Xayirli kun, Guest!
Soat: 13:13
LoginA'zo bo'lish
Pandemiya qachon tugaydi yoxud koronavirus tarqalishiga barham berish qanday choralarga bog'liq?

 22 APREL, 17:25 80

.

«Ikki narsa borki, odamlar uning ­qadriga ko'p ham etavermaydilar. Biri salomatlik bo'lsa, ikkinchisi vaqtdir». Bugun insoniyat ushbu ta'limotning naqadar to'g'ri ekanini dunyo bo'ylab bir yildan ortiq vaqt davom etayotgan «COVID-19» pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat tufayli yanada teran anglamoqda.

Koronavirus dunyoni qay ko'yga soldi?

2019 yil dekabr oyida Xitoyning Xubey provintsiyasi Uxan shahrida «uyg'ongan» koronavirus xastaligi qisqa vaqt ichida er yuzining deyarli barcha davlatlarini «zabt etdi». Ochig'i, o'sha vaqtlarda kimdir «COVID-19» infektsiyasiga 3 million nafar odam chalinadi, desa uni ruhiy nosog'lomga chiqarishlari aniq edi. To'g'ri-da, kasallikning bunday nufusni zararlashi va shuncha odam orasida tarqalishi oson emas, axir. Bugunga kelib esa er yuzining 218 ta davlatida 140 million nafardan ortiq odam koronavirus xastaligiga chalindi, 3 million nafardan ziyod inson vafot etdi. Dunyoning barcha qit'alarida, hatto, Antarktidada ham «COVID-19» infektsiyasi bilan bog'liq holat qayd etildi. Ayni paytda kasallik tasdiqlangan holatlar bo'yicha AQSh etakchi o'rinda bo'lib, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bergan ma'lumotlarga ko'ra, hozirda bu yurtda 32 milliondan ortiq inson koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan. Shuningdek, Hindiston, Braziliya, Frantsiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya davlatlaridagi vaziyat ham havas qilgulik emas.

O'zbekiston qanday barqarorlikka erishgan edi?

Ayniqsa, 2020 yil yoz va kuz oylari mamlakatimizda kasallik eng avj nuqtasiga etgan paytda yurtdoshlarimiz o'zlarining fuqarolik pozitsiyasini chuqur anglab, Respub­lika maxsus komissiyasi tomonidan aytilgan barcha qoidalarga qat'iy amal qildi. Bu bilan esa o'zlarini kasallikdan himoya qilish bilan bir qatorda yaqinlarini ham ushbu xavfli infektsiyadan asradi. Natijada yurtimizda «COVID-19»ning odamdan odamga yuqishi oldini olish borasidagi holat ijobiy tomonga o'zgarib, epidemik vaziyat barqarorlashdi. Jumladan, 2020 yil oxiri va 2021 yil boshlarida mamlakatimizda koronavirus bilan kasallanish holati anchayin yaxshilanib, kuniga 25-30 nafar bemor qayd etilayotgan edi, xolos.

Nega ijobiy tendentsiyani ushlab qololmadik?

