Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:30
LoginA'zo bo'lish
Xizmat ko'rsatish sohasi: iqtisodiyot rivojlanishiga, yangi ish o'rinlari yaratilishiga keng yo'l oc

 26 APREL, 17:45 85

.

Yangi ish o'rinlari yaratish, aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirishda xizmat ko'rsatish va servis sohasining alohida o'rni bor. Bu sohada yangi ish o'rinlarini kam xarajat bilan va qisqa muddatda tashkil etish mumkin. Chunki mamlakatimizda bu tarmoqni rivojlantirish imkoni katta bo'lib, u ortiqcha mablag' talab etmaydi.

Hozirgi kunda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning tez rivojlanuvchi tarmoqlari bo'lib, u O'zbekiston iqtisodiyotini taraqqiyotini belgilovchi yangi yo'nalish sifatida namoyon bo'lmoqda. Xizmatlarning xilma-xil yangi turlari kengayib, xizmatlar bozorida salmoqli o'rinni egallab borayotgan bank-moliya, turizm, sug'urta, axborot-kommunikatsiya xizmatlari va boshqalarni rivojlantirish hisobiga yangi ish o'rinlari barpo etilmokda.

Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida hududlarda xizmat ko'rsatish sohasi yo'nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, sohaga doir har bir loyiha ijrosini nazoratga olib, tadbirkorlarga ko'maklashish, yangi loyihalarni shakllantirib borish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgani bejiz emas, albatta.

Tan olish kerak, bugun joylarda aniq metodologiya yaratilmagan. Sektor rahbarlarining e'tiborsizligi oqibatida ko'rsatilayotgan xizmatlar hajmi, ob'ektlar sonini aniqlash va hududlar salohiyatini to'g'ri baholashning imkoni yo'q. Shu bois, yig'ilishda mutasaddi vazirliklarga o'z yo'nalishida xizmatlarni rivojlantirish bo'yicha hudud rahbarlari bilan birdek ishlab, natijadorlik uchun javob berishi belgilandi.

Har oyning oxirgi haftasida hududlarni rivojlantirish bo'yicha belgilangan vazifalarning bajarilish holatini o'rganish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida hududlarda bo'lganimizda tadbirkorlar tomonidan yangi xizmat turlarini yo'lga qo'yish bo'yicha ko'plab murojaatlar bo'ladi. Bu yo'nalishdagi yutuqlar bilan birga, echimini kutayotgan masalalar ham mavjud ekani ko'zga tashlanadi.

Masalan, aholining poyabzal va charm buyumlari, maishiy texnikani ta'mirlash, kompyuter xizmatlari, shuningdek, sartaroshxona va go'zallik salonlari kabi xizmat ko'rsatish va servisdan foydalanish imkoni hamma joyda bir xil darajada emas. Birgina Andijon viloyatining Shahrixon, Asaka tumanlarida poyabzal ta'mirlash ustaxonasi, sartaroshxona, fotosalon, kiyimlarni kimyoviy tozalash bo'yicha xizmat ko'rsatish shoxobchalariga ehtiyoj seziladi.

Shu jihatdan biz joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz davomida mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz, partiya faollarimiz bilan aholining xizmat ko'rsatish va servisga ehtiyojini tahlil etib, sohani rivojlantirish bo'yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilishiga qaratilgan amaliy takliflarni kiritishimiz, ijro hokimiyati e'tiborini bu masalaga qaratishimiz lozim. Agar viloyat, tuman, shahar hokimlari xizmat ko'rsatish va servisni rivojlantirish ishiga munosib hissa qo'shsalar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi yaxshilanadi, yangi ish o'rinlari yaratiladi. Aslida bugungi islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad ham shu emasmi!?

Yig'ilishda xususiy sektor tomonidan hali keng qamrab olinmagan xizmatlar sifatini oshirish, ularni ko'paytirish, har bir tumanda yo'lga qo'yish bo'yicha ham aniq topshiriqlar berildi. Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda bor kuchimizni xususiy mulkning daxlsizligini ta'minlashga, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, servis xizmatini yaxshilashga safarbar etamiz. Asosiy maqsadimiz ham iqtisodiyotning eng muhim tuzilmaviy sektori bo'lgan, ichki bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan to'ldiruvchi xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatiga imtiyoz va preferentsiyalar berishdir.

Muxtasar aytganda, xususiy tadbirkorlik, ayniqsa xizmat ko'rsatish sohasi  sub'ektlari  jamiyat  taraqqiyotining barcha jabhalarida ijtimoiy  -iqtisodiy barqarorlikni ta'minlovchi asosiy omillardan biridir. Ushbu sohaning rivojlanishi mamlakat aholisi boyishiga, iqtisodiyot rivojlanishiga va davlat byudjeti tushumlari ko'payishiga olib keladi.

 

 

Odinaxon Otaxonova,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O'zLiDeP fraktsiyasi a'zosi

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™