Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:18
telegram
Library | Hikoyalar | Baxtning olis manzili (21-qism)
« Avvalgi 1 2
bir xona, ichi kitobga liq to'la edi. Kichkina bir orolda, gadoytopmas bir joyda bunchalik ko'p kitob borligi har qanday odamning aqlini shoshirib qo'yadi. Hayhotday xonani kitob javonlari to'ldirib turardi. Men kirgan joyimda angrayib turib qoldim. Oqsoqol javonlar orasidan adashmay borib bitta kitobni oldi-da, varaqladi. So'ng meni yoniga chaqirib ko'rsatdi.
— Mana, — dedi u kitobdagi tagiga qizil qalam bilan chizib qo'yilgan satrlarni ko'rsatarkan, — mana bu yerda aniq-tiniq yozib qo'yilgan.
Yozuvning arabcha ekanini bilardim, biroq o'qishga tishim o'tmasdi. Shu bois, bir kitobga, bir oqsoqolga qaradim.
— Dining nima? — so'radi u.
— Islom.
— Nega unda bilmaysan?
— Hech kim o'rgatmagan.
— Nega o'rgatmagan?
— Bilmadim.
— Yaxshimas, o'zining dinini bilmaslik… Bu betda Iso voqeasi yozilgan. O'z qavmining odamlari rimliklarga Isoni sotishadi, uning ustidan bo'hton uyushtirishadi. Iso kaltaklanadi, ming bir qiynoqqa solinadi. Biroq sotqinlar bu bilan ham qanoatlanmay, Ollohning elchisini xochga mixlashni talab qilib turib olishadi… Balki o'shanda Iso ularni qarg'agandir, la'natlagandir. U yog'i bizga qorong'i. Lekin dalil shuki, o'sha la'natlanganlar o'ta makkor, o'ta aqlli. Qaerdaki, boylik bo'lsa, unga ega chiqishga harakat qilishadi, buni uddalashadi ham. Ular avval ishonchiga kiradi. Buning uchun ming xil nayrangni o'ylab topadi. Keyin juda ustomonlik bilan aldab, bor-budiga ega chiqadi. Qarabsanki, qup-quruq toshloq joyda osmono'par minoralar, sayilgohlar, favvoralar paydo bo'ladi.
Sen yosh bolalarni supradagi un ustiga yalang'och o'tqazishib bigiz tiqqanlarini eshitganingni gapirding. Bu hali holva. Ular shunday xunrezliklarga qo'l urishganki, hayratdan yoqangni ushlaysan… Buni senga keyinroq gapirib beraman… Seni yerto'laga olib tushganlarida yemoqchi bo'lishmagan. O'pka, jigaringni, yuragingni sotishni mo'ljallashgan. Dunyoda shunday boy odamlar borki, bitta yurakni sotib olish uchun million-million dollarni ayamaydi. Aslidayam, ayab nima qiladi? Agar yuragi ishdan chiqib, yashashdan mahrum bo'lib qolsa, pullarining kimga keragi bor? Endi yer ostida qilgan ishing xususida: ularning niyati, albatta, sening a'zolaringni sotish bo'lmagan. Kimyoviy yo'l bilan olmos yasash mumkin. Lekin buning uchun ham maxsus tosh kerak. Xullas, seni ishlatishgan, xolos. Keyin muruvvat ko'rsatishgan…
— Siz bularning barini qaerdan bilasiz? — deya oqsoqolning gapini bo'ldim.
U jilmaydi va kitoblarni ko'rsatdi:
— Bu yer — xazina. Har bitta kitobni kamida o'n martadan o'qib chiqqanman.
— Qanday qilib?
— Yettita tilni bilaman. Shuning uchun ham sen bilan bemalol gaplashib turibman.
— Til bilgan bilan… buncha kitobni o'qib chiqish uchun ozmuncha vaqt kerakmi?
— Nima, seningcha, bir yuz o'ttiz ikki yil kam vaqtmi?
— Ni-ma? — dedim men hayratlanib, — bir yuz o'ttiz ikki?!
— Ha, men shu yoshdaman, — dedi oqsoqol jiddiy tortib. — Suhbatimizni shu yerda tugatamiz. Senga ko'p hayajonlanish mumkin emas, kasaling og'irroq.
Men karaxt edim. Quloqlarimga ishongim kelmasdi. Odamzod qanday qilib bir yuz o'ttiz ikki yil yashashi mumkin? Aqlga sig'maydi. Balki oroldagi haligi chollarning yoshlari ham yuzdan oshib ketgandir. Qaerga kelib qoldim o'zi? Tanimda yettita kasallik borligini bu chol qayoqdan bila qoldi? Do'xtir emas-ku… Balki yoshligida tabiblik bilan shug'ullangandir. Mayli, bunisigayam ishonsa bo'ladi. Lekin soxta olmos yasash, qaysi qavmning qandayligi to'g'risidagi gaplari zo'r-ku!.. Miyamda ming bir savol tug'ilgan, biroq ularning hech biriga javob topolmasdim. Chol meni uxlashing kerak, deb yotqizib qo'ydi. Ko'zimga uyqu kelmaydi. Yuragim bezovta.
— Manavini ich, — dedi bir mahal oqsoqol men yotgan xonaga kirib.
Indamay uning aytganini qildim — piyoladagi suyuqlikni ichib bo'liboq uxlab qoldim.
Nuriddin ISMOILOV
(Asarning keyingi qismlarini yaqin soatlarda o'qiysiz)
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2