Xayirli kun, Guest!
Soat: 13:48
LoginA'zo bo'lish
Shavkat Mirziyoev: "O'zbekiston xalqi og'ir judolikka uchradi"

 24 APREL, 12:35 144

.

O'zbekiston xalqi og'ir judolikka uchradi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining a'zosi, “Nuroniy” jamg'armasining Samarqand viloyati bo'limi raisi, O'zbekiston Qahramoni  Hasan Norbekovich Normurodov shu yil 24 aprel kuni 82 yoshida vafot etdi.

Hasan Normurodov 1939 yil 16 noyabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida tug'ildi. O'rta maktabni tugatib, Kattaqo'rg'on pedagogika bilim yurti va Samarqand davlat universitetida tahsil oldi.

Xizmat faoliyatini o'rta ta'lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o'qituvchisi lavozimida boshlab, ko'p yillar davomida Samarqand viloyatining turli shahar va tumanlarida ishladi.

Jumladan, Kattaqo'rg'on shahri, Jomboy, Narpay tumanlarida rahbarlik lavozimlarida, Samarqand viloyati partiya qo'mitasining kotibi sifatida samarali faoliyat ko'rsatdi.

1988-1995 yillarda Samarqand viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig'i, 1995–2003 yillarda Xalq ta'limi va fan xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyat kengashi raisi bo'lib ishladi.

2003 yildan hozirgi vaqtga qadar “Nuroniy” jamg'armasining Samarqand viloyati bo'limi raisi vazifasida fidokorona mehnat qildi.

Hasan Norbekovich Normurodov 60 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida o'zining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, barchaga ibrat bo'ladigan ma'naviy fazilatlari bilan, jonajon Vatanimizga cheksiz muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda ko'pmillatli xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulug' inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Samarqand viloyatining turli hududlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish va obodonlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, ta'lim-tarbiya tizimining samaradorligini oshirish bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Hasan Norbekovich Normurodov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida hamisha el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib sharoit yaratish, aziz yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning kelajagini ta'minlash yo'lida chinakam fidoyilik ko'rsatib, sidqidildan xizmat qildi.

U O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zosi sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur bo'lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo'shdi.

Hasan Norbekovich Normurodovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Do'stlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “O'zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ulug' farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Hasan Norbekovich Normurodovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov, A.Aripov, E.Turdimov, S.Turdiev

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™