Xayirli tun, Guest!
Soat: 02:17
LoginA'zo bo'lish
“Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bepul operatsiya qilinmoqda

 1 APREL, 16:21 86

.

Samarqandda chanoq-son va tizza bo'g'imlarini endroprotezlash bo'yicha jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Ahamiyatlisi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan o'tkazilayotgan bunday jarrohlik amaliyotlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, qarovchisi bo'lmagan va nogironligi sababli “Temir daftar”ga kiritilgan, 35 nafar tayanch harakatida patologiyalari bor aholiga bepul o'tkazilmoqda.

— Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi orasida tug'ma son chiqishi holatlari ko'p uchraydi, — deydi ushbu tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori o'rinbosari Ma'ruf Qodirov. — O'z vaqtida davolanmasa, yillar o'tib, asoratini qoldiradi, hatto nogironlikka olib keladi. Shuningdek, turli yillarda jarohat olib, o'z vaqtida to'g'ri davolanmaslik va oqibatda bo'g'imlar emirilishi holati ham harakatda nuqsonlar keltirib chiqaradi. Ushbu jarrohlik amaliyotlari, mana bir necha yildirki, markaz shifokorlari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, filialimizda yiliga 250 ga yaqin endoprotezlar qo'yiladi, shuningdek, yuzlab umurtqa pog'onasi nuqsonlarida murakkab jarrohlik amaliyotlari, bo'g'imlar artroskopiyasi, uzun va kalta naysimon suyaklar sinishlarida zamonaviy bloklovchi intramedulyar osteosintez amaliyotlari ham amalga oshirib kelinmoqda. 

Poytaxtdan kelgan shifokorlar tomonidan tayanch-harakati tizimida nuqsoni bo'lgan fuqarolarga kam invaziv jarrohlik amaliyotlari o'tkazilib, ularning kelgusida to'laqonli hayot kechirishi uchun imkon yaratilmoqda. Shuningdek, ular tomonidan samarqandlik travmatolog shifokorlarga mahorat mashg'ulotlari o'tkazilib, nazariy bilim berildi.

— Bolaligimda sonlarning tug'ma chiqishi xastaligi bilan og'riganman, — deydi Samarqand shahridagi Ziyokorlar mahallasida yashovchi M.Hakimova. — O'sha payt oyoqlarim kechroq operatsiya qilingan ekan. Shuning uchun yillar o'tib, asorati bilindi va yurishim, egilishim, umuman, harakatlarimda jiddiy o'zgarish sodir bo'ldi. Kam ta'minlangan oilamiz, to'rt nafar farzandim bor, ularni oyoqqa qo'yib olishda hali mehnat qilishim kerak. Mahallamiz faollari shuni inobatga olib, bizni “Temir daftar”ga kiritgandi. Hozir jarrohlik amaliyotiga tayyorlashyapti, operatsiya muvaffaqiyatli bo'lishidan umidvorman.

Albatta, har bir operatsiya o'ziga xos murakkab jarayon. Qolaversa, endoprotezlash jarayonida faqatgina shifokorning mahorati emas, balki ushbu operatsiyada muhim bo'lgan tibbiy moslama ham lozim bo'ladi. Xususan, endoprotez uchun lozim bo'lgan tibbiy moslamaning o'zi xorijdan olib kelinadi. 

“Temir daftar”dagi aholi uchun esa bu moslamalar byudjet mablag'lari hisobidan keltirilmoqda. 

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™