LOGOTIPE
Xayirli kech, Mehmon!
Soat: 19:31
Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
Sadaqa berish bilan mol kamaymaydi
MUHARRIR: wapusta

15 NOYABR, 06:35 / KO'RILDI: 40

Sadaqa Alloh taologa eng mahbub amallardan, U Zot buyurgan ibodatlarning eng ulug'laridandir.

Sadaqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan ajri bayon qilib berilgan Allohga qurbat hosil qilishga sabab bo'luvchi eng ulug' amallardandir.

Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday degan: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va O'zi xohlaganiga rizqni tang qilur. Biror narsani muhtojlarga xolis ehson qilsangiz, bas, Alloh uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir”. ("Saba'" surasi, 39-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir kishi, to insonlarning orasida hukm qilingunicha, sadaqasining soyasida bo'ladi”, dedilar.

Yana payg'ambarimiz: “ Uch narsaga qasam ichaman:

1. Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi.

2. Kimga biror zulm etganida sabr qilsa, Alloh uning izzat-sharafini oshiradi.

3. Kim tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi”, deb marhamat qilganlar.

Ushbu hadisda ikkita xayrli ishga chaqirilib, bitta illatdan qaytarilyapti.

Birinchisi: “Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi”.

Bunday deyish bilan Rasululloh biz ummatlarini sadaqa qilishga targ'ib etmoqdalar. Biror kishi “molim kamayib qoladi”, degan xayol bilan xayru sadaqa qilishdan to'xtamasin. Sadaqa qilgan bilan davlat kamaymaydi, aksincha, ziyoda bo'ladi va baraka kiradi.

Mol-dunyo ko'payishining sabablaridan biri, uning zakotini o'z vaqtida berish, faqir va muhtojlarga ehson qilishdir.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh sudxo'rlikni foydasini yo'q qiladi va sadaqa beruvchilarga boyliklarni ziyoda etadi”. ("Baqara" surasi, 276 oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim xayru saxovat ko'rsatib, kiyimga muhtoj odamni kiyintirib, xursand qilsa, Alloh uni jannat kiyimlari bilan kiyintiradi. Kim bir kishini to'ydirsa, ovqatlantirsa, jannatdagi taomlardan nasibador bo'ladi”.

Boshqa hadisda sadaqa haqida Payg'ambarimiz bunday deganlar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg'onganida er yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Yo Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o'rnini to'ldirgin”, desa, ikkinchisi: “Yo Alloh, ziqna odamning moliga talafot etkazgin”, deb duo qiladi.

Demak, moddiy imkoniyatga ega bo'lgan kishi sadaqa qilish, muhtojlarga yordam berishdan sira qo'rqmasligi, balki xayru ehson bilan ulkan savoblarni qo'lga kiritishga oshiqmog'i zarur.

Ikkinchisi: “Kimga biror zulm etganida unga sabr qilsa, Alloh uning izzat-sharafini oshiradi”.

Payg'ambarimiz bu bilan bizlarni kechirimli bo'lishga targ'ib qilmoqdalar. Kimning joniga yoki moliga, yoxud obro'-izzatiga biror kimsa jabr-sitam qilsa, u kishi o'ch olishga, haqini undirishga qodir bo'lsa ham, sabr bilan kechirsa, Alloh taolo uning izzat-sharafini oshiradi. Chunki kechirimlilik Alloh taologa xush keladigan amallardan. Alloh taolo bandalarining qilgan gunohlarini kechiruvchi Zot. Bandalari orasidan kechirimlilarini yaxshi ko'radi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “U taqvodorlar farovonlik va tanglik kunlarida ham ehson qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni afv etadiganlardir...” ("Oli Imron" surasi, 134-oyat)

“Banda tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi”.

Muqaddas dinimiz tilanchilik qilishdan qaytaradi. Ayniqsa, qo'l-oyog'i butun, mehnatga layoqatli kimsaning tilanchilik qilishi qattiq qoralanadi. Payg'ambarimiz hadislarining birida, Alloh nomiga qasam ichib, dala-dashtdan o'tin terib, bozorda sotib tirikchilik qilish tilanchilikdan yaxshi ekanini bayon etganlar. Boshqa bir hadisda esa, dunyoda tilanchilik bilan kun kechirgan kimsaning qiyomat kuni yuzida eti qolmagan holda tirilishini aytganlar. Zero, sog'-omon bo'la turib, birovlardan tilanayotgan kimsa yuz terisini shilib tashlab, or-nomusini oyoqosti qilib, o'zini bechorahol ko'rsatishga urinadi. Shunga monand, Alloh taolo ham oxiratda uni ana shunday holatda tiriltiradi. Bilagida kuchi bo'laturib, tilanchilikni o'ziga kasb qilib olgan inson hech qachon ro'shnolik ko'rmaydi. Chunki Alloh taolo unga faqirlik, kambag'allik eshigini ochib qo'yadi.

Manba: azon.uz

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!