Mamlakatimiz bo'ylab kasallanish, o'lim ko'rsatkichi va og'ir ahvoldagi bemorlarga oid statistik ma'lumotlarning oxirgi 1 yarim oyini tahlil qilsak, 25 fevraldan bugunga qadar xastalik 10 barobarga oshganini ko'rish mumkin. Vaholanki, joriy yil 25 fevralda yurtimizda koronavirus bilan kasallangan 31 nafar bemor aniqlanib, 153 nafar bemor og'ir, 28 nafari o'ta og'ir ahvolda bo'lgan. Afsuski, oradan hech qancha vaqt o'tmay, aniqrog'i, 15 aprelga kelib, bu raqamlar biroz xavotirli tus ola bosh­ladi. Ya'ni, shu kuni yurtimizda 292 nafar yangi bemor aniqlandi. Ayniqsa, bu borada poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi holat tashvishli. Vaholanki, bugungi kungacha soha mutaxassislari tomonidan yurtimiz aholisi xastalik xavfi, mamlakatimizda karantin qoidalari bekor qilinmagani, koronavirus butkul yo'qolib ketmagani, u hali ham oramizda ekani haqida takror va takror ogohlantirildi. Hozirga kelib, O'zbekistonda «COVID-19»ning insondan insonga yuqishi yana avj olmoqda. Agar Respublika bo'yicha ro'yxatga olingan kasallik­larni yoshma-yosh tahlil qilsak, 15-19 yoshdagilar 4-6 foiz; 30-39 yoshdagilar 17-20 foiz; 50-59 yoshdagilar 12-16 foiz; 60 yosh va undan kattalar 22-26 foizni tashkil etmoqda. Aslida, koronavirus o'ta yuqumli bo'lgani bois, xastalikning, eng avvalo, oldini olish zarur. Bunda kasallikning aholi orasida keng tarqalib ketishiga yo'l qo'ymaslik muhim bo'lib, PZR test sinamalarini o'tkazish alohida ahamiyatga ega. Shu bois, hozirda mamlakatimizda PZR test sinamalarini muntazam o'tkazishga alohida e'tibor berilmoqda. Hozirda kuniga 40-42 mingta ana shunday maxsus test sinamalari qilinmoqda. Bu esa bemorlarni erta aniqlash va erta davolash imkonini berish bilan birga infektsiya tarqalishining ham oldini olmoqda. Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: xo'sh, yurtimizda «COVID-19» xastaligi bilan bog'liq vaziyat anchayin barqarorlashgan bir holatda nega bu ijobiy tendentsiyani ushlab qola olmadik?! Bunga sabab nima?! Albatta, buning bir nechta sabablari bor. Eng avvalo, shuni aytish kerakki, so'nggi vaqtlarda aksariyat yurtdosh­larimiz «bo'ldi, kasallik tugadi», degan o'y bilan karantin qoidalariga mutlaqo rioya qilmay qo'ydi. Soha mutaxassislari bot-bot ta'kidlayotgan – niqob taqish, ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik, masofa saqlash, qo'llarni tez-tez antiseptik vositalar bilan tozalash kabi oddiy qoidalar unutildi. Mas'uliyatni his qilmagan holda ko'cha-ko'yda, jamoat joylarida harakatlanish odatga aylandi. Yopiq hududlarda, odamlar ko'p to'planadigan joylarda karantin qoidalariga rioya qilish qo'pol ravishda buzildi. Ayrimlarda esa «kasal bo'lsam, shifokor davolaydi», degan noto'g'ri tushuncha shakllanib qoldi. Vaholanki, koronavirusni davolashda shifokorning o'rni 10 foizni tashkil etadi, xolos. Shu bilan birga, yurtimizda kasallikning «britancha» shtammi aniqlangani va ushbu tur tez sur'atlarda tarqalish xususiyatiga ega ekani vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko'ra, hozirga qadar «COVID-19» butun dunyoda 5 ming martadan ortiq mutatsiyaga uchragani aniqlandi. Eng achinarlisi, koronavirus vaziyatdan kelib chiqib, yashab qolish uchun o'z holatini o'zgartirayotgan bir paytda odamlarning karantin qoidalariga bo'lgan munosabati mutlaqo o'zgarmayotgani kishini xavotirga soladi.

Oddiy qoidalar himoyasi...

Kezi kelganda yana bir mulohaza. Ma'lumki, koronavirus ilk bor aniqlangan Xitoy, shuningdek, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya kabi bir qancha davlatlar pandemik vaziyatdan imkon qadar talafotlarsiz chiqishga muvaffaq bo'ldi. Ushbu mamlakatlarda kasallanish ­statistikasiga e'tibor bersak, vaziyat anchayin barqaror ekanini ko'rish mumkin. Xo'sh, ular bunday natijaga qanday erishdi? Nimaning hisobiga ushbu davlatlarda epidemik barqaror vaziyat kuzatilmoqda?! Vaholanki, bugun Xitoyda 1 milliard 400 milliondan ziyod, Janubiy Koreyada 50 milliondan ortiq, Yaponiyada 125 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Avvalo shuni aytish lozimki, aksariyat hududlarda kasallik kam miqdorda aniqlangan paytlarda ham bemorlar to'liq izolyatsiyaga olindi. Ko'cha-ko'yda har bir fuqaro niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, haroratni o'lchash kabi karantin qoidalariga qat'iy rioya qildi. Bu biroz jo'n ko'ringani bilan asosli sabab, albatta. Shuningdek, jamoat transportlari, savdo do'konlari, ofislar, ta'lim muassasalarida odamlar hech bir istisnosiz o'rnatilgan tartiblarga bo'ysundi. Hatto, eng yaqin savdo do'koniga borgan fuqaroning ham binoga kirishdan avval tana harorati o'lchanib, qo'llar antiseptik vositalar bilan zararsizlantirildi. Bir so'z bilan aytganda, aholi hukumat tomonidan kiritilgan barcha karantin ­cheklovlariga amal qildi. Hech kim vaziyat yomonlashishini kutmadi. Ya'ni, hamma fuqarolik mas'uliyatini his etib, pandemiya sharoitida yashashni o'rgandi.

Aslida, bu kasallikni engib chiqishda eng qulay usul xastalikni odamdan odamga o'tishini to'xtatishdir. Bo'lmasa, «COVID-19»ning tarqalishi kundan-kunga avj olib, uning yangi shtammlari paydo bo'lishiga sabab bo'ladi va koronavirusning tarqalishini jilovlashda qiyinchiliklar tug'diradi. Yoki bo'lmasa, ma'lum bir hududda yashaydigan 60-70 foiz aholining immunitetini shakllantirish orqali ham epidemik vaziyat barqarorlashishi mumkin. Ammo bu yo'l qanchalik xavotirli, sarosimali ekaniga o'tgan bir yil davomida barchamiz guvoh bo'ldik. Afsuski, shu vaqt oralig'ida qanchadan- qancha insonlar o'z yaqinlarini yo'qotdi. Shu bois, emlash orqali aholida koronavirusga qarshi immunitet shakllantirib olsak va bu jarayonda tibbiyotning faolligi, keng jamoatchilikning faol ishtirokini ta'minlab olsak, ko'zlangan maqsadga erishish mumkin. Shu maqsadda joriy yilning 17 mart kuni Hindiston davlatida «COVAX» dasturi asosida ishlab chiqarilgan 660 ming doza «Covishield» vaktsinasi, 27 mart kuni Xitoyning «Ayhui Zhifei Longcom» kompaniyasi va o'zbek olimlari bilan birgalikda ishlab chiqarilgan bir million doza yangi rekombinant «ZF-UZ-VAS2001» koronavirus vaktsinasi yurtimizga olib kelindi va taqsimot asosida hududlarga etkazildi. Respublikamizda joriy yilning 1 aprelidan ommaviy emlash ishlari boshlandi. Bunda birinchi navbatda xavf guruhiga mansub aholi qatlami emlanishi rejalashtirilgan. Jumladan, birinchi bosqichda, jami 4 112 668 nafar xavf osti guruhidan 528 390 nafar aholi emlanadi. Hozirga kelib, xavf guruhidagi 65 yosh va undan kattalar hamda tibbiyot xodimlari orasida emlanganlar soni 400 ming nafardan oshdi. Ommaviy emlash tadbirlarining uzluksizligini ta'minlash maqsadida COVAX doirasida joriy yilning may-­iyun oylarida 1,6 million doza «Covishield», shuningdek, aprel-­iyun oylarida 2,5 million doza «ZF-UZ-VAK 2001» vaktsinalarini yurtimizga keltirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza «Sputnik V» vaktsinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolandi va aprel oyi oxirigacha dastlabki hajmdagi vaktsina olib kelinishi kutilmoqda. Shuningdek, Hindistonning «Serum Institute of India» kompaniyasi ishlab chiqargan vaktsinani respublikaga olib kelish yuzasidan muzokaralar davom etmoqda.

Bebaho davo

Albatta, vaktsinatsiya jarayonlari «COVID-19» xastaligini jilovlashda eng muhim omil sanaladi. Biroq bu bilan kasallikni butkul yo'q qilib bo'lmaydi. E'tibor bersak, bugun, hattoki, rivojlangan davlatlarda vaktsinatsiya jarayoni jadal olib borilishiga qaramay, koronavirusning tarqalishi kundan kunga o'sib bormoqda. Evropa, Janubiy Amerika davlatlari, qo'shni Qozog'iston va Qirg'iziston mamlakatlarida kasallikni nazoratga olish maqsadida karantin qoidalarini kuchaytirishga majbur bo'linmoqda. Bu esa, o'z o'rnida, bemorlarga ko'rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligiga salbiy ta'sir etadi. Shu bois, mamlakatimiz hududida ham koronavirus pandemiyasiga qarshi choralarni izchil davom ettirish va koronavirus infektsiyasining kirib kelishi va tarqalishi oldini olish maqsadida bir necha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur. Eng avvalo, barcha jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiena qoidalariga qat'iy rioya etish, qo'llarni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish kabi karantin qoidalariga qat'iy amal qilishimiz zarur. O'rnatilgan tartib-qoidalarni mensimagan fuqarolarga nisbatan esa keskin choralar ko'rish lozim. Shu bilan birga, zarurat bo'lmaganda mamlakatimiz fuqarolarining chet mamlakatlarga chiqmasligi, chetdan kirib kelayotganlar PZR tekshiruvi «manfiy» ekanini tasdiqlovchi ma'lumotnomani taqdim qilishlari kerak. Bundan tashqari, ommaviy va boshqa turli yig'inlarni ishtirokchilar sonini chegaralagan holda tashkil etish, «COVID-19»ning bugungi kunda tez va keng tarqalib borayotgan «britancha» shtammi aynan bolalar va yoshlar orasida ko'p uchrayotgani bois, hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosasiga ko'ra, koronavirus aniqlangan har bir ta'lim muassasasida o'quv va tarbiya tizimini «onlayn» tizimga o'tkazish va karantin muddati tugagandan keyin qaytadan «oflayn» tizimga o'tish amaliyotini davom ettirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, tashkilot, korxona, muassasalarda, savdo majmualari, ko'ngil­ochar muassasalar kirish qismida tana haroratini o'lchash, qo'llarni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish amaliyotini muntazam olib borish, jamoat transportlaridan foydalanayotganda karantin qoidalariga amal qilish, qo'llarni tez-tez antiseptik vositalar bilan tozalash lozim. Shu bilan birga, turli xil shamollash alomatlarida zudlik bilan tibbiyot xodimiga murojaat etish va o'z vaqtida shifokor nazoratida davolanish darkor. Aslida, koronavirusga qarshi eng yaxshi profilaktika ham, vaktsina ham sog'lom turmush tarzi va shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilishdir. Bularga e'tibor beradigan insonga nafaqat koronavirus, balki boshqa kasalliklar xavf solishi ham bir necha barobarga kamayadi. Bunday insonlar kasallikka chalingan taqdirda ham undan tez xalos bo'ladilar.

Furqat SANAEV, Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™