Xayirli tong, Guest!
Soat: 07:57
LoginA'zo bo'lish
Davlat soliq qo'mitasi Rasul Kusherbaevni sudga berdi

 27 APREL, 15:10 94

.

Davlat soliq qo'mitasi va uning tarkibiy bo'linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ustidan Fuqarolik ishlari bo'yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat soliq qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo'mitaning xabariga ko'ra, «bunga Rasul Kusherbaevning Human.uz axborot portalidagi „So'z blogerlarga“ ko'rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so'zlari» sabab bo'lgan.

Davlat soliq qo'mitasi deputatning ko'rsatuvda aytgan quyidagi gaplarini keltirib o'tdi:

«Oddiy soliq qo'mitasining xodimi yoki mutaxassisi yuk xati nima uchun kerak bo'lishini, hatto u shunchalik bilmaydimi yo tadbirkorlar, yo odamlar shunchalik ahmoq deb o'ylaydimiki, o'zini qilayotgan ishini noto'g'rimasligini isbotlashi uchun dalil sifatida yuk xatini ko'rmoqchi… Pastkashlik bo'lsa shunchalik bo'ladiki, [soliq xodimi tadbirkordan] yuk-xatigacha so'rayapti, uyidagi tualetnaya bumagani qanaqasini ishlatishini ham so'ramabdida… [Soliq organlari] aylanib o'girilib tadbirkorni aybdor deb topishim kerak degan printsip ketyapti]…», — deydi Rasul Kusherbaev ko'rsatuvda.

Qo'mitaning ta'kidlashicha, Rasul Kusherbaev ushbu so'zlar bilan soliq organlari xodimlarini asossiz ayblagan va ushbu xatti-harakatlari orqali soliq organlari xodimlari ishchanlik obro'siga putur etkazgan.

Davlat soliq qo'mitasi yuqorida aytilgan vaziyatlar bo'yicha qonunlarni keltirgan holda izoh bergan:

Soliq kodeksining 138-moddasi, 4-qismida kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to'lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) hisobga olish hujjatlarini, taqdim etilgan soliq hisobotiga va hisobga olish hujjatlariga doir tushuntirishlarni, shuningdek soliq hamda yig'imlarni hisoblab chiqarish va to'lash bilan bog'liq boshqa axborotni so'rab olishi mumkinligi ko'rsatilgan.

Soliq kodeksining 223-moddasi, 3-qismiga muvofiq, yuklarni tovar-kuzatuv hujjatlarini (yuk-xati) rasmiylashtirmasdan yoxud soxta hujjatlar bo'yicha tashish soliq bazasini yashirish deb e'tirof etiladi, deya ma'lumot berdi qo'mita.

«O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha'ni va qadr-qimmatiga putur etkazadigan qo'pol, haqoratomuz ibora va so'zlarni qo'llashga, asossiz ayblovlarga yo'l qo'yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo'lsa deputat o'z fikrlarining yanglishligi yoki noto'g'riligini oshkora tan olishi va kechirim so'rashi kerakligi belgilangan», — deya ta'kidlamoqda Davlat soliq qo'mitasi.

Qo'mitaning keltirishicha, yuqoridagilarga ko'ra Fuqarolik kodeksining 99, 100, 1021 va 1022-moddalari hamda Fuqarolik protsessual kodeksining 33, 189 va 191-moddalariga asosan javobgar Kusherbaev Rasul Xidralievich davlat soliq xizmati organlari ishchanlik obro'siga putur etkazuvchi ma'lumotlariga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berishi hamda kechirim so'rashi lozim.

«Javobgar xatti-harakatlari orqali soliq organlariga 4,6 mlrd so'm miqdorida ma'naviy zarar etkazgan. Ushbu ma'naviy zarar undirilgach, „Mahalla“ xayriya jamoat fondi huzuridagi „Saxovat va ko'mak“ jamg'armasiga o'tkaziladi», — deyiladi Davlat soliq qo'mitasi xabarida.

Shuningdek, xabarda davlat soliq xizmati organlari so'z erkinligiga qarshi emasligini ta'kidlagan.

«Biroq har qanday asossiz fikrlar uchun belgilangan tartibda, qonun doirasida javob berish lozimligini ham unutmaslik kerak. Davlat soliq qo'mitasi va uning tarkibiy bo'linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi soliq organlari xodimlarining nafaqat huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini doim himoya qiladi, shuningdek davlat soliq xizmati organlari obro'siga putur etkazuvchi harakatlar uchun javob berilishiini talab qiladi», — deyiladi xabarda.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™