Xayirli tun, Guest!
Soat: 23:36
telegram
Library | Hikoyalar | O'limga mahkum qilinganlar (24-qism)
« Avvalgi 1 2
tezda o'zini o'nglab, meni tepishga shaylandi. Shunda uning oyog'idan ushlab qoldim va basharasiga zarba berdim. Yiqilgach, qo'lini orqasiga qayirdim. U chiqib ketishga bir-ikki urindi, foyda bermagach, tipirchilamay qoldi.
— Hali yosh ekansan, yashashni istaysanmi? — dedim xotirjam so'zlashga urinib. U bosh irg'ab “Ha!” degan ishorani qildi.
— Yaxshi, isming nima?
— Bahrom.
— Bahrombek, agar sal tipirchilasang, ikkalamiz kelishmay qolamiz. Shuning uchun men so'ragan narsalarga aniq-tiniq javob ber, keyin seni qo'yib yuboraman.
— Men sotqinlik qilmayman. O'ldirsang ham! — dedi u basharasi xas-cho'plarga tegib turganiga e'tibor qilmay.
— Boshqa payt bo'lganda bu gaping uchun men seni mukofotlagan, hech bo'lmaganda, rahmat aytgan bo'lardim. Chunki senday sodiq yigitlarni kunduzi chiroq yoqib ham topib bo'lmaydi. Ammo hozir men senga achinayapman. Shunday yigit kimga xizmat qilib yurganingni bilishniyam istamayapsan.
— Men-ku, butun SSSRda avtoriteti bor odamga xizmat qilayapman. O'zing-chi?
— Men bo'lsam, o'sha sen aytgan SSSRga butun boshli umrimni hadya qilishimga ozgina qolgan. Ahmoqligim sabab mana shu ko'yga tushib o'tiribman. Endi bildingmi, parazit?! — deya uning qo'lini qattiqroq qayirdim. Bahrom ingrab yubordi. Shu payt Bahromning yon cho'ntagidagi ratsiya “sayrab” qoldi.
— Meni “Ko'rmadim, hali kelgani yo'qqa o'xshaydi”, deb javob qilasan, agar bitta ortiqcha so'z aytsang, qahramonligingga qarab o'tirmayman, tushundingmi? — deya unga ratsiyada gaplashishiga imkon berdim.
— Eshitaman! — dedi u ratsiyani olib.
— Bahrom, Sobir shu yaqin-atrofda. U yangang bilan birga kelgan, hushyor bo'l, — degan ovoz keldi narigi tomondan.
— Xo'p bo'ladi! — deb ratsiyani o'chirdi Bahrom.
— Ana ko'rdingmi, ularning o'zlari yolg'on gapirishingga yo'l berishmadi, — dedim istehzoli kulib. So'ng Bahromni o'rnidan turg'azib, kamarini yechib oldim-da, ikkala qo'lini ham orqasiga qayirib bog'ladim. Shimini yechib olib, daraxtga mahkam bog'lagach, shunday dedim:
— Endi sen ham menga o'xshab chorasiz qolding. Men-ku, ozodman hali, ammo sening qo'ling bog'liq, taqdiring boshqa odamning qo'lida, bundan besh minut oldin o'zingni hamma narsaga qodir deb o'ylab o'tirgan bo'lsang, endi bir notavonsan. Xo'sh, senga yana bitta savol. Javob bersang, jazong yengillashadi. Umuman, sening boshingga hozir itning kunini solib, hamma narsani so'rab bilib olishim mumkin. Faqat bunaqa qilsam, odamgarchilikka to'g'ri kelmaydi.
Bahrom irjaygancha bosh chayqab:
— Baribir hech narsa bilolmaysan, — dedi.
— Bilishimniyam hojati yo'q. Chayonning qaerdaligi ma'lum, boshqa hech kim meni qiziqtirmaydi. Sendan so'ramoqchi bo'lganim: boya ketgan mashina qachon iziga qaytadi?
— Bilmayman, — dedi Bahrom yuzini burib.
— Nachora, o'rtog'ing bilan mana shu yerdan vidolashib qo'ya qolasan.
— Uning hali birovga ziyoni tegmagan. Undan ko'ra, meni o'ldirib qo'ya qol.
— Lekin harom ish bilan shug'ullanadigan odamlarga qo'shilibdimi, niyati yomon. Ilonning tug'ilganidayoq boshini yanchsang, birovni chaqishga ulgurmaydi, — dedim-da, Shohsanamga qarab qo'l silkidim. U men tomondan ko'zini uzmay o'tirgan shekilli, tezda yetib keldi. Keldi-yu, Bahromning ahvolini ko'rib, kuldi.
— Yigitning gulining ahvoli tang bo'lib qolibdi-ku, — dedi.
— Siz bu yerda nima qilib yuribsiz? —so'radi undan Bahrom ajablanib.
Ular bir-biriga tikilib qolishdi. Nigohlarning bunday sirli to'qnashishida nimadir yashiringanga o'xshardi. Shohsanam “baliqcha” vazifasini bajarayotganda, ehtimol, ularning orasida nimadir bo'lib o'tgan.
— Sobir aka, — dedi Shohsanam menga murojaat qilib, — bu Muzaffarning yigitlari orasidagi eng vijdonli yigit.
— Agar vijdoni bo'lganda, bu yerda sanqib yurmagan bo'lardi. Qani, ketdik, — deb men Shohsanamning qo'lidan ushlab yetakladim. Ammo u yurishni istamas, orqasiga tez-tez qayrilib, Bahromga qarab qo'yardi.
— Uni yaxshi ko'rasanmi? — deya so'radim Shohsanamning yuziga qaramay. U javob bermadi. Shunda Shohsanamni o'zim bilan birga olib yurganimga afsuslandim. Ayni daqiqada uning menga umuman keragi yo'q edi. Qaytanga, tashvish keltirishi mumkin. Biroq hozir tashlab ham ketolmayman. Agar u bilan Bahrom o'rtasida yaqinlik bo'lsa, men ketganimdan keyin u, albatta, Bahromning qo'lini yechib yuboradi. Boshimga qo'shimcha tashvish orttirishni esa istamayman.
Nuriddin ISMOILOV
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2