LOGOTIPE
Xayirli kun, Mehmon!
Soat: 18:53
Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
Muhammad alayhissalomga muhabbat
MUHARRIR: wapusta

14 NOYABR, 13:05 / KO'RILDI: 10

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish haqida so'z ketar ekan, avvalo bu muhabbat, iymon taqozosi ekani ta'kidlanadi. Chunki u zotni yaxshi ko'rmaguncha, yaxshi ko'rganda ham barcha insonlardan ko'ra yaxshi ko'rmaguncha kishi iymon ta'mini tota olmaydi. Bu haqida u zotning o'zlari bunday xabar berganlar:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم لاَ يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz toki men unga bolasidan, otasidan va barcha insonlardan sevikli bo'lmagunimcha mo'min bo'la olmaydi”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.

Dunyoda hech bir inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik yaxshi ko'rilib, maqtov bilan yod etilmagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy maqtalgan, ulug'lanib madh etilgan zot ekanlari Muhammad deb nomlanishlarida ham o'z aksini topgan. U zotni Alloh taoloning O'zi ulug'lab madh etgan, farishtalar ham, payg'ambarlar ham madh etganlar, u zotni tanigan insonlar doimo u zotni maqtab madh etib kelganlar. Chunki u zotning sifatlari do'stu dushman hammaning huzurida eng maqtovli sifatlar bo'lgan.

Ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatni ikki darajaga ajratganlar:

Farz darajadagi muhabbat; Fazilat darajadagi muhabbat.

Farz darajadagi muhabbat deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy bilan bildirilgan barcha hukmlarni rozi bo'lib, ulug'lab va to'liq taslim bo'lib, qabul qilish tushuniladi. Ya'ni, u zot keltirgan barcha shar'iy hukmlarini muhabbat bilan qabul qilish, har bir mo'min kishiga farz hisoblanadi.

Fazilat darajadagi muhabbatda esa, barcha ishlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashib yashashni yaxshi ko'rish tushuniladi. Ya'ni, eyish-ichish, kiyinish, muomala va hokazo hayotning har bir jabhasida u zotning ko'rsatmalarini o'rnak qilib yashashga muhabbatli bo'lish, har bir mo'min kishi uchun ulug' fazilat bo'ladi.

Ma'lumki kishi “La ilaha illalloh Muhammadun Rasululloh” (Allohdan o'zga iloh yo'q, Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir) deyish bilan musulmonga aylanadi. Muhammad alayhissalomni Allohning elchisi deb e'tirof etishning o'zi u zotning buyruqlariga bo'ysunishni, bergan xabarlarini tasdiqlashni, Allohga u zotning ko'rsatmalariga ko'ra ibodat qilishni taqozo qiladi. Shu ma'noda u zotni yaxshi ko'rib ulug'lash, ibodat hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haqiqiy tanish orqali u zotga nisbatan qalbda muhabbat yuzaga keladi. Shu muhabbat tufayli kishi u zotni hamma insonlardan yaxshi ko'radigan bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni eng yaqindan tanigan zotlar, ya'ni sahobalar u zotni ulug'lab yaxshi ko'rishda ham boshqalarga namuna bo'lganlar.

“Sharhu shifo” asarida quyidagi rivoyat keltirilgan:

Ali roziyallohu anhudan Rasulullohga bo'lgan muhabbatlaringiz qandoq edi, deb so'rashganlarida u zot: “Allohga qasamki, u zot bizga mollarimizdan ham, bolalarimizdan ham, otalarimizdan ham, onalarimizdan ham, chanqoq kishiga salqin suvdan ham mahbubroq edilar”, deya javob berganlar.

Ibn Kasir rohmatullohi alayhning “al-Bidaya van-Nihaya” asarlarida quyidagi rivoyat keltirilgan: “Mushriklar asirga tushgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni o'ldirish uchun haramdan tashqariga olib chiqdilar. Shunda Sufyon ibn Harb u zotdan: ey Zayd sendan Alloh nomi bilan so'rayman hozir sening o'rninga Muhammad bo'lib biz uni o'ldirishimizni , sen esa uyingda bo'lib qolishni xohlaysanmi, dedi. U zotning javoblari bunday bo'ldi: “Allohga qasam ichib aytamanki, Muhammad alayhissalom hozir o'z o'rinlarida bo'lib u zotga aziyat beradigan bir tikan qadalishi evaziga ham uyimda o'tirgan bo'lishimni istamayman”.

