Xayirli tun, Guest!
Soat: 00:00
telegram
Library | Hikoyalar | AROSAT… (O'n birinchi qism)
« Avvalgi 1 2
yashayman, cho'lda dalaga chiqib javlon uraman degan mard bemalol kelib xohlagan uyga kirib olishi mumkin ekan.
Yaqin do'stim Mo'minning aytishicha, yarim tunlari dala tarafdan chiyabo'rilarning uv tortishi aniq-tiniq quloqqa chalinarkan.
— Agar o'sha bo'rilardan qo'rqmay yashayman, daladagi og'ir mehnatga chidayman desang, — dedi Mo'min. — Biring ikki bo'ladi, oshna. Sholi ekasan, paxta ishida ishlab ozmi-ko'pmi pul topasan. Buyoqda kelin ham qimirlab tursa, qora qozon qaynamay qolmaydi…
Shularni o'ylarkanman, sekin yonimda jim ketib borayotgan Sharifaga razm soldim. Uning qovoqlari uyilgan, homiladorligi sababmi, yuzlari bo'g'riqqan. Boshini eggan ko'yi sukut saqlardi.
«Ha,— o'yladim o'zimcha. —Sharifaga juda og'ir bo'ldi. Homiladorligida bu kabi dilxiraliklar, asabbuzarliklar ketma-ket keldi. Ishqilib, oxiri baxayr bo'lsin-da!.. Qiziq, hozir uyimizga kirib borsak, Sharifa nima derkin? Unga uy yoqib tusharmikan? Albatta yoqadi. Menga ma'qul keldi-ku, ungayam yoqadi-da!.. Uchta hayhotday xona, balkoni keng, deraza, eshiklari mustahkam bo'lsa. Faqat… Pechka masalasi qiyin ekan. Buniyam yo'lini toparman. Bitta pechkaning tadbirini ko'ra olmasam, nima qilib yuribman!?.»
Ko'ch-ko'ron ortilgan mashina biz yashashimiz kerak bo'lgan ko'p qavatli uy tomon burilib to'xtagach, hayajonim ortib sakrab pastga tushdim-u, Sharifaga qo'l uzatdim…
* * *
— Voy, Xudoyim, qay go'rga kep qoldik o'zi? — xotinim men uchun qadrli bo'lgan uy eshigidan o'tiboq taqqa to'xtadi. — Qodir aka, bu yer nima? Ombormi? Hali meni aldab omborxonalarga opkelib yuribsizmi?
Men qo'limdagi ko'rpa-to'shakni bir chetga irg'itdim-da, Sharifaning ko'zlariga boqdim.
— Bu nima deganing? — sovuqqonlik bilan so'z qotdim. — Xuddi hech narsani ko'rmayotgan, ilg'amayotganday gapirasan-a!.. Qanaqa ombor?
— Nima bo'lmasa? Shuni uy deb meni boshlab keldingizmi? Qarang, tashqarida bironta chiroq yo'q. Hammayoq zimiston. Kimsasiz joylar ekan.
— Nima bo'pti? Qorong'i bo'lgani sababli hech kim ko'rinmagandir. Ana, ko'rmayapsanmi, hov anavi yoqda uy chiroqlari yonib turibdi.
— Iloyo peshonam qursin! — Sharifa mening bor umidlarimni puchga chiqarib bir boylam ko'rpa ustiga o'tirib oldi-da, sannashda davom etdi. — Enamning issiq sandalida tinchgina o'tirgandim-a! Kelib-kelib shu noshud erning so'zigayam kiramanmi? Bu er qachon bir ishni uddalab qoyillatgandi. Topgan uyini qaranglar! Go'r ham bu uydan issiq bo'lsa kerak…
— Og'zingga qarab gapir! — o'shqirdim g'azab bilan. — Bu uy men uchun aziz, bildingmi?! Qachongacha enangning xonadonida qisinib yashayman? Mana, endi o'zimning beminnat uyim bor. Nasib bo'lsa, ertaga dalaga chiqib yaxobga qarashaman. Bir oy amallasam, maosh berishadi.
— Yaxobga qarashasizmi, undan nariga o'tib ketasizmi, meni qiziqtirmaydi. Bolam bunaqangi omborsifat uylarda tug'ilishini xohlamayman.
— Demak, yashamoqchi emassan, shundaymi?
Sharifa jonholatda ichiga tufladi-da, yuzini ters burdi.
— Xudo asrasin bu uyda yashashdan!
* * *
Tongga qadar mijja qoqmadim. Sharifa qur-qur o'rnidan turib, xonaning uyog'idan buyog'iga asabiy borib kelar, nuqul eshitilar-eshitilmas qarg'anardi.
U hiyla tong yorishib, allaqaerlarda xo'rozlar qichqirib, qo'y-qo'zilarning ma'rashi quloqqa chalinganda, uyqu to'la ko'zlarini ishqalay-ishqalay, o'rnidan turdi-da, kiyimlarini yig'ishtira boshladi. Ora-sirada chang bosgan deraza tokchalariga, shiftga yopishgan qalin islarga alam bilan qarab olishni ham unutmadi.
— Qaerga otlandingiz? — so'radim undan tepasiga kelib. — Hozir anavi shkafni tozalayman. Kiyimlarni o'sha yerga joylay qolamiz.
— Men uyga ketyapman, — dedi Sharifa kinoya aralash. — Shkafingizam, mana shu omboringizam o'zingizga siylov.
— Hazillashyapsizmi? O'zi kechagina ko'chib kelgan bo'lsak. Kelar-kelmasdan ketishingiz nimasi?
— Oldin meni opkelib ko'rsatish kerak edi. Menam odamman, o'zimga yarasha didim, orzu-havaslarim bor. Mana shu changalzorlarda uyimdagilarni sog'inib o'lib ketishni xohlamayman.
— Uyingiz qochib ketmagan-ku! Borgingiz kelganda, katta yo'lga chiqamiz, mingta mashina bo'lsa, o'tiramiz-u, yarim soatda qishlog'ingizga kirib boramiz.
— Boshimni qotirmang! — meni jerkib kiyimlar solingan yelim xaltani qo'liga oldi Sharifa. — Enam meni cho'lda yashasin deb tug'magan. U kishining tor qorniga siqqan, keng uyigayam sig'averaman.
— Shunaqami? — lab tishlab ortga tislandim. — Demak, boshidan yashash niyatingiz bo'lmagan ekan-da!.. Ayol agar eri bilan haqiqatan yashamoqchi bo'lsa, qiyinchiliklarga ko'z yumishi kerak emasmi?
— To'ydim! Tushunyapsizmi, to'ydim! Sizga tekkanimga yaqinda bir yil bo'ladi. Qachon yayrab kelinlik gashtini suribman-a? Shuncha umrim girdoblarda o'tdi-ku! Tag'in aqllilik qilasiz. Undan ko'ra…
— Bas qil! — beixtiyor Sharifaga xezlandim. — Ovozingni chiqarma! Ketsang ketaver! Men shu yerda qolaman, tamom!
Sharifa nimadir demoqchidek birpas ikkilanib turdi-da, yig'lagancha tashqariga o'zini urdi.
(davomi bor)
Download txt | fb2
« Avvalgi 1 2