Xayirli tun, Guest!
Soat: 01:45
LoginA'zo bo'lish
Esnash insult xastaligining belgisimi?

 26 APREL, 11:25 72

.

Tez-tez va asossiz esnash insult kasalligining oqibati bo'lishi mumkin. Shuningdek, dori-darmonlardan noto'g'ri foydalanish ham asossiz esnashni keltirib chiqaradi. SSV matbuot xizmatining shu mavzudagi savollariga tibbiyot fanlari doktori Baxtiyor G'ofurov   javob beradi. 

—  Esnash insult xastaligiga xosmi?

— Esnash yurak xastaliklariga ham xos bo'lib, xususan, gipotenziya va yurak ritmining sekinlashishi tanada kislorod etishmasligiga olib keladi va bu vaqtda bemor ko'p esnaydi. Biroq mutaxassislar bunga qo'shimcha ravishda yurak qon-tomir tizimi xastaliklarining boshqa alomatlari kuzatilmasa, tashvishlanishga hojat yo'qligini aytishadi.

O'zi aslida yurak kasalliklarida esnashni daydi nervning stimulyatsiyasi chaqiradi. U esa bosh  miyani yurak va oshqozon ichak yo'llari bilan bog'laydi. Bunday vaqtda ko'pincha bemorning qon bosimi tushib ketadi va buning natijasida inson ko'p esnaydi.

Shuningdek, esnash xavfli kasalliklar sirasiga kiruvchi insult o'tkazgan insonlarga ham xos bo'lib, u orqali bosh miya va tana harorati boshqariladi, ya'ni xuruj paytida odam tanasi qiziydi. 

Bundan tashqari, esnash insultdan avval ham kuchayishi mumkin. Shu bois, ko'p esnaganda va yuzning cho'zilib qolishi, og'izning bir tomonida tabassum bo'lishi, qo'lni ko'tarishning qiyinlashishi va butkul imkonsizligi, nutq buzilishi kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

— Esnash yana qanday kasalliklarning alomati bo'lishi mumkin? 

— Bosh miya o'zagining zararlanishi xalqum, chaynash va mimik muskullar ishiga salbiy ta'sir etadi. Bu holat esa o'z-o'zidan turli reflekslarning buzilishi va esnashga olib keladi. Bundan tashqari, bosh miya o'smalarida ham odam jismoniy jihatdan charchaydi va buning oqibatida bemorda ko'p esnash kuzatiladi. 

Hatto, ba'zan jigar faoliyatining buzilishida ham bemor ko'p esnashi mumkin. Ya'ni, jigar xastaliklarida organizmda gormonal muvozanat buzilib, bu ko'p hollarda esnashga sabab bo'ladi. 

Shuningdek, kam uchrasa-da, mazkur holatga epilepsiya belgisi sifatida ham qaraladi. Bunday vaqtda esnashni bosh miyaning chakka qismlarining haddan ortiq  zo'riqishi  keltirib chiqaradi.

Ba'zida ko'p esnash turli dori vositalarini nojo'ya ta'siri sifatida ham kuzatiladi. Ular asosan antigestamin dori vositalari, qon bosimi hamda og'riq qoldiruvchi preparatlar bo'lishi mumkin.

Xulosa o'rnida shuni aytish lozimki, har bir inson o'zida kuzatilayotgan o'zgarishlarga e'tiborli bo'lishi, agar bu hol salomatligiga ta'sir etayotganini bilsa, albatta, shifokorga murojaat qilishi lozim.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™