft Foods Rus (Rossiya) mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli Alpen Gold jamlanma tovar belgili mahsulotining Aybon Gold nomli kontrafakt nusxasi Max-Elite MChJ tomonidan ishlab chiqarib kelingan. Holat bo'yicha jamiyat rahbariga tegishli tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilishi natijasida kontrafakt mahsulot ishlab chiqarish to'xtatilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, mazkur tadbirlar jarayonida 300 dan ortiq ishlab chiqaruvchisi noma'lum bo'lgan soxta mahsulotlar ham aniqlandi. Jumladan, Germaniyaning Adidas AG kompaniyasiga tegishli Adidas tovar belgili mahsulotining Abibas kabi kontrafakt nusxalari aniqlangan. Ishlab chiqaruvchisini topish va chora ko'rish uchun «xufiyona iqtisodiyot» shakllanishining holatlarini aniqlash bo'yicha choralar ko'rish, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo'yish bo'yicha vakolatli davlat organi – Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etilgan.

Avvalroq Intellektual mulk agentligi Sherali Jo'raevning qo'shig'ini ruxsatsiz kuylagan Sanjay ma'muriy javobgarlikka tortilgani to'g'risida xabar berilgandi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™