Kirish | A'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz
Futbol muxlisalari (16+)
Yuklamalar ombori (vip)
Telegramdagi kanalimizda qo'shiling!
Ogoh bo'ling! Bankomatlar pulingizdan "urib qolishi" mumkin
MUHARRIR: Admin

12 IYUN, 13:50 / KO'RILDI: 99

O'tgan shanba — 8 iyun kuni juda qiziq ish bo'ldi, deb yozmoqda andijonlik jurnalist Nurullo No''monov «Aldoqchi bankomat» maqolasida.

Naqd pulga ehtiyoj sezib, hamkasblar «Asakabank»ning Andijon shahrida «24/7» rejimida kunu tun xizmat ko'rsatuvchi, bir urinishda 5 million so'mgacha naqd pul «echib» olish mumkin bo'lgan shoxobchasiga bordik. Taxminan yigirmanchi bo'lib navbatga turdik.

E'tibor bersangiz, plastik kartasidagi mablag'ni naqdlashtirgan aksariyat mijozlar pulni sanamasdan kissaga urishadi. Chunki tasavvurimizda bankomat kompyuterlashtirilgan, aniq ishlaydi, aldamaydi, degan tushuncha bor. Bizdan oldin pul «echgan»lar ham balki shu o'yga borishganidan, ehtimol, navbati kelguncha kutib zerikkanidan, pulni sanamasdan cho'ntakka solib chiqib ketishdi. Ammo... bankomat ham aldarkan!

Navbatda turganlardan biri plastik kartasidan 400 ming so'm pul «echdi». Bankomat esa unga... 200 ming so'm sanab berdi. Mijoz pulning «cho'g'i» kamligini sezib, hammani hushyorlikka chorladi: «Odamlar, bankomatdan chiqqan pullarni sananglar!»

Shundan so'ng «eksperiment» boshlandi. Ajabki, «operatsiya» bir xil davom etaverdi. 7 kishi plastik kartalaridan bankomatga 250 ming urib, 125 ming so'm, 200 ming urib, 100 ming so'm... qisqasi, teng yarmiga «echib» oldilar.

Shanba banklarda ish kuni emas. Aldangan mijozlar shovqin-suron ko'tarishdi. Zum o'tmay, mas'ul xodim etib keldi. Plastik kartalar tekshirildi. Bankomat hammani «aldabdi». Hisob-kitob joy-joyiga qo'yildi.

— Nega bunaqa bo'ldi?

Bu savolga bankomatga mas'ul bo'lgan mutaxassis izoh berdi: «Kassetalar almashib qopti!»

Tushundikki, bankomatning 10 ming so'mlik va 5 ming so'mlik kupyuralar solinadigan kassetalari o'rni almashib qolgan. Xatolikning asosiy sababi shu.

Ayni mavzuda bong urishdan maqsad — bankomatga tez-tez ishi tushadigan mijozlarni ogohlantirish, xolos. Plastik kartadan naqdlashtirdingizmi, pulingizni erinmay sanab qo'ying. Tag'in hisobingiz chiqmay, xunob bo'lib yurmang, «kassetalar almashib qolishi» mumkin!

Manba: xabar.uz

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!