Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
Yoshlar nega ulamolardan yuz o'girmoqda?
MUHARRIR: WapUsta

13 DEKABR, 15:15 / KO'RILDI: 45

Tan olish kerakki, musulmon yoshlarning ba'zi doiralari ko'pchilik Islom ulamolariga, ayniqsa hukumatga yaqin bo'lgan olimlarga ishonchsizliklari tufayli faqat kitoblargagina tayanadigan bo'lib qolishgan.

Ularning fikricha, bunday ulamolar hukumatning Alloh nozil qilgan shariatga amal qilmayotganligini bila turib, uning tarafini oladilar, zulmni ko'rib turib, uni to'xtatishga urinmaydilar va hatto jim ham turmay, aksincha, zo'ravon rahbarga «Siz naqadar odilsiz! Naqadar qahramonsiz» deya maddohlik qiladilar. Hech bo'lmasa haqni aytmay tursalar ham mayli edi, vaholanki ular yolg'onni so'zlaydilar!

Yoshlar avval vafot etib ketgan ulamolarni ancha haqgo'y va sobitqadam deb biladilar, shuning uchun ham ularning kitoblariga murojaat qilib, diniy bilimlarni ustozsiz, mustaqil ravishda oladilar. Buning ajablanarli joyi yo'q. Men ana shunday yoshlardan biriga shunday dedim: «Siz ilmni ulamolardan olishingiz, bilmaganingizni zikr ahlidan so'rashingiz kerak!».

U shunday javob berdi: «Ilmi va dinga amal qilish darajasi bizni qoniqtiradigan ulamolarni qaerdan topaylik? Biz faqat hukumat rahbarlarining atrofida girdikapalak bo'layotganlarni ko'ryapmiz-ku? Rahbarlar ruxsat berishni istashsa, ruxsat berishadi, man qilishni hohlashsa, man qilishadi; sotsialistik hukumat bo'lsa, sotsializmni ko'klarga ko'tarib, uning Islomga xos jihatlarini qidirishadi, kapitalistik tuzumda esa ular kapitalizmni Islom nomidan qo'llab-quvvatlashadi. Rahbar urush qilishni istasa, bunday ulamolar tinchlikni qoralay boshlaydilar, agar siyosat o'zgarib, tinchlik kerak bo'lib qolsa, tinch-omonlikni targ'ib qiluvchi fatvolar chiqarib beriladi. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyilgan «…Uni bir yil halol qilarlar, bir yil harom qilarlar» ("Tavba" surasining 37-oyati)

Men esa unga shunday dedim: «Biz ba'zi birovlarning gunohlarini hammaga yuklab, bir nechta yomonlarga qarab, qolgan yaxshi kishilarga, yolg'onni inkor qilib, zulmga qarshi turganlarga, tog'utga bo'ysunishdan bosh tortuvchilarga, buning uchun tahdid va terrorga duch kelayotgan, azob chekayotgan, hibsda o'tirgan, o'z dini va aqidasini xorlamaslik uchun Alloh yo'lida jon berganlarga baho bermasligimiz lozim».

Yigit shunday dedi: «Men buni inkor qilmayman, lekin men aynan hukumatga yaqin turganlarni, qo'lida ommaning ongiga ta'sir qilish quroli bo'lgan mashhur kishilarni yomon deyapman».

Shak-shubha yo'qki, «Yirik ulamolarning ko'pchiligi rahbarlar qo'lidagi bir vositaga aylanib qolgan. Ular rahbarning istaganini aytadilar va uning buyrug'i bilan izoh berish kerak bo'lganda jim qoladilar. Vaholanki, ilmni yashirish mumkin emas, bunday paytda indamay turish yolg'on gapirish bilan teng bo'ladi, ularning ikkisi ham shayton bo'ladi» — deydigan yoshlar ko'p jihatdan haq bo'ladilar.