Bu gapni eshitgan Abu Sufyon: “Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko'rganlaridek, biror insonning birovni yaxshi ko'rganini uchratmaganman”, degan.

Ha, Muhammad alayhissalom ana shunday yaxshi ko'rilishga haqli zotdirlar.

Ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko'rish va u zotni ulug'lashni umumiy sakkiz turga ajratganlar:

Muhammad alayhissalomni barcha insonlardan afzal bilish

Ya'ni, har bir musulmon kishi Muhammad alayhissalomni insoniyatning eng afzali, deb e'tiqod qilishi lozim.

Muhammad alayhissalom haqlarida doimo odobga rioya qilish

Nabiy alayhissalom haqlarida odobga rioya qilish, deganda asosan quyidagi ko'rsatmalarni yaxshi ko'rib bajarish tushuniladi:

a) Muhammad alayhissalomga doimo salavot va salom aytib yurish. Qur'oni karimda u zotga salavot va salom aytishga buyruq kelgan:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring” ("Ahzob" surasi, 56-oyat).

Ulamolar umr davomida bir marta salavot va salom aytish farzligi ushbu oyat bilan sobit bo'lganini, ammo u zotning nomlari zikr qilingan paytda, yo har bir majlisda, yo adadga cheklamasdan doimiy ravishda salavot va salom aytib yurish vojibligi hadislar bilan sobit bo'lganini aytganlar. Salavot aytishning ahamiyati haqida u zotning o'zlari bunday deganlar:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: رَغِمَ أَنْفُ رَجُلٍ ذُكِرْتُ عِنْدَهُ فَلَمْ يُصَلِّ عَلَىَّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning oldida men yodga olinganimda menga salavot aytmagan kishining burni erga ishqalsin”, dedilar”.  Termiziy rivoyat qilgan.

E'tibor beradigan bo'lsak, tashahhudda, xutbada, janoza namozida, azondan keyin, duo qilayotgan paytda va hakozo ko'plab ibodatlarda u zotni ulug'lab salavot aytish joriy qilingan.

b) Muhammad alayhissalomni ko'proq yodga olishga harakat qilish. Muhammad alayhissalomni ko'proq yodga olish insonlarga u zotning sunnatlarini ta'lim berish martabalari va haqlarini bildirish kabi ishlar bilan amalga oshiriladi.

v) Muhammad alayhissalomning nomlarini hamisha hurmat bilan tilga olish.  Ya'ni, u zotning ismlarini aytishda, doimo payg'ambarliklarini ifodalovchi nabiy yo rasul sifatlari bilan birga aytish kerak.

g) Muhammad alayhissalomning masjidlariga alohida hurmat ko'rsatish. Ya'ni, u zotning masjidlarida, qabrlarining yonida shovqin-suron qilmaslik va baland ovozda gapirmaslik lozim bo'ladi.

d) Muhammad alayhissalomning shaharlari Madinai munavvaraga alohida hurmat ko'rsatish. Ya'ni, Madinai munavvarada yashovchilarga va unga kirgan barcha musofirlarga Muhammad alayhissalomning shaharlari hurmatini saqlash vojib bo'ladi.

e) Muhammad alayhissalomning hadislarini ulug'lash. Hadisi shariflarni aytayotgan vaqtda yoki eshitish paytida Rasulullohning so'zlarini ulug'lash va ularga hurmat ko'rsatish deganda asosan quyidagi ishlarga rioya etish tushuniladi:

Hadislarni o'rganishda xolis Alloh roziligini ko'zlash; Hadislarni yoyib savob olishni umid qilish; Eshitgan hadislariga amal qilish; Hadisi shariflarni rivoyat qilishda viqor bilan o'tirish; Hadis darslari uchun alohida xushbo'ylanish. Demak har bir mo'min va mo'mina Muhammad alayhissalom haqlarida ushbu odoblarga rioya qilishi lozimdir.

U zotning bergan xabarlarini tasdiqlash

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ulug'lash turlaridan yana biri u zotning xabarlarini tasdiqlashdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bergan xabarlarini tasdiqlash va u zotni yolg'on gapirishdan pok, deb bilish iymon ruknlaridan hisoblanadi.

