Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:15
telegram
Library | Hikoyalar | Baxtning olis manzili (30-qism)
« Avvalgi 1 2
sharq tomonda shahar bor, deb taxmin qilib ketaverdik. Oftob tepaga kelgan, issiq, peshonamdan ter selday oqadi. Renaning rahmi keldi. Bir necha bor yerga tushir, dedi, ammo men unamadim. Ancha yurdik. Bir mahal orqa tomondan motor tovushi eshitildi. Darhol Renani yerga tushirdim-da, o'girilib qaradim, traktor ekan. Telejkasi ham bor. Qo'limni ikki yonga yozib, yo'lning o'rtasida turib oldim.
Haydovchi chapani odam ekan, traktorini to'xtatdi-da, baqira ketdi. Gapiga quloq solmadim. Jag'i tinishini kutdim.
— Bizni olib ket, charchadik, — dedim ulovini yurg'aza boshlaganda traktorchiga.
U menga angraygancha tikilib qoldi. Nazarimda: “Bu bola ahmoq bo'lsa kerak. Shuncha vaqt bunga nima deb vaysadim-u, buning topgan gapini qara”, degan xayolga bordi-yov.
— Senlar o'zi qaerdan kelayapsanlar? — dedi traktorchi mendan ko'zini uzib Renaga qarab.
— Oshnalarimiz bilan kelgandik. O'rmonda adashdik. Shaharga yetib olishimiz kerak. Yuraverib oyoqlarimiz shishib ketdi. Olib ket, birodar, — dedim yumshoq gapirishga urinib.
— Shaharga bormayman.
— Hech qursa yaqinrog'iga borarsan.
— Ikkoving kabinaga sig'maysan.
— Hechqisi yo'q. Telejkangga chiqib olamiz.
— Bo'pti, chiqinglar.
Odatda, beso'naqay odamlar ko'ngilchan bo'lishadi. U kabinani to'ldirib o'tirardi. Yoniga nafaqat ikkovimiz, bittamiz ham sig'masligimiz aniq.
Traktordan tushib, yayov yurdik. Kechki payt shaharga kirib bordik. Mashinalar tig'iz, uylar baland. Odamlar qayoqqadir shoshadi, barining tashvishi bor. Faqat Rena ikkalamiz telbalarday sanqib yuribmiz. Borar joyimizning tayini yo'q. Yuragimizda hadik bor. Politsiyachilarning ko'ziga tushmasaydik. Aslida-ku, ularning qo'lidan osonlik bilan chiqib ketish oson. Ammo buyam ortiqcha tashvish-da.
Yuraverib oxiri bir xiyobonga duch keldik. Darhol ilk marta Tailandda bo'lganim, xiyobonda notanish qizga duch kelganim, u bilan bo'lib o'tgan hangomalar yodimga tushib, ezildim. Chunki o'shanda qora kunlarni boshimdan o'tkazgandim. Hozir-ku, hech qursa, til bilaman, hunarim bor. O'zimni birovga xafa qildirib qo'ymayman. Lekin o'shanda ojiz edim, misoli go'dakday. Agar ona o'z ixtiyori bilan ko'krak tutmasa, ochlikdan o'lib ketadigan darajadagi go'dakday.
Chiroqlar nurida daraxtlari kunduzgidan-da go'zal, tarovatli xiyobonga kirdik. Bo'sh o'rindiq topib o'tirdik.
— Ochlikdan qiynalmayapsanmi? — so'radim Renadan.
— Yo'q, — dedi u bosh chayqab, — lekin bolang mening och yurishimga ko'nmaydi.
— Bo'pti, unda sen shu yerda o'tira tur, men yegulik topib kelaman.
