Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
Amir Temur hayoti haqidagi noyob qo'lyozma asar “Tuzuklar” Yamandan topildi
MUHARRIR: wapusta

6 DEKABR, 22:30 / KO'RILDI: 24

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 10-11 dekabr kunlari poytaxtimizda “O'zbekistonning madaniy merosi jahon to'plamlarida” loyihasining 2018 yil yakunlari va 2019 yil «Yo'l xaritasi»ni ishlab chiqishga bag'ishlangan xalqaro multimediya forumi bo'lib o'tadi. Forum doirasida o'tkaziladigan "Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferentsiyasida “O'zbekistonning 100 mashhur qo'lyozma yodgorliklari” loyihasi tahliliga keng o'rin beriladi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar O'zbekistonning madaniy merosi va tarixiy qo'lyozmalar tahliliga bag'ishlangan maqolalari bilan ishtirok etmoqda. Sizning e'tiboringizga havola etilayotgan Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari tarixi va qo'lyozmalari haqidagi Rustam Jabborovning maqolasi ham “O'zbekistonning 100 mashhur qo'lyozma yodgorliklari” loyihasiga taqdim etilgan.  

***

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o'zining o'tkir aql-zakovati, noyob etakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o'rin tutadi. Sarkardaning hayot yo'li, davlat boshqaruvi, o'z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyati bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, uning “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.  

SOHIBQIRON KITOB YoZGANMI?

Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e'tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo'lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to'plamlarda saqlanmoqda. Ko'plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan. O'tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o'tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma'lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi. Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski o'zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o'z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo'lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha etib kelmaganidan, bu o'rinda so'z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin. Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturil-amal vazifasini o'tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulg'ozi Bahodurxonning “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i tutki bergan bo'lishi mumkin. Afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo'lyozmasi hanuzgacha topilgani yo'q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma'lum bo'lmagan sahifalari ochilishi barobarida o'zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go'zal durdona bilan boyigan bo'lar edi.

Bugun bizgacha etib kelgan xilma-xil qo'lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Qo'lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo'lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko'chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Ja'far poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo'lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning etti yoshdan etmish yoshgacha bo'lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo'l-yo'riqlari o'rin olgan. At-Turbatiy bu bebaho qo'lyozmani o'zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to'la-to'kis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o'zlaridan qo'shgan ortiqcha tafsilotlarin o'chirib tashlashni buyuradi. Mazkur asarning shu paytgacha etib kelgan barcha qo'lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo'lib xizmat qilgan.   QAYTA-QAYTA TARJIMA QILINGAN ENG NOYoB ASAR   Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo'lyozmasi bir necha bor ko'chirilgan. Asli o'zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug'ilgan. So'nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o'girilgan. 1836 yilda Qo'qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrug'iga ko'ra, Xo'jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857 yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muxammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o'zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o'tib, Xivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko'ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo'lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo'lyozmalari institutida saqlanmoqda. 1967 yil taniqli alloma Alixonto'ra Sog'uniy (1885-1976) asarning O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo'lyozmadan o'zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini «Guliston» jurnalida e'lon qilgan. Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga bo'lga munosabat tubdan o'zgardi. 1996 yilda buyuk sarkardaning 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar o'rnatildi. O'zbekistonda ulug' sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” ta'sis etildi. Bularning bari o'zbek xalqining buyuk Sohibqironga bo'lgan so'nmas ehtiromi namunasi bo'ldi. Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” bir necha bor nashr etildi. Asarning turli faksimile nusxalari ham o'quvchilar e'tiboriga havola etildi.   BEBAHO TUHFA Ayni paytda biz taqdim etayotgan qo'lyozma matni nisbatan to'liqligi, qadimiy va mo''tabarligi bilan ajralib turadi. RFA ShQIda “Temur tuzuklari”ning fors tilidagi sakkizta qo'lyozmasi mavjud bo'lib, ularning eng mukammali 1846 yil may-iyun oylarida Buxoroda, Amir Nasrullo hukmronligi davrida Haqquli Dodxoh ismli amaldorning buyurtmasiga ko'ra nasta'liq xatida, Qo'qon qog'ozida ko'chirilgan. Mazkur qo'lyozma at-Turbatiyning muqaddimasi bilan boshlanadi. Biroq, qo'lyozmaning tarkibiy tuzilishi shu paytgacha asarning O'zbekistonda chop etilgan o'zbek, forsiy va rus tillaridagi nashrlaridan keskin farqlanadi. Mazkur tafovutlarni o'rganish temurshunos olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. O'tgan haftada mamlakatimizda o'tkazilgan “Zamonlar chorrahasi: o'tmishning buyuk merosi – ma'rifatli kelajak poydevori” deb nomlangan xalqaro media-forum doirasida “Temur tuzuklari”ning ushbu qo'lyozmasidan olingan faksimile ham yurtimizga keltirildi. Bu esa xalqimiz va yoshlarni yurtimiz madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish yo'lida qilinayotgan ezgu ishlardandir. Manba: uza.uz
Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!