U zotning ko'rsatmalariga ergashish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli bo'lish  u zotning fe'llari va so'zlariga ergashishni taqozo qiladi. Zero u zotga ergashish iymonning asli ekani va juda ulkan baxtu-saodatga sabab bo'lishi Qur'oni karimda quyidagicha bayon qilingan:

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag'firat qiladir!, deb ayt” ("Oli Imron" surasi, 31-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalariga ergashish aslida u zotga bo'lgan muhabbatning samarsi hisoblanadi. Chunki muhabbat itoatni taqozo qiladi. Bu haqida hikmatli she'rlardan birida bunday deyilgan:

تعصي الإله و أنت تظهر حبه        هذا محال في الفعال بديع

لو كان حبك صادقا لأطعته إن المحب لمن يحب مطيع

Da'voying muhabbat, qilmishing isyon Ko'rdim bu ishingda yolg'onu g'alat. Allohga qullik qil, ey sarkash inson, Muhabbat toatni qiladi talab.

Ya'ni Allohga muhabbatli bo'lish, U zotga itoat etishni vojib qilganidek, Rasulullohni yaxshi ko'rish ham u zotning ko'rsatmalariga ergashishni taqozo qiladi. Demak musulmon kishi doimo u zotning ko'rsatmalari asosida yashaydi, insonchilik yuzasidan biror kamchilikka yo'l qo'yganda ham yana darhol u zotning ko'rsatmalari asosida holatini isloh qilishga o'tadi.

Paydo bo'lgan masalalarni u zotning sunnatlariga asosan hal qilish

Mo'minlar oralarida chiqqan kelishmovchiliklarda Rasulullohni hakam qilishlari lozimligini Alloh taoloning O'zi buyurgan:

فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجًا مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

“Yo'q, Robbingga qasamki, seni o'z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, keyin, chiqargan hukmingga dillarida tanglik topmasdan, butunlay taslim bo'lmagunlaricha, zinhor mo'min bo'la olmaslar!” ("Niso" surasi, 65-oyat).

Shuning uchun ham sunnatlarga rioya qilish najot topishda Nuh alayhissalomning kemasiga o'xshatilgan.

U zotni himoya qilish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilish u zotga bo'lgan muhabbatning eng ulkan alomatlaridan hisoblanadi. Tarix kitoblarida sahobalarning u zotni dushman o'qlaridan tanalari bilan to'sganlari bayon qilingan. U zot vafotlaridan keyin esa dushmanlarning bo'htonlaridan u zotning pok siyratlarini himoya qilish har bir musulmonga lozim bo'ladi.

Demak har bir musulmon kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hamda u zotning ahli oilalari va sahobalarini payg'ambarlardan keyingi insonlarning eng afzallari, deb e'tiqod qilib, ularni faqat yaxshi sifatlar bilan yodga olish lozim. Ular haqidagi turli bo'htonlarni rad qilish lozim.

U zotning sunnatlarini himoya qilish

Rasulullohning sunnatlarini himoya qilish, deganda ularni yodlash hamda buzg'unchi va johillarning noto'g'ri talqin qilishlariga qarshi kurashish tushuniladi.

U zotning sunnatlarini yoyish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini insonlarga ta'lim berib, ularning yoyilishiga xizmat qilish, u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zotning o'zlari sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqlariga duo qilganlar:

عَن ابْنِ مَسْعُودٍ قَالَ : سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: نَضَّرَ اللهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئاً ، فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَهُ ، فَرُبَّ مُبَلَّغٍ أوْعَى مِنْ سَامِعٍ  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Bizdan bir narsani eshitib, eshitganidek etkazgan kishini Alloh ne'matlantirsin. Ehtimol xabar etkazilgan kishi eshituvchidan ko'ra fahmlovchiroqdir”, deyayotganlarini eshitdim”. Termiziy rivoyat qilgan.

Xulosa qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari va sunnatlarini muhabbat bilan o'rganish hamda ular asosida hayot kechirishga urinishimiz u zot alayhissalomga bo'lgan iymonimiz taqozosidir.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, U zotning elchisi bo'lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo'lsin.

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi  o'qituvchisi Abdulqodir Abdur Rahim

Manba: Islaminstitut.uz

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!