Bir mamlakatda mashhur olimlardan birini «Shariat nuqtai nazaridan qarindoshchilik» degan mavzudagi teleko'rsatuvga taklif qilishibdi. Taklif qilingan olim o'sha tok-shouni olib boradigan mas'ul kishilardan biriga shunday debdi: «Bu ko'rsatuvda qarindoshlikni yoqlash kerakmi yoki qoralashmi? Men shunga qarab tayyorlanib boraman». Boshlovchi uning bu so'zlarini eshitib, hang-mang bo'lib qolibdi.

Bir paytlar rahbarlardan biriga «Oyog'ini uzatgan qo'lini cho'zmaydi» deya olgan degan ulamolarni Alloh rahmat qilsin. O, qani edi, hukumatga yaqinlashib olib, maddohlik qilayotgan olimlarning taqvosi, iymoni susaysa ham, hech bo'lmasa ilmi, farosati ozgina oshsa!

O'z dinini chuqur tushunib etmoqchi bo'lgan yoshlarning ko'pchiligi baland minbarlarda turib, ma'ruzalar osmonida javlon urayotgan olimlarning suhbatida bo'lganlar, biroq ularning Qur'on va Sunnatdan ancha bebahra ekanligini ko'rib, hafsalalari pir bo'lgan. Ularning ilmlari na dardlarga shifo bo'lishi, na chanqoqni qondirishini ko'rganlar.

Shuning uchun, ilmdan ham, taqvodan mahrum bo'lgan bunday «arbob»lardan yuz o'girgan yoshlardan xafa bo'lmaslik kerak. Bunday soxta olimlar o'z fikrini isbot qilish uchun sahih hadislarni chetga surib, to'qima hadislarni keltiradilar, yana boshqalari ba'zi hukmlar uchun tushni ham dalil qilib oladilar, ularning kallasida afsona va ertaklardan boshqa narsa yo'q. 

Yoshlar ularning keng yoyilib ketgan bid'atlarni qo'llab-quvvatlab, haq sunnat yo'lini inkor qilayotganlarini, ko'pchilikning, ba'zi obro'li va boy kishilarning nazariga tushishga urinayotganlarini ko'rib turibdilar. Yoshlar hatto yaxshi obro'ga ega bo'lib kelgan ba'zi olimlarni ham endilikda hukumatga yon bosishda shubha ostiga olmoqdalar. Ommaviy axborot vositalari bu olimlarga yoshlar bilan bevosita muloqot qilishga imkon bermay, ularni zolim rahbarlarga sodiq kishilar sifatida ko'klarga ko'tarib maqtaydilar.

Misrda islomiy yoshlar jamoatlari taqiqlab qo'yilib, ularning ko'pchiligi hibsga olinib, sud qilingach, mashhur olimlardan biri bu haqda shunday degan edi: «Agar ular haqiqatdan ham Islom targ'ibotchilari bo'lganlarida, Alloh ularni yordamsiz qoldirmagan bo'lur edi. Agar ular haqiqatdan ham Islomga yordam berganlarida, Alloh ularning niyatlaridan, maqsadlaridan rozi bo'lar, ularga na politsiya, na harbiylar to'sqinlik qila olmagan bo'lardi. Biroq ular bunday bo'la olmadilar. Va ularni bandasi mag'lub qilmay turib, Alloh mag'lub qilib qo'ydi».

Shayx bu so'zlarni haq va yolg'onni farqlashda qo'llaniladigan qoidani ta'kidlab aytdilar. Kim mag'lubiyatga uchrasa – demak u botil yo'lda bo'lgan, chunki Alloh unga nusrat bermadi. Muvaffaqiyat qozonib, g'alaba qozonganlar haq yo'lda bo'ladilar.

Biroq, bunday qoidani shariat ham, real voqelik ham inkor qiladi. Zero, Allohning nusrati kelishi va g'alaba qozonish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi va g'alabaning sabablari ta'minlanishi kerak. Haq va mustaqim yo'ldagilarning ba'zilarida esa bunday imkoniyat bo'lmasligi ham mumkin. Ayni paytda, botil yo'lda borayotganlarda vaqtinchalik muvaffaqiyatga erishish uchun zarur shart-sharoitlar bor bo'lishi ham mumkin.