Renani yolg'iz qoldirib ketish xavfli edi. Chunki bu yerlarda politsiyachilar ko'p izg'ishini bilaman. Birortasi undan kimsan, qaerdan kelding, deb so'rab qolsa javob berolmaydi. Shubhalanib olib ketmoqchi bo'lishadi. Lekin kuchlari yetmaydi, Rena ularni yer bilan yakson qiladi. Qaytib kelganimda hamma yoqda shov-shuv, qandaydir qiz politsiyachilarni obdan do'pposlab qochgan, deyishadi. Tabiiyki, Rena men ketgan tarafga qochadi. Topsa-ku, yaxshi. Topolmay qolsa-chi?
Miyamga kelgan vahimali o'ylardan qadamim sekinlashdi. “Yo'g'-e, — deya o'zimni chalg'itmoqchi bo'ldim, — ja unchalikka bormas. Rena oddiy qizlardan emas-ku, politsiyachilarga tuzuk-quruq gap topib berolmasa. Qolaversa, men uzoqlamayman. Tezroq qaytaman”.
Hartugul xiyobondan chiqib chap tomonga yurgandim, kichkina do'konchaga duch keldim. Baxtimga faqat yeguliklar sotilarkan. Kolbasa, pishloq, non va ikki shisha yaxna ichimlik xarid qilib, ortimga qaytdim.
Rena xayolga botib o'tirardi, yoniga borganimni ham sezmadi. “Bechoraga qiyin bo'ldi. Har qalay, tug'ilgan go'shasini tashlab, tayini yo'q odam bilan birga ketish osonmas”.
— Siz bilan tanishsam bo'ladimi? — hazillashdim uning qavatiga o'tirarkanman.
Rena kuldi. Boshini yelkamga qo'ydi. Chuqur nafas oldi.
— Men sendan xavotir oldim.
— Men ham, — javob qildi u.
— Mana, yegulik olib keldim. Ikki kundan beri tuz totmadik. Qani, bir akula bo'l-chi.
— Nega akula?
— Chunki u dunyodagi eng ochofat jonzot.
Kulishdik. So'ng huzur qilib ovqatlandik. Qornimiz to'ygach, xiyobonga ichkariladik. Odam kam, ko'zdan panaroq joy izlab, topdik. Baxtimizga, bu yerdagi simyog'ochning chirog'i yonmayotgan ekan. Kuyib qolgan bo'lsa kerak. O'rindiqqa Rena ikkalamiz yonma-yon o'tirdik. Talay muddat gurunglashdik. So'ng Rena uxlab qoldi. Men esa o'tgan tunda ko'rgan tushimning ta'birini o'ylay boshladim. Qanaqasiga o'ylamay, uydagilar menga aza ochgan bo'lishsa kerak, degan fikrga kelardim. Axir, oradan qancha yil o'tib ketdi. Balki avval meni rosa qidirishgandir. Ehtimol, mening sarson-sargardon bo'lib yurishimga sababchi bo'lgan padar la'nati Indiraning uyiga ham borishgandir. Otam ko'zlari mo'ltirab, meni o'sha ayyor xotindan so'ragandir… So'raganda nima? Indira soddagina odamni laqillatolmasa nima qilib yuribdi? Qochib ketdi, deydi. Tuzimni yeb tuzlug'imga tupurdi, deydi. Mendan ancha qarzi bor, uyimda tashvish chiqib qoldi, tanishlarimdan berib yuboraman, degan deydi. Shu bilan soddagina, bechoragina otamning bo'yniga bir dunyo narsani qo'yib qaytarib yuboradi. Otam sho'rlik mening qarzimni to'laydi. Qo'ni-qo'shnilardan pul oladi. Uydagi sigirni sotadi. Ishqilib, amal-taqal qilib oz-ozdan bo'lsayam… Omon-eson boray, o'ldiraman u to'ng'iz qo'pgurni, anavi suyuqoyoq Nigoraniyam tirik qo'ymayman…
Xo'rsindim, ko'zimda yosh qalqdi. Otamning xor bo'lib, har kimning eshigida pul so'rab yurganini o'ylab o'rnimdan tura-sola yugurib ketgim keldi…
Nuriddin ISMOILOV
(Asarning keyingi qismlarini yaqin soatlarda o'qiysiz)
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2