Ular xuddi oddiy sevishganlarga o'xshashardi. Shohruh mashinani boshqarib ketar, Yulduz esa uning yelkasiga boshini qo'yib olgandi. Suhbatlari ham faqat sevgi haqida edi. U yog'i bo'lsa, nechta farzand ko'rishadi, ularni qanday tarbiyalashadi va hokazo.
Ish to'g'risida so'z ochilmadi. Chunki Shohruh shuni istadi. Bo'lmasa, Yulduz qaerga borishlarini, qanaqa uy tanlashlarini so'ragan edi. “Borgandan keyin ko'ramiz. Ungacha shu padar la'nati bosh og'riqlar to'g'risida gaplashmaylik”, deya javob qildi Shohruh. Va ayni paytda yelkasiga bosh qo'ygan sohibjamolning muhabbatga limmo-lim so'zlarini eshitsa-da, uning Bek bilan bitta xonada o'tirgani sira xayolidan ketmayotgan edi.
Nihoyat shahar boshlandi. Shohruh tez-tez yo'l chetiga nigoh tashlab qo'yaverdi.
— Biron nima axtarayapsizmi? — so'radi undan Yulduz.
— Gazeta sotadigan do'kon qidiryapman. Uyni e'lonlardan qidirib ko'ramiz. Shunda ishimiz oson bitadi, — javob berdi Shohruh.
Ijaraga uy tez topildi. Yevropacha ta'mirlangan, barcha jihozlarga ega bo'lgan to'rt xonali uy Yulduzga darrov yoqdi. Faqat narxi biroz qimmat edi. Oyiga besh yuz dollar. Albatta, avvalgi holatlari bo'lganida, ular yana boshqa kvartira qidirgan bo'lishardi. Endi esa bemalol qurblari yetadi.
Oldindan pul to'langach, ijarachi kalitni Shohruhning qo'liga tutqazdi. Yulduz yigitlarni chaqirish uchun raqam terayotganida Shohruh uning yoniga kelib:
— Navbatma-navbat qorovullik qilishsin. Ertaga o'zimiz borib olib kelamiz, — dedi.
Uning gapini boshi bilan tasdiqlagan qiz go'shakni ko'targan yigitga hamma narsani tushuntirdi.
Ko'p o'tmay qorong'i tushdi. Shuncha kundan beri tinchlik nimaligini bilmagan Shohruh cho'milib chiqib, yeguliklar uchun do'konga borib keldi. So'ng televizor qarshisiga mixlandi. Yulduz ovqat tayyorladi.
Stol usti mo''jazgina bezaldi. Yulduz yosh kelinlar kabi sevgilisini o'zi ovqatlantirmoqchi edi. Lekin Shohruhning o'zi ishtaha bilan tamaddi qilishga tushib ketdi.
— Hay-hay, mengayam qolsin, — hazillashdi Yulduz.
— Qolmasa kerag-ov! Chunki bunaqangi shirin ovqatni yolg'iz o'zim yeyishni yaxshi ko'raman-da. Ayniqsa, mana shunday dimlama jonu dilim, — dedi Shohruh unga jilmayib qo'yarkan.
Vaholanki, u Yulduzga qaramaslik uchun shunday qilayotgandi. Chunki qancha urinmasin, Bekning basharasini ko'z oldidan ketkazolmayotgandi. Buning ustiga, Oksana ikkovining sarguzashti ham hali-hanuz o'zini eslatib turardi. Aslida ana shu sabab Shohruh Yulduz to'g'risida boshqacha xayolga borayotgandi.
— Endi o'zingizdan ko'ring, — deb Yulduz yigit tomondagi kartoshkalarni qoshig'i bilan ola boshladi.
Hazil-huzul, qizg'anishlar bilan kechki ovqat nihoyalandi.
Oldinda butun boshli tun turardi. Shohruh ichki tuyg'usi orqali nimalar sodir bo'lishini tuyar, ayni paytda uni istar, ham qo'rqardi. Bunga esa sabab axtarib topolmasdi. Ko'nglida ishq olovi bor edi. U o'chmaydigan bo'lib, manguga yongan. Biroq uning gurkirab ketishini hozirdan istamayotganday edi. Albatta, bunga Oksana bilan bo'lgan lahzalar ham ma'lum ma'noda ta'sir qilayotgandi. U hozir tez-tez Oksananing qarashlari, erkalanishlarini eslar, bunga o'z-o'zidan Bekning Yulduzning yonida o'tirgani qo'shilib ketaverardi.
Shohruh ana shunday kayfiyatda turganda, televizorda oshiq-ma'shuqlarning ishqiy sarguzashtlarini ko'rsatib qolishdi. Bunga qizning ham, yigitning ham nigohi tushdi. So'ng ular bir-birlariga qarashdi. Yulduzning yuziga qizillik yugurdi. U sekin stol ustida turgan choynakni olib oshxona tarafga ketdi.
