Kirish A'zo bo'lish
REKLAMA
Bugunning fojiasi: "Kim aytdi sizga davlat xalat bilan ta'minlaydi deb?"
MUHARRIR: wapusta

12 NOYABR, 20:45 / KO'RILDI: 59

 

Shifokorlarni ish beruvchilar oq xalat va boshqa bir martalik gigiena vositalari bilan ta'minlashi kerak. Aslida shundaymi?

Shifokorlarning har 6 oydagi tibbiy ko'rigi xarajati ham ish beruvchi tomonidan qoplanishi kerak. Buni shifokorlarimiz biladimi?

Kechasi bilan isitmalab, ertalabdan mahallamiz poliklinikasiga chiqishga majbur bo'ldim. Poliklinika eshigi yonida Bosh hamshiraning yangi kelgan xodimni siltab urishayotgani ustidan chiqdim. “Oq xalat tagida to'q ko'k emas, qora klassik shim bo'lishi shart. Ertaga shiming rangi qora bo'lmasa, ishdan haydayman”, deydi hamshira yosh shifokor yigitga o'dag'aylab. Shu tobda ular o'rtasiga tushmasam bo'lmasdi, kasbiy kasallik-da, to'g'ri tushuning.

— Opa, poliklinika xodimlariga faqat shunaqa shart qo'yadimi yoki ularni talab qilinayotgan maxsus forma bilan ham ta'minlaydimi? 

Savolimdan ajablangan hamshira shunday javob qildi:

— Esingiz bormi? Nega biz berar ekanmiz. Xalatni hamma o'zi sotib oladi. Men ham o'zim olganman. Kim aytdi sizga davlat xalat bilan ta'minlaydi deb?

Suhbatimizga poliklinikaga ko'rikka chiqqan pensioner ayol ham qo'shildi.

— Oq xalat sifatlisi 50-150 ming so'm atrofida, oq shippak yana 50 ming so'm, tibbiy ko'rikdan o'tish uchun yana shuncha (100 ming atrofida) pul, yo'l kira, tushlik – bu hali maosh olmagan hamshira farzandimning ishga borish uchun sarflashi kerak bo'lgan xarajatlari. Ilk maoshi 590 ming so'm atrofida emish. Soliq olib tashlansa, qo'liga 490 ming atrofida tegar. 

Bir qarashda arzimagan xarajatlar. Lekin shunday bo'lsa-da “Shifokorlarni maxsus kiyim bilan ta'minlash kimning bo'ynida? Hamma o'zi sotib olishga majburmi?” yana o'sha kasbiy kasallik tufayli ushbu savollarga javob olishga qiziqdim. 

Arzimagan oq xalat. Shifokor bir yilda 1 yoki 2 ta xalat sotib olar. Umumiy hisobda ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda 500 mingga yaqin shifokorlar bo'lsa, shuncha oq xalat uchun agar byudjet pul ajratayotgan bo'lsa, bu pullarning qanchasi shifokorlarga xalat “kiydiryapti”..? 

Qonunchilikka ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 217-moddasida xodimlar “Maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan bepul ta'minlanadilar. Bunday ishlarning ro'yxati, beriladigan narsalarning normalari, ta'minot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida, agar ular tuzilmagan bo'lsa — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi”, deyilgan. Ya'ni shifokorlar oq xalat, shippak, niqob va boshqa gigiena vositalari bilan ta'minlanishlari kerak. Demak, poliklinikaga qon topshirishga chiqqaningizda, gigiena uchun qo'lqop ko'tarib chiqishingiz, aslida shart emas. 

Tibbiy ko'rikdan o'tish shartlari ham qonunchilikda ochiq ko'rsatilgan. Ayni shu mehnat kodeksining 214-moddasida Ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog'ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazishni tashkil qilishi shartligi ko'rsatilgan. Shuningdek, “Tibbiy ko'riklardan o'tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo'lmaydilar”, deb belgilangan. 

Bu qonunchilikdagi me'yorlar, ammo amalda qanday? Qaysi tibbiy muassasa shifokorni oq xalat bilan ta'minlab har 6 oyda tibbiy ko'rikdan o'tishini bepul tashkillashtirib bermoqda?

Toshkentning aksariyat kasalxonalari shifokorlarini surishtirib bilishimizcha ular oq xalatni o'z hisoblariga sotib oladilar. Bir necha kasalxona va poliklinikalarni surishtiruvida “Xalatni hamma o'zi sotib oladi”, kabi javoblarni oldik.

Shifoxonalar smetalariga umuman oq xalatni kiritishmaydi. Demakki, smetaga kiritilmasa, pul ham ajratilmaydi. Tumandagi tegishli idoralardan amallab olgan ma'lumotlarimizga ko'ra, umuman oq xalat uchun pul ajratilmaydi. Hatto hisobxonadagi ayollar shifokorlarning qonunan bunga haqlari bor ekanligidan ham bexabar. Ma'lum bo'lishicha hamshiralar o'zlari shifoxonada ishlab turib, nima uchun yana har 6 oyda yangilanuvchi tibbiy ko'riklarini pullik topshirishlariga norozilik bildirganlar. Ammo shunga qaramasdan muassasalar ko'rikni tekinga tashkillashtirishni o'z bo'yniga olmagan. Tegishli idoralarga kirib, oq xalat haqida savol berarkanmiz, bizga xuddi oydan tushgan odamlardek qaratilgan nigohlarga duch kelaverdik. O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keltirilgan 217-, 214-moddalarni “bo'lmagan gap”ga chiqaraverishdi.

Tibbiyot muassasasi oq xalatlarni talab qilishdan avval, sog'liqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me'yorlari borligini ham unutmasliklari kerak. Zero, hamshira oyligi 590 ming so'mdan boshlanadi, sanitarka maoshini-ku yozmay qo'ya qolaylik. Kecha o'qishni bitirib kelgan kategoriyasiz shifokorning maoshi o'rtacha 873 ming so'm (soliqlar bilan hisoblanganda). O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 25 avgustda 1998-con bilan ro'yxatga olingan O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining (Mehnat vazirligi) 2009 yil 10 avgustdagi 49-B-sonli buyrug'iga Ilovasida maxsus kiyimlarni tibbiy muassasaning qo'lga kiritish huquqlari ham ko'rsatilgan. 

Davlat tibbiyot muassasasining tegishli xodimi smetasiga xodimlarning maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan ta'minlashni ham kiritib, tegishli idoradan talab qilishga haqli ekan. Kasalxona yuqoridagi idoralardan xalat uchun pul yoki xalat undira olmaganini pesh qilishga haqli emas. Chunki, davlat shifoxonasi o'z xodimini oq xalat bilan ta'minlamasa, mehnat kodeksini buzgan hisoblanadi. Buning uchun uni sudga berish mumkin. 

Arzimagan oq xalat, bir poliklinika va kasalxona miqyosida olsak necha ming kishi... Respublika miqyosida-chi? Albatta, biz butun Respublika kasalxona va poliklinikalarida surishtiruv olib bormadik. Lekin, savolga tutganlarimiz Toshkentning aksariyat kasalxona va poliklinikalarida savolimizga ajablangan holda “Esingiz bormi? Xalatni hamma o'zi sotib oladi”, degan javoblarni oldik. Qonunchilikda ko'zda tutilgan oddiy huquqni talab qilsangiz-u, sizga “Esingiz bormi?”, deb javob qaytarishsa, kulgili emasmi? 

Shifokorni oddiygina oq xalat bilan ham ta'minlay olmasdan yana ularni poraxo'rlikda ayblash, xorijga ish qidirib ketganlarini ortga qaytarishga urinishlarimiz mantiqsiz emasmi? Siz nima deysiz aziz o'quvchi...

Manba: uza.uz

Ulashish
Fikrlar
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
Hali hech kim izoh qoldirmagan!!