Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:40
LoginA'zo bo'lish
Turkmanistonning g'alati qonunlari: Gazetalarni “boshqa” maqsadlarda ishlatish taqiqlangan

 24 APREL, 17:30 76

.

Amerika Qo'shma Shtatlarida g'alati, ba'zan odamning kulgisini qistatadigan darajadagi qonunlar borligini ko'pchilik bilsa kerak. Biroq ajabtovur qonunlar chiqarish bilan mashhur bo'lgan boshqa davlatlar ham bor. Ularning biri yon qo'shnimiz Turkmaniston.

Tan olish kerakki, quyida sanab o'tilgan ba'zi qonunlar allaqachon bekor qilingan.

1. Haftaning kunlari va oylarning nomlari frantsuz inqilobi paytida bo'lganidek o'zgartirilgan edi. Sobiq prezident Niyozov o'zini unutmagan: yanvar oyini - Turkmanboshi, aprel oyini onasi sharafiga o'zgartirgan. Niyozov “yozgan” “Ruhnoma” kitobining nomi shanba kunining o'rnini egallagan. Hatto salom berishda turkmanlar “assalomu alaykum” kalimalari o'rniga “ruhnoma” va “shamchirag'” so'zlarini ishlatishlari shart bo'lgan edi.

2. Turkmanistonda ma'lum bir mutaxassislik bo'yicha o'qishga kirishdan oldin, abiturient kamida ikki yil o'sha sohada ishlashga majbur edi.

3. Sobiq prezident Niyozov o'z mamakatida har xil og'ir kasalliklarni “taqiqlagan” edi. Uning o'rnini egallagan Berdimuhamedov zamonaviyroq odam sifatida o'sha ma'lumotlarni ochiqlashga taqiq qo'ydi. Shuning uchun “statistik ma'lumotlar”ga ko'ra, turkmanlar eng sog'lom odamlardir.

4. Turkmaniston hukumati o'z fuqarolariga muhabbati zo'rligidan ularni chet elga chiqishini qat'iy taqiqlab qo'ygan edi. Barcha mansabdor shaxslar, hattoki davlat sirlarini bilish imkoniga ega bo'lmaganlar, bank xodimlari va umuman olganda, 40 yoshgacha bo'lgan odamlar chiqib ketishi man etilgan edi. Mamlakatda ko'chmas mulk bozori cheklangan va mahalliy manatni boshqa valyutalarga almashtirish qiyin.

5. 2001 yilda Niyozov chet ellik kishiga turmushga chiqmoqchi bo'lgan turkman qizi uchun davlat qalinini joriy qildi. Qalin miqdori juda katta edi - 50 ming dollar. Hozir bu qoida bekor qilingan, ammo turkman qizga uylanish uchun siz mamlakatdan ko'chmas mulk sotib olishingiz va uning hududida bir yil yashashingiz kerak.

6. Tilla tishlar,soqol va erkaklarning uzun soch qo'yishi ham qatag'onga uchragan edi. Biroq kasbi tish shifokori bo'lgan yangi prezident, bu farmonni bekor qilgan.

7. Mamlakatda milliy valyuta: tangalar yoki qog'oz pullarni oyoq bilan bosish taqiqlangan, chunki pullarda milliy qahramonlar tasvirlangan.

8. Prezident Niyozov turkman xalqiga ilohiy sovg'a deb hisoblagan qovun bayramini uyushtirgan bo'lsa, yangi davlat rahbari esa chorva mollarini qo'riqlaydigan it - turkman alabayining sharafiga tantanalarni tashkillashtirdi.

9. Turkmanistonning hozirgi prezidentining didi o'ziga xos – u Ashxobodni oq marmardan yasalgan mahobatli binolar bilan to'ldirish va shaharning yagona qiyofasi saqlanib qolishini qat'iy ta'minlashga ruju qo'ygan. Shaharda qora avtomobillarga taqiq qo'yilgan, tashqi ko'rinishini buzadigan sun'iy yo'ldosh antennalari olib tashlangan, hatto konditsionerlar ham omon qolmagan. Ish shungacha etdiki, politsiya o'z ko'rinishi bilan oppoq shahar ko'rkini buzgan yo'lovchilarni ham uy-uyiga haydagan. Hatto Amerika elchixonasi ham tegishli ta'mirlashni amalga oshirishga majbur bo'ldi!

10. Eng qizig'i - ularda rahbarlarning portreti bo'lishi mumkinligidan gazetalarni “boshqa” maqsadlarda ishlatish taqiqlangan. Qonunning ijrosini tekshirish uchun Berdimuhamedovning buyrug'iga binoan politsiya hatto reydlar o'tkazgan. 

Yoqub Umar tayyorladi

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™