Xayirli tun, Guest!
Soat: 23:48
telegram
Library | Hikoyalar | Baxtning olis manzili(43-qism)
« Avvalgi 1 2
baribir qo'lga olishadi. “Sinov davlati”ning boshliqlari allaqachon ishlaringdan xabardor. Qaerga yashirinishingdan qat'i nazar, baribir qo'lga olishadi, — deya Teodoroning gaplarini men tushunadigan tilga o'girdi u.
— Bu yog'i peshona. Kimning qancha yashashi yolg'iz Xudoga ayon. Agar taqdirimda o'sha sen orqa qilib yurgan odamlarning qo'liga tushish yozilgan bo'lsa, demak, tushaman. O'ldirishsa, o'lib ketaveraman. Ammo nima bo'lgan taqdirda ham, sen meni unutmaysan.
Teodoro bilan suhbatimiz tugadi. U buyruqni o'rinbosarlariga aytdi, mening xayolimni esa rejalar band etdi.
Bir soatlarda bandargohga yetib bordik. Kelayotganimizda bu yerda odam juda siyrak edi. Hozir hech qaerga sig'maydi. Hammasi allaqanday plakatlar ko'tarib olishgan, nimalardir deb baqirishardi. Ularning oldini boshqacha kiyimdagi (so'nggi paytlarda boylikka mukkasidan ketib, neft zahirasi ko'p bo'lgan joylarga ko'z olaytirib, g'alamisliklarni avj oldirayotgan — yaqinda bir mamlakatni bosib olganini ham eshitdim — davlatning askarlari edi ular) askarlar to'sib turishardi.
Buyurilganiday, mashinalar bandargohda bir soniya ham to'xtamay, to'g'ri kemaning ustiga chiqib bordi. Kema ham turib qolmadi, suvni kesib yo'lga tushdi. Qutulib ketishlariga endi ishona boshlagan mahbuslar brezentni ko'tarib orqa tomonga qarashardi. Ba'zilari menga o'xshab kesib tuynuk ochib olishgan, tez-tez shu yirtiqdan qarab qo'yishardi.
Ekvatorial Gvineya chegarasidan qarshiliksiz o'tdik. Ammo Kamerun chegarachilari mashinalarni talay muddat ushlab turishdi. Chegarachilar brezentni ko'tarib bizga qarashdi, biroq hech narsa so'rashmadi. Har birimizga sinchiklab bir sidra nazar tashlagach, brezentni yopib ketaverishdi. Ular kelib-ketganlarida men joyimni almashtirib turdim. Ehtiyot shart. Bir soatdan ziyodroq vaqt o'tgach, oppoq ko'ylak, qora kostyum-shim kiygan, bo'yinbog' taqqan ikkita habash mashinaga chiqdi. Mahbuslar ularning oldini to'sishdi.
— Bu yerda ularga nima bor, nega chiqishdi? — so'radim men.
Tilmoch gaplarimni inglizchaga o'girdi.
— Sizning foydangiz uchun keldik, deyishayapti, — deya ularning gapini o'girib berdi.
— Mening emas, manavi ablahning manfaati uchun kelishgan. Gap bunday, qadrdonlar! Kamerunning ichkarisiga kamida yuz kilometr kiramiz, o'sha joyda har qanday gap-so'zni muhokama qilamiz. Keyin, Ekvatorial Gvineyadan u yerga birorta ham askar yoki vakil bormasin.
Habashlar bir-birlariga qarab qo'yishdi-da, mashinadan tushib ketishdi. Shundan keyin ham o'n besh daqiqalarcha joyimizdan jilmadik. Nihoyat ular mening aytganlarimga ko'nishdi, shekilli, mashina yura boshladi.
— Janob prezident, ular hatto sizdan hol so'rashmadi-ya? — dedim Teodoroga yo'lda ketar ekanmiz.
— Hech bir mamlakat rahbari bunday ayanchli ahvolga tushmagan. Sharmandalik. Senga aytgandim-ku, mening yurtimdan chiqmay hamma ishni bitiraylik deb, — javob qildi Teodoro.