Bugungi kunda botilga da'vat qilayotgan va bu ishda muvaffaqiyatga erishayotganlarni ham, haqqa chaqirib, mag'lubiyatga uchrayotganlarni ham ko'rishimiz mumkin, chunki jahon hamjamiyati bularning birini qo'llab-quvvatlayotgan bo'lsa, boshqasiga qarshi chiqmoqda. Buning yorqin misoli «Isroil»dir. 

Olimlar rahbarligida Otaturk va uning partiyasiga qarshi kurash musulmon turk xalqining qanday qirilganligini kim bilmaydi? Islom xalifat tuprog'idan yo'qotilib, turk xalqining o't-olov va po'lat kuchi bilan dunyoviy g'arb qonunlarini qabul qilishga majbur qilingani-chi? Bu ikki tarafning qay biri haq, qay biri nohaq edi?

Yaqin-yaqingacha ham ba'zi musulmon mamlakatlarda hukumat tomonidan joriy qilinayotgan oila kodeksiga qarshi chiqqan olimlarni o'ldirishar, ularni o'tda kuydirar edilar. Bu kodeks Allohning qonunlarini o'zgartirib, U harom qilgan narsaga ruxsat berar, Alloh halol qilgan narsani man qilar, Alloh bandaning zimmasiga yuklagan majburiyatni bekor qilar edi. Olimlar bunga “Yo'q!” deb javob berishgach esa, ularning jazosi o'lim bo'ldi, ulardan keyin hech kim e'tiroz ovozlari eshitilmasin deb, bosh ko'tarmadi. Zo'ravonlar hukumati engib chiqdi, olimlarning, ular bilan birga xalqning ovozi esa o'chirildi. Hukumat haq, olimlar nohaq edimi?

Boshqa bir musulmon davlatida esa kamchilik ko'pchilik ustidan hukmron edi. Haqni yoqlagan, haq talashib kurashganlarning ovozini o'chirish, “Yo'q!” u yoqda tursin, hatto “Nega?” va “Nima uchun?” deb so'rashga ham o'rin qoldirmaslik uchun minglab odamlar qamoqqa olindi. Qamoqxonalar to'lib ketgach esa, ularni o'qqa tutib, sonlarini kamaytirdilar. O'limdan qo'rqmaydigan musulmonlarni sindirish, xorlash va xo'rlash uchun esa boshqa usullar qo'llanildi. Bunday usulni hatto Chingizxon ham, tarixda nomi qolgan boshqa zolimlar ham qo'llamagan edilar — ularning oilalarini ko'z oldilarida zo'rladilar.

Yo Alloh! Qancha begunoh qonlar to'kildi! Qancha bokira nomuslar toptaldi, qancha qadamjolar xarobaga aylantirildi, qancha qimmatbaho buyumlar yo'q qilindi, qancha go'zal uylar, chiroyli shaharlar yiqitilib, aholisi ustiga ag'darildi… Qanchadan-qancha ojiz ayollar va bolalar o'ldirildi!

Bunday misollardan yurak qonlarga to'ladi. Musulmon xalqi zolim va zo'ravonlar tomonidan mag'lub qilindi. Ularning qay biri haq yo'lda, qay biri botil yo'lda edi? Tarixda bunday voqealar juda ko'p.

Shahidlar otasi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning nabiralari hazrati Husayn ibn Ali ham Yazidning qo'shinlari tomonidan mag'lub qilindilar, hokimiyat Ummaviylar qo'liga o'tdi. Nahotki bu voqea Yazid haq, hazrati Husayn esa nohaq edi, deyishga dalil bo'la olsa?

Oradan ko'p yillar o'tgach, Hijoz va uning atroflarida yurib, musulmonlarning xalifasi va mo'minlar amiri deb hisoblangan ulug' sahoba, jasur qahramon Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu ummaviylarning qo'shinidan engildilar. Shundan so'ng Abdurrohman ibn Axyyat, Said ibn Jubayr, Shubiy, Mutrif ibn Abdulloh va boshqa ko'pgina olimlar qatl qilindilar.

