Kirish | A'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz
Futbol muxlisalari (16+)
Yuklamalar ombori (vip)
Telegramdagi kanalimizda qo'shiling!
«Juda ko'p elektr energiyasi iste'mol qilyapmiz» – Energetika vazirligi tizimidagi jamiyat bosh bosh
MUHARRIR: Admin

12 SENTYABR, 11:10 / KO'RILDI: 6

11 sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi «O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aktsiyadorlik jamiyati hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» aktsiyadorlik jamiyati mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

«O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aktsiyadorlik jamiyati Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig'i Abduhamid Jo'raev bergan ma'lumotlarga ko'ra, jamiyat 2019 yilda O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari bo'yicha jami 51,6 mlrd. kVt. soat elektr energiyasini transportirovka qilish majburiyatini (ish hajmini) olgan, bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 104,2 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan. 2019 yilning yanvar-avgust oylarida jami 32,9 mlrd. kVt. soat elektr energiyasi transportirovka qilindi. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 100,4 foizni tashkil etadi.

Shu o'rinda Energiya resurslari va energiya ishlab chiqarish xom ashyolari narxlari ham e'lon qilindi:

1 tonna mazut — 2 mln 800 ming so'm; 1000 m3 tabiiy gaz — 660 ming so'm; 1 tonna ko'mir (Angren) — 288,8 ming so'm; 1 tonna ko'mir (import) — 328,5 ming so'm; 1000 m3 er osti gaz — 92,9 ming so'm; 1 kVt.s elektr energiya (yuridik iste'molchilar uchun) — 450 so'm; 1 kVt.s elektr energiya (aholiga) — 295 so'm; 1 Gkall issiqlik energiyasi — 162,6 ming so'm.

Tadbirda yangi joriy qilingan va qilinayotgan elektr hisoblagichlar, xususan ularning ortiqcha hisoblashiga oid xabarlarga ham batafsil sharhlar berildi. Aqlli hisoblagichlar har qanday kichik moslama (jumladan, telefon quvvatlagich) sarfini ham hisoblashi eslatib o'tildi.

Shuningdek, iste'mol madaniyatiga alohida to'xtalib o'tildi. Energetika vazirligi tizimidagi jamiyat bosh boshqarmasi boshlig'i Abdurashid Mirzaev aholi juda ko'p elektr energiyasi sarflayotganini qayd etdi.

«Men bir qo'shimcha qilmoqchiman. Odamlarda tejash degan narsa yo'q. Iste'molchi o'zi bilishi kerak qancha ishlatishini. Xohlagan narsasini ulab olaversa, kabel ko'tarmay kuyib ketsa. Buning zarari bozorgayam tushadi, yangi transformator o'rnatishi kerak bo'lgan tashkilotga ham...

Butun dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan ham ko'proq elektr energiyasi iste'mol qilarkanmiz. Juda ko'p iste'mol qilamiz. Nafaqat aholi, tashkilotlar ham.

Shu tufayli tejamkorlik madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Buning uchun ommaviy axborot vositalari roli muhim», deya Mirzaevning so'zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutasaddidan aynan qaysi davlatlar bilan solishtirilgani va buning aniq raqamlardagi ifodasi haqida so'ralganida aniq raqamlar keltirilmagan.

«Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo'lmaydi. Ishlab chiqarildimi, u qaerdadir ishlatilishi kerak. Biz tejamkorlikni o'rgansak, ikki tomonlama foyda, birinchidan – elektr energiyasi etib bormayotgan hududlar yaxshiroq ta'minlanadi, ikkinchidan – ishlab chiqarish hajmi me'yoriga kelsa, bizning tabiiy boyliklarimiz tejaladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini saqlab bo'lmaydi, ammo tejamkorlik orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiluvchi tabiiy gazni saqlab qolish va kelgusi avlodga etkazish mumkin», deya qo'shimcha qilgan vazirlik vakili.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassisi Dilshod Yusufaliev bu masalada qo'shimcha qildi.

«Endi boshqa davlatlar bilan solishtiriluvchi aniq raqamlarga kelsak, bunday ma'lumotlarni ayni paytda keltira olmaymiz. Ammo shunisi aniqki, elektr energiyasi bizda qo'shni davlatlarga nisbatan arzon. Bu boradagi prezident qarorida mazkur masala alohida va batafsil ko'rsatib o'tilgan», degan u.

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!