Bir muddatdan keyin oshxona tomondan jo'mrakning ochilgani va suvning shildiragani eshitildi. Shohruh quloq tutdi. U qiz tezroq idishlarni yuvib bo'lishini kutayotgandi. Negadir suv oqishida o'zgarish sezilavermadi. O'rnidan turgan Shohruh oshxonaga bordi.
Yulduzning qo'lida likopcha. U suvga termilgancha o'y surmoqda edi.
Shohruh uning yelkasiga qo'lini qo'ydi. Qiz shu zahoti unga o'girildi. Nigohlar to'qnashdi. So'ng lablar bir-biriga jipslashdi.
* * *
— Nima deding? — dedi titrab ketgan Xonzoda o'g'liga nafrat bilan qararkan. — Kim maraz?!
Jahongir unga beparvo qarab turdi-da, burnini jiyirdi. So'ng qo'lidagi shishadan yana bir qultum aroq yutdi. Shayton suvining achchiqligi unga mutlaqo ta'sir qilmadi. U ho'l bo'lgan labini yengiga artarkan:
— Aslida, — deya ko'zini suzdi Jahongir, — bundan battariga loyiqsiz-u, oyim bo'lganingiz uchun aytmadim-da.
U g'irt mast edi. Biroq so'zlari dona-dona, gaplari ravon chiqdi.
Xonzoda tarashaday qotib qoldi. Na birorta xatti-harakatga va na biron nima demoqqa tili aylanardi uning. Go'yo eshitgani-yu, ko'rayotgani tushida kechayotganday edi. Qarashi ma'nisiz, tirik jonnikiga sirayam o'xshamasdi.
Jahongir shishasini gilam ustiga qo'ydi. So'ng o'zi ham chordana qurib o'tirdi. Undan keyin amallab cho'ntagidan bir dona sigareta olib tutatdi. Miriqib tutunni ichiga yutdi. Shungachayam Xonzoda qaqqayib turaverdi.
— Qaq…qaq… qaqqaymay, salat-palat qilib bersangiz o'lasizmi? — dedi Jahongir.
Endi g'o'ldirab qolgandi. Har-har zamon ko'zi yumilib ketayotgan edi. Lekin u endigi gapi bilan oyisini o'ziga keltirgan edi. Va shuning bilan birga gilamga ag'anab xurrak ota boshlagan, qo'lidagi sigareta esa gilamni kuydirayotgandi.
Xonzodaning joni halqumiga keldi.
— Yaramas! Eshak, it, hayvon! — deya chinqirdi u va o'g'lining qo'lidagi sigaretasini olib tashqariga uloqtirib yubordi. Keyin esa ayamasdan tepkilashga tushib ketdi. Lekin uning tepkilari Jahongirga zig'ircha bo'lsin ta'sir qilmadi. Goh u tomoniga, goh bu tomoniga ag'darilar, lekin ko'zini ochay demasdi. Ammo qo'lidagi shishani qo'yib yubormas, aroq esa qulqullab to'kilmoqda edi.
Xonzoda shishani devorga urib, chil-chil sindirdi, so'ng ko'ziga ko'ringan boshqa buyumlarni ham uloqtira boshladi. Ularning orasida, albatta, o'zining sumkasi ham bo'lib, ichidagi barcha narsasi sochilib ketdi. Ayol bular bilan ham qanoatlanmadi. Natijada oshxonadagi, mehmonxonadagi idishlar ham turli tomonga uloqtirildi. Shisha, chinni idishlar bo'laklarga bo'linib ketdi. Undan so'ng navbat pardalarga yetdi. Yo'q, bular ham uning jazavasini bosolmadi. “Hozir! Hozir!” — dedi u baqirib va yugurgancha yerto'laga tushdi-da, idishdagi benzinni olib chiqib, avval o'g'lining ustidan sepdi. “Ana! — dedi u g'olibona qichqirib. — To'rt soatda qiynalib tuqqan bo'lsam, endi bir minutda yo'q qilib yuboraman! Sen nima deb o'ylovding? Qo'lidan hech narsa kelmaydi, deganmiding?! Kelganini ko'rib qo'y! Keyin bilasan kimning yaramas ekanligini!!!”
Birinchi qavatdagi hamma xonalarga shoshgancha benzin sepib chiqqan ayol oshxonaga kirib qo'liga gugurt oldi. Uni aynan o'g'lining tepasida yoqishni niyat qilib yugurib chiqayotganida, qandaydir erkak kishiga urilib ketdi.
— Qoch yo'limdan! — deya chinqirib, xalaqit berayotgan odamni surib tashlamoqchi bo'ldi-yu, biroq kuchi yetmadi. — G'ajib tashlayman! — deb yelkalaridan mahkam ushlab turgan kishining baquvvat qo'llarini tishlamoqchi bo'ldi. Ammo shu payt yuziga qattiq tarsaki tushib, orqaga tisarildi va unga kim qo'l ko'targanini bilish uchun ro'parasiga qaradi.