Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:38
LoginA'zo bo'lish
IIV «Al Jazeera» muxbirini yolg'on ma'lumotlar tarqatayotganlikda aybladi

 2 APREL, 20:15 85

.

IIV joriy yil fevral oyidan buyon O'zbekistonda ish faoliyatini boshlagan «Al Jazeera» muxbiri Agneshka Pikuliska (Agnieszka Pikulicka)ni yolg'on ma'lumotlar tarqatayotganlikda aybladi.

Vazirlikka ko'ra, muxbir oxirgi kunlarda Toshkent shahrining Amir Temur xiyobonida sodir etilgan tartibsizliklar, fuqaro Miraziz Bozorovning ig'voli chiqishlari hamda unga nisbatan noma'lum shaxslar tomonidan etkazilgan tan jarohatlari oqibatida jinoyat ishi ochilganligiga oid voqealarga o'z munosabatini bildirib, o'zining Tvitter'dagi sahifasida haqiqatga mos kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatmoqda. Ma'lum qilinishicha, jurnalist joriy yilning 29 martdan boshlab M. Bozorov atrofida bo'layotgan voqealarga noxolis yondashib, o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida aslida ro'y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda. Masalan, «Mening yigitimni maxsus xizmatlar so'roq qilishyapti, (u jurnalist yoki faol emas, faqat kecha men bilan shifoxonada bo'lgan). Bu noto'g'ri yo'l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o'ldirish bilan tahdid qilayotgan, radikallar bilan ishni hal eting».

«Maxsus xizmatlar geylarni faol qidirishmoqda. Odamlarni rasmlarini ko'rsatib, ularni geylikda gumonlashyapti. Odamlarga LBGT jamoasi xaqida ma'lumot tarqatishlik haqida bosim o'tkazishyapti. Ertaga boshqalar ham so'roq qilinadi. Bu yangi O'zbekiston».

«Men bilaman, Maxsus xizmatlar mening do'stlarimdan geylar haqida so'rashyapti. Men xorijlik bo'lganim uchun meni so'roqqa chaqirishmadi. Ishoning, bu yalmog'izlarga ov!» «Men, uning (M.Bozorovning) provokatsiyalari haqida bilaman. Lekin bu uning oyog'ini sindirishga bahona emas. Uni gapiga biz shubha bilan qaraymiz. Endi, barcha uni shifoxonada xabar olgan odamlarni LBGT jamoasiga aloqadorligi savol tug'ilmoqda. Mening yigitim sinib qaytib keldi». «Mening bir do'stim hozir DXXda, 4 yoki 5 soatdan beri. Boshqasini ertaga chaqirtirishyapti» va hokazolar.

Vazirlikning ta'kidlashicha, niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma'lumotlarni go'yoki O'zbekistonda ro'y berayotgan «salbiy axborot» sifatida bir qator xorijiy internet nashrlariga tarqatgan.

«Vaholanki, ushbu ma'lumotlar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi hamda mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obro'sizlantirishga qaratilganligining yaqqol misoli.Muxbir Agneshka Pikuliska o'zi tayyorlayotgan materiallarining to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi majburiyatini unutib, axborotni buzib talqin etib va soxtalashtirib tarqatgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste'mol qilgan»,- deyiladi IIV munosabatida. Shuningdek, IIV Al Jazeera jurnalistini O'zbekiston hududida kuchda bo'lgan qator qonun hujjatlari, jumladan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida» gi Qonun 6-moddasi, «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida» gi Qonun 7-moddasi hamda «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida» gi qonuni 6-moddasi talablarini buzganini ta'kidlaydi.

«Haqiqatga to'g'ri kelmaydigan axborotni tarqatib, fuqarolarimizning ongini chalg'itish, davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg'otish hamda xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma'lumotlar etkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo'lishdan bu ayolga nima naf?» - deyiladi IIVning holat yuzasidan bildirgan munosabatida.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™