Ularni o'ldirganlar jinoyatchilar qavmi edi. Ularning qo'lida ko'plab ahli ilmlar qatl etildilar. Xususan, ular o'ldirgan Said ibn Jubayr haqida imom Ahmad rohimahulloh shunday degan edilar: «Said o'ldirildi. Er yuzida uning ilmiga muhtoj bo'lmagan birorta musulmon yo'q edi».

Abdulloh ibn Zubayr o'zining oz sonli tarafdorlari bilan Makkada qamal qilindilar. Shunda u zot «Allohga qasamki, butun er aholisi unga qarshi kuch to'plasa ham, haqni yo'q qila olmaydilar. Va Allohga qasamki, boshidan oy chiqsa ham, kazzob ustun bo'la olmaydi!» dedilar.

Qur'oni karimda ba'zi payg'ambarlarning dushman tomonidan qatl etilganligi zikr qilinadi. Alloh taolo Bani Isroilga qarata shunday marhamat qiladi: «Va batahqiq, Musoga kitobni berdik va uning ortidan Payg'ambarlarni ketma-ket yubordik. Va Iyso ibn Maryamga ravshan (mo''jizalar)ni berdik va uni ruhul quds bilan qo'lladik. Har qachon Payg'ambar sizning havoyu nafsingizga yoqmaydigan narsa keltirsa, mutakabbirlik qilib, ba'zilarini yolg'onchiga chiqarib, ba'zilarini o'ldiraverasizmi?!» ("Baqara" surasining 87-oyati).

Ulardan biri Allohning payg'ambari Zakariyo va uning o'g'li Yahyo alayhimassalomlar edi.

Bu payg'ambarlarning qatl qilinishi, dushmanning ular ustidan g'alaba qozonishi ularning botil yo'lda ekanligini, zalolatda ekanligini ko'rsatadimi?

Shuningdek, Qur'oni karimda handaq qazib, uning ichiga olov yoqib, bu chuqurga iymon keltirganlarni tashlab, so'ng handaq atrofida o'tirib olib, mo'minlarning olovda yonishini tomosha qilib o'tirganlar haqidagi hikoya ham bor. 

«Va (ular) mo'minlardan Aziz, Hamid Allohga bo'lgan iymondan boshqa «ayb» topa olmadilar». ("Buruj" surasining 8-oyati).

Nahotki bu kofirlar haq bo'lsalar? Nahotki kuch jihatdan ojiz bo'lgan mo'minlarni o'ldirib, ularning kulini ko'kka sovurganlar haq yo'lda bo'lsalar? O'sha o'ldirilgan mo'minlar botil yo'lda bo'lganlar deyish mumkinmi? Aslo!!!

Haq gap shuki, yuqoridagi fikrlarni bildirgan shayxning so'zlariga qo'shilib bo'lmaydi. Bu shayx janoblari Allohning mo'minlarga sinov yuborishi, zolimlarni esa vaqtincha ustun qilib turishini unutib qo'ygan ko'rinadilar. Bu kishi Allohning sevgan bandalarini sinab turish sunnatini qanday unutib qo'yganlar, bilmadim.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: "Odamlar "iymon keltirdik" deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o'yladilarmi? Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o'tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo'lganlarni ham bilajak, yolg'onchilarni ham bilajak" ("Ankabut" surasining 2-3-oyatlari).

Musulmonlar Uhud jangida katta talafot ko'rganlarida Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: "Agar sizga jarohat etgan bo'lsa, u qavmga ham shunga o'xshash jarohat etgan. Bunday kunlarni odamlar orasida aylantirib turamiz. Toki Alloh iymon keltirganlarni bilishi uchun va ulardan shahidlarni chiqarib olishi uchun. Va Alloh zolimlarni sevmaydi" ("Oli Imron" surasining 140-oyati). 

Ushbu oyati karima esa dushmanlar haqida nozil bo'lgan: "Va ularga muhlat beraman, albatta, Mening hiylam metindir" ("Qalam" surasining 45-oyati).

 

Shayx Yusuf Qarozoviy

«Islomiy tafakkur: iymonsizlik va ekstremizm o'rtasida» kitobidan

Azon.uz

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!