— Taqdiringizda shunday kunlar ham bor ekan-da. Aslida odamxo'rligingiz uchun jazo bu. Men vazifamni bajarib bo'ldim. Endi bemalol juftakni rostlayman.
Tilmochdan gaplarimning tarjimasini eshitgan Teodoro xunuk irjaydi-da:
— Bekor aytibsan. Amerika razvedkasidan qutulib bo'psan. Qaerda bo'lishingdan qat'i nazar, urug'-aymog'ing bilan yo'q qiladi.
— Ko'ramiz.
— Tashqaridagi ovozlarni eshitayapsanmi, biz bilan birga vertolyotlar, harbiy mashinalar ketishayapti. O'lishingga oz qoldi.
— Sen iflos o'z joningni saqlab qolishni o'ylasang bo'larmidi, — dedim unga javoban va boshiga bir urdim. Atayin urdim, chunki uni ayni shu paytgacha birov chertishga ham jur'at etmagan, hatto bir og'iz ham ortiqcha gap gapirishmagan unga.
Kelishilgan manzilga yetganimizdan so'ng mashinalar bir qator bo'lib tizildi. Brezentni olib tashlab, hammamiz tushdik. Men Teodoro bilan birga mashinadan sakradim va uning ortiga bekindim.
Ro'paramizda mingga yaqin askar avtomatlarini to'g'rilab turishardi. Ularning oldida esa boyagiday qora kostyum-shimlilardan besh-oltitasi bor. Orqa tomonda kimlardir suratga olar, videotasmaga tushirardi. Agar ular matbuot vakillari bo'lishsa, demak, bizni juda ko'p odam televizorda ko'rishayapti. Bunday paytda hech kim qurolsiz odamlarga o'q otolmaydi. Har qalay, men shunday deb o'ylardim.
Uchta qora kostyum-shimli biz tomonga tez-tez yurib keldi-da, Teodoro bilan menga ikki qadamcha qolganida to'xtadi.
— Janob prezident, — dedi ularning novchasi, — sizga ziyon yetkazishmadimi?
— …
— Janob prezident, sog'lig'ingiz joyidami?
Savol qaytarildi. Teodoro javob berishga shoshilmay, avval menga yuzlandi.
— Mana ko'rdingmi? — dedi irjayib. — So'rashayapti.
Uning gapidan qora kostyum-shimlilar ajablanishdi. Tilmoch ularga men bilan Teodoroning gapimizni tarjima qilib berdi.
— Manzilga yetib keldingiz, janob, — dedi bu safar menga murojaat qilgan “dallol”, — siz endi boshqa davlatdasiz. Hayotingiz xavfsizligi to'la ta'minlanadi. Ruxsat bersangiz, janob Teodoroni olib ketsak.
— Siz meni osonlikcha qo'yib yuborganingiz uchun uchinchi bir davlatdan qo'rqmaysizmi? — dedim qora kostyum-shimlining ko'ziga tik qarab.
Tilmoch gapimni tarjima qilganidan keyin ham u mendan ko'zini uzmay biroz turdi. So'ng bosh chayqab dedi:
— Yo'q, biz tuprog'imizga o'zimiz xo'jayinmiz. Siz bu gapingiz bilan bizni haqorat qildingiz.
— Sizni tushunib turibman, — dedim qurolimni yerga tashlab, — mana, qo'shningizning podshosini olib ketavering. Har qalay, shundan so'ng ham uyalmay davlatni bemalol boshqaraversa kerak…
“Dallol”lar menga yana bir marta boshdan-oyoq razm solib chiqqanidan so'ng ortiga burilishdi. Adashmasam, ular besh-o'n qadamcha bosishgan mahal avtomatning tarillagan ovozi eshitildi va kimdir: “Na-a-u-u!” — deb qichqirdi.
Yonginamdagi mahbus gursillab quladi. Uning ko'kragidan qon otilib chiqardi. Men o'zimni yerga tashladim, boshqalar ham yotib olishdi. Teodoroni olib ketgan “dallol”lar esa, qulochlarini keng yozib askarlarga baqirishardi. Biroq o'q yomg'iri to'xtamadi.
Nuriddin ISMOILOV
(Asarning keyingi qismlarini yaqin soatlarda o'qiysiz)
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2