Xayirli kun, Guest!
Soat: 14:32
LoginA'zo bo'lish
O'zbekiston 157-o'rinda! AOKA «Chegara bilmas muxbirlar»ning reytingiga munosabat bildirdi

 21 APREL, 18:00 87

.

Kuni kecha «Chegara bilmas muxbirlar» nodavlat tashkiloti e'lon qilgan matbuot erkinligi reytingida O'zbekiston 157-o'rinda qayd etildi. Biroq tashkilot tomonidan yurtimizda axborot sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar to'laqonli o'z aksini topmagani va munosib baholanmagani afsuslanarli.

Mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligi, ochiqlik — davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan. Jurnalist va blogerlar huquqlari qonun doirasida himoya qilinayotgani, axborot xizmatlari va davlat tuzilmalarining matbuotdagi tanqidlarga konstruktiv javob qaytarayotgani natijasida aholining xabardorlik darajasi oshib bormoqda.

Murakkab pandemiya sharoitida O'zbekistonda OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib, media makonda tarqalgan va muhokamalarga sabab bo'lgan har bir ma'lumotga o'z vaqtida rasmiy munosabat, izoh, tushuntirishlar berib borildi. Agentlikda barcha davlat organlari va idoralari bilan birgalikda brifing hamda matbuot anjumanlarini tizimli o'tkazish yo'lga qo'yildi. Aholi o'zini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar hamda mutaxassislardan bevosita javob olishni boshladi. Xuddi shunday amaliyot hududlarda ham joriy etildi, maxsus media-rejalar asosida jurnalistlar uchun tadbirlar muntazam o'tkazib borilyapti. 

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilib, jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Xususan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilindi.

Bugun O'zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida axborot sohasidagi bahsli masalalar, tomonlar o'rtasida paydo bo'ladigan har qanday nizoli vaziyatlar mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi yo'lga qo'yildi. Bu borada Agentlik axborot sohasidagi vakolatli organ sifatida ishonchli va xolis axborot tarqatayotgan jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga har tomonlama ko'maklashishga tayyor.

Umid qilamizki, «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining keyingi reytinglarida O'zbekistonda axborot erkinligi sohasidagi barcha islohotlar o'z aksini topadi va munosib bahosini oladi.

Manba: aniq.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
Saytimizga a'zo bo'ling va yangilikga Izoh qoldiring!
!
telegram
© CHIROYLI.COM, 